Bosh menuni ochish

Oʻzbekiston — Ozarbayjon munosabatlari

Azerbaijan Uzbekistan Locator (cropped).png

Oʻzbekiston — Ozarbayjon munosabatlariOʻzbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi oʻrtasidagi davlatlararo munosabatlar asosini uzoq oʻtmishga borib taqaladigan mustahkam doʻstlik rishtalari va qardoshlik, madaniyatlar, tillar hamda anʼanalar mushtarakligi, qadim davrlardan buyon ikki mamlakat xalqlarini bogʻlab kelayotgan maʼnaviy va insonparvarlik qadriyatlarining umumiyligi tashkil etadi.Avvalboshdanoq teng huquqlilik va konstruktivlik tamoyillari asosidagi hamda milliy manfaatlar va ustuvorliklar hisobga olingan holda qurilgan Oʻzbekiston — Ozarbayjon munosabatlari har ikki davlat mustaqillikni qoʻlga kiritganidan soʻng sifat jihatdan yuqori darajaga koʻtarildi va ular yanada oʻsuvchanlikni kasb etgani holda, yangi mazmun bilan boyidi. Toshkentda ham, Bokuda ham oʻzaro ishonch, bir-birini toʻgʻri tushunish hamda bir-birlarining manfaatlariga hurmat bilan qarash tamoyillari asosidagi munosabatlar yuqori baholanadi va qadrlanadi.

Bugungi kunda Oʻzbekiston va Ozarbayjon yuqori samara beradigan koʻp qirrali hamkorlik salohiyatini hayotga tatbiq etishga intilganlari holda har ikki tomon keng qamrovli sheriklikka sodiq ekanligini tasdiqlamoqda.

Ikki mamlakat etakchilari oʻrtasidagi iliq va oʻzaro ishonchga asoslangan munosabatlar azaliy doʻstlararo hamda ishonchli sheriklararo ochiq muloqotning rivojlanishiga koʻmak berayotgan ijobiy omil boʻlmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2008 yil sentyabr oyida Ozarbayjonga buyurgan rasmiy tashrifi buning yorqin misoli boʻldi. Chunki mazkur tashrif ikki tomonlama hamkorlikning yangi bosqichini boshlab bergan edi.

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Alievning 2010 yil sentyabrida Oʻzbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi esa ilgari erishilgan kelishuvlarning mantiqiy davomi sifatida xizmat qilgani holda ularning hayotga tatbiq etilishi jarayonini jadallashtirdi. Ushbu tashriflar doirasida imzolangan davlatlararo va idoralararo hujjatlar majmui oʻzaro hamkorlikni kengaytirish uchun poydevorni mustahkamlab, istiqboldagi aloqalarning yangi yoʻnalishini belgilab berdi. Shu oʻrinda bugungi kunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi oʻrtasida ikki tomonlama munosabatlarning barcha qirralarini tartibga soluvchi 110 ta meʼyoriy-huquqiy hujjat imzolanganini qayd etish joizdir.

Oʻzbekiston Ozarbayjonga zamonaviy dunyoning strategik jihatdan muhim boʻlgan mintaqasidagi juda muhim sherik sifatida qaraydiki, uning geosiyosiy va geoiqtisodiy ahamiyati tobora oʻsib borayotir. Oʻzbekiston — Ozarbayjon munosabatlari katta istiqbolga ega ekanligini hamda Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyo mintaqalarida uzoq muddatli barqarorlik hamda mustahkam taraqqiyotning qoʻllab-quvvatlanishida alohida ahamiyat kasb etishini vaqtning oʻzi koʻrsatdi.

Oʻzbekiston va Ozarbayjon mintaqaviy va xalqaro siyosatning koʻpgina dolzarb masalalari yuzasidan oʻxshash nuqtai nazarga egadir. Sheriklik munosabatlarini davom ettirishga boʻlgan ikki tomonlama intilish koʻp tomonlama tuzilmalar doirasida nuqtai nazarlarni oʻzaro qoʻllab-quvvatlash masalalariga qatʼiy yondashuvlarda namoyon boʻlmoqda. Shu munosabat bilan Togʻli Qorabogʻ muammosining hal etilishi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining nuqtai nazari qatʼiy va oʻzgarmasdir. Oʻzbekiston izchil ravishda Togʻli Qorabogʻ nizosining tinch, siyosiy yoʻl bilan hal etilishi tarafdori boʻlib kelgan va shunday boʻlib kelmoqdaki, bunda Ozarbayjon hududiy yaxlitligi va suverenitetining taʼminlanishi mojaro hal etilishining asosiy sharti boʻlishi kerak, deb hisoblaydi.

