Navoiy — Uchquduq avtomagistrali

(Navoiy-uchquduq avtomagistralidan yoʻnaltirildi)

Navoiy-uchquduq avtomagistrali — Oʻzbekiston Respublikasidagi xalqaro ahamiyatli yoʻl. 1968—1975-yillarda qurilgan. Zarafshon vohasida qishloq xoʻjaligi (asosan, chorvachilik, qorakoʻlchilik) va sanoatni rivojlantirish — uzoq yaylovlarga yem-xashak tashish, qazilma boyliklarga boy boʻlgan konlardan qazib olinayotgan xom ashyoni Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qayta ishlash uchun toʻxtovsiz tashib keltirish va boshqa maqsadlarda bunyod etilgan. Yoʻl Navoiy va Buxoro viloyatlari hududidan oʻtgan boʻlib, Uchquduq va Zarafshon shaharlarini Navoiy, Buxoro, Samarqand, Toshkent va boshqa shaharlar bilan uzviy bogʻlaydi.

Yevropa—Osiyo transkontinental avtomagistrali qurilishi bilan istiqbolda yoʻlning Uchquduqdan Qozogʻiston chegarasidagi Koʻkayozgacha boʻlgan 190 km uzunlikdagi qismi taʼmirlanib, qayta quriladi va Koʻkayozdan Qiziloʻrda shahrigacha boʻlgan avtomobil yoʻli qurilishi tugallangach, yoʻl Qiziloʻrda shahrida Chimkent — Samara avtomagistraliga koʻshiladi.

Yoʻlning umumiy uzunligi 291 km. Shundan 111 km asfaltbeton, 180 km qora qoplamali. Yoʻldagi transport harakatining qatnov jadalligi Navoiyda sutkasiga 6530, Zarafshonda 2627, Uchquduqda 485 avtomobilga teng (2003).

Tohirjon Mirzayev.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil