Norintov — Ichki Tyanshandagi togʻ tizmasi. Qirgʻizistonda, Otboshi daryo vodiysi bilan Norin daryosi vodiysi orasida kenglik boʻyicha 145 km ga choʻzilgan. U gʻarbda Otboshi daryosi orqali Qoratov va Boybichatovdan, sharqda Jaldjar (Otboshining irmogʻi) daryosi orqali Barkoldoy togʻidan ajralib turadi. N.ning janubida Otboshi, shimolida Nura va Jetimtov joylashgan. N. baland togʻ hisoblanib ayrim choʻqqilari 4500 m dan ziyod. Tizmaning oʻq qismi ohaktosh va metamorfik slanets, granitlardan tashkil topganligi tu-fayli qoyali, qirrali boʻlib, kichik muzliklar va doimiy qorlar bilan qoplangan. Qishi sovuq, davomli, yozi sal-qin va qisqa. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi — 18, —20°, iyulniki quyi qismida 15—17°, eng baland qismida 0° atrofida. Yillik yogʻin 200–400 mm. Shimoliy yon bagʻri Norin vodiysiga tik tushgan. Janubiy yon bagʻri qiya, jarlar bilan oʻyilgan. Asosan, togʻ-oʻtloq, togʻ-dasht land-shafti mavjud boʻlib, baʼzi nam koʻproq boʻlgan qismlarida tyanshan qoraqaragʻayi oʻsadi. Tik yon bagʻirlari qoya va qurum toshlardan iborat.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil