Oʻzbek xalq ijodi

oʻzbek xalq badiiy ijodi namunalaridan tuzilgan koʻp jildli nashr turkumi (1964—1990)

Oʻzbek xalq ijodi — oʻzbek xalq badiiy ijodi namunalaridan tuzilgan koʻp jildli nashr turkumi (1964—1990). Turkumning asoschisi Hodi Zarifovdir. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutining Folklor boʻlimi tomonidan shu institut folklor arxivi materiallari asosida nashrga tayyorlangan. Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida 37 jildi chop etilgan.

„Intizor. Nurali“ (1964), „Murodxon“, „Gulixiromon“, „Dastagul“ (1965), „Goʻroʻgʻlining tugʻilishi“, „Gulnor pari“ (1967), „Gulshanbogʻ“ (1969), „Ergash Jumanbulbul oʻgʻli“ (1971—72), „Tohir va Zuhra“ (1971), „Orzigul“ (1975), „Hasanxon“ (1976), „Alpomish“ (1979), „Xoldorxon“ (1981), „Oysuluv“ (1984), „Balogardon“, „Bahrom va Gulandom“ (1986), „Erali va Sherali“, „Yusuf va Ahmad“ (1987), „Malika ayyor“ (1988), „Nurali“ (1989) kabi jildlarda 65 ta xalq dostoni nashr etilgan boʻlsa, „Suv qizi“, „Oltin olma“ (1966), „Oyjamol“ (1969), „Gulpari“ (1967), „Kulsa – gul, yigʻlasa – dur“ (1983), „Oltin beshik“ (1984), „Zumrad va Qimmat“ (1988), „Luqmoni hakim“ (1990) singari jildlar 400 ga yaqin xalq ertaklarini oʻz ichiga olgan.

„Latifalar“ (1965, 1967, 1969), „Askiya“ (1970), „Topishmoqlar“ (1981), „Oʻzbek xalq maqollari“ (1989) kabilar shu janrlar materiallaridan tuzilgan. „Gulyor“ (1967), „Oq olma, qizil olma“ (1972), „Sovet davri qoʻshiqlari“ (1983), „Boychechak“ (1984) kabi jildlar xalq qoʻshiqlaridan tashkil topgan.

Koʻp jildlik qatʼiy ilmiy tamoyillar asosida nashrga tayyorlangan boʻlib, unga kiritilgan folklor asarlari bevosita xalq ijodkorlari ogʻzidan yozib olingan. Nashr ilmiy-ommabop xarakterga ega. U keng kitobxonlar ommasiga moʻljallangan. Har bir jildning adadi 60 ming. Rus tilida ushbu nashrdan saylab olingan namunalar asosida „Uzbekskoye narodnoye tvorchestvo“ turkumida 10 ga yaqin kitob chop etilgan.