Shu maʼnoda, afgʻon muammosini bartaraf etish boʻyicha muhim mexanizm sifatida 6+3 muloqot guruhini yaratish, Markaziy Osiyoda suv-energetika masalalarining umumeʼtirof etilgan xalqaro huquqlardan kelib chiqqan hamda mintaqadagi barcha davlatlar manfaatlari hisobga olingan holda hal etilishi singari muhim mintaqaviy muammolar yuzasidan Oʻzbekistonning tashabbuslari va nuqtai nazarlari Ozarbayjon tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotganini Oʻzbekiston qadrlaydi.

Turli darajalardagi tashriflar oʻzaro hamkorlikning mustahkamlanishiga xizmat qilayotir. Jumladan, rivojlanib borayotgan parlamentlararo aloqalar doirasida ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari delegatsiyalarining oʻndan ortiq uchrashuvlari boʻlib oʻtdi va ular davlatlararo hamkorlikning rivojlanishiga koʻmaklashdi. Shu oʻrinda Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisida tashkil etilgan „Ozarbayjon — Oʻzbekiston“ parlamentlararo ishchi guruhining faoliyatini alohida qayd etish joiz.

Ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlaridan biri savdo-iqtisodiy munosabatlar hisoblanadi. Bunday munosabatlar erkin savdo tartiboti asosida olib borilgani holda, iqtisodiyotning turli tarmoqlari tovarlari majmuini oʻz ichiga oladi. Hozirgi paytda Oʻzbekiston Ozarbayjonga transport vositalari, rangli metallar, elektr va mexanika asbob-uskunalari, turli optik buyumlar hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini etkazib berayotgani holda, transport, sayyohlik va boshqa sohalarda xizmatlar ham koʻrsatayotir. Ozarbayjonning Oʻzbekistonga eksporti, asosan, mexanika anjomlari, dori-darmonlar, plastmassa, qandolatchilik mahsulotlari, turli-tuman organik va kimyoviy birikmalar, koʻnchilik hamda boʻyoqchilik ekstraktlaridan tashkil topgan.

Global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz sharoitida saʼy-harakatlarning qoʻshma dasturini aniqlab olish, ikki davlat korxona va kompaniyalari oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini jadallashtirish hamda chuqurlashtirish, oʻzaro tovar aylanmasining erishilgan surʼatlarini saqlab qolish va yanada oshirish masalalari nihoyatda dolzarb boʻlib qolmoqda. Mamlakatlarimiz oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni tartibga solib turuvchi mexanizm sanaladigan Oʻzbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi oʻrtasidagi hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo qoʻshma komissiyaning oʻninchi majlisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Bokuga bugun boshlanayotgan rasmiy tashrifi arafasida boʻlib oʻtdi.

Hozirgi paytda Oʻzbekistonda ozarbayjonlik sarmoyadorlar ishtirokidagi 45 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Ular iqtisodiyotning energetika, engil sanoat, mashinasozlik, metallni qayta ishlash, sugʻurta, ilm-fan va taʼlim, qurilish hamda savdo-sotiq singari tarmoqlariga ixtisoslashtirilgandir.

2010 yilning sentyabrida imzolangan 2011—2015 yillarda iqtisodiy hamkorlik toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitim iqtisodiyot sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlarni yaratdi. Transport va transport kommunikatsiyalari jabhasidagi hamkorlikni rivojlantirish hamda chuqurlashtirish, ikki mamlakatning ulkan transport salohiyatidan samarali foydalanish oʻzaro manfaatli munosabatlarning istiqbolli yoʻnalishi hisoblanadi. Shu maʼnoda, Markaziy Osiyodan Kaspiy dengizi orqali va soʻngra Kavkaz orqali Qora hamda Oʻrta Yer dengizlari bandargohlariga yuk tashish yoʻnalishlari alohida dolzarblik kasb etmoqda. Oʻzbekiston uchun Ozarbayjon poytaxtining bandargohi „Boku — Tbilisi — Kars“ yangi istiqbolli yoʻlagini rivojlantirishga hamda Janubiy va Markaziy Yevropa bozorlariga olib chiqishga, shuningdek, „Mersin“ Oʻrta Yer dengizi bandargohi va „Poti“ Qora dengiz bandargohi orqali Yaqin Sharq, Janubiy hamda Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga chiqishga imkon beradigan muhim transport nuqtasi boʻlishi mumkin.

Shu oʻrinda mamlakatlarimiz xalqlari oʻrtasidagi koʻp asrlik tarixga ega boʻlgan va oʻzaro chuqur hurmatga asoslangan madaniy-gumanitar aloqalar ham tobora rivojlanib borayotganini qayd etmaslik sira mumkin emas, albatta.

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Alievning 2004 yil mart oyida Oʻzbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi chogʻida Toshkent shahrida Ozarbayjon shoiri va mutafakkiri Nizomiy Ganjaviy haykalining ochilganini yuqoridagi fikrning yorqin misollaridan biri sifatida koʻrsatish mumkin. Prezident Islom Karimov ushbu haykalni „Qardosh Ozarbayjon xalqiga, uning koʻhna tarixi va madaniyatiga, asrlar sinovidan oʻtib kelayotgan soʻnmas ruhi, iroda va matonatiga, uning yorugʻ kelajagiga boʻlgan hurmat va ishonchimiz ramzi“, deb atagan edi. Oʻz navbatida, Ozarbayjonda ham oʻzbek xalqining boy tarixi va madaniyatiga, uning jahon tamadduni taraqqiyotiga qoʻshgan hissasiga nisbatan hurmat bilan yondashiladi. Masalan, buyuk oʻzbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiyning ijodi ushbu doʻst va qardosh mamlakatda hamisha alohida qiziqish uygʻotib kelgan. 2007 yil may oyida Ozarbayjonda Alisher Navoiy qalamiga mansub „Mezon ul-avzon“ asarining ozar tilidagi tarjimasi taqdimoti boʻlib oʻtdi, 2008 yil sentyabr oyida esa Boku shahrida buyuk oʻzbek shoiriga haykal qoʻyildi. Ozarbayjon poytaxtining markaziy koʻchalaridan biriga jahonga mashhur olim va davlat arbobi Mirzo Ulugʻbek nomi berildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali marosim Oʻzbekiston Prezidenti Islom Karimovning Ozarbayjonga rasmiy tashrifi chogʻida boʻlib oʻtdi. „Toʻrt yil avval Toshkentda Nizomiy haykali ochilgan edi, — degan edi mazkur marosimda davlatimiz rahbari. — Endilikda Bokuda Navoiy haykali qad rostladi. Xalqlarimiz Navoiy va Nizomiyni birdek hurmat bilan mutolaa qilib, ularning ijodidan ilhomlanib yashaydi, bir-birini tarjimonsiz tushunadi. Bu bizning katta boyligimizdir. Oʻzbekiston koʻplab davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻygan, lekin Ozarbayjon bilan munosabatlar mana shunday maʼnaviy yaqinlik tufayli alohida ajralib turadi“.

Oʻz navbatida, Prezident Ilhom Aliev Ozarbayjon xalqi buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyni juda yaxshi bilishi va hurmat qilishini hamda uning deyarli barcha asarlari oʻz xalqi tiliga tarjima qilinganini qayd etdi.

2010 yilda Toshkent shahrida ikki tomonlama munosabatlar taraqqiyotiga bebaho hissa qoʻshgan Ozarbayjon xalqining atoqli farzandi, oʻzbek xalqining yaqin doʻsti — Geydar Aliev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazining ochilgani ikki tomonlama madaniy-gumanitar aloqalar tarixidagi yana bir muhim voqea boʻldi. Mazkur madaniyat markazi 2003 yildan buyon faoliyat yuritayotgani holda, ikki qardosh xalq munosabatlarining mustahkamlanishiga oʻz hissasini qoʻshib kelayotgan Ozarbayjon madaniyat markazlari uyushmasining tarkibiga kirdi.

Hozirgi paytda Oʻzbekistonning turli viloyatlarida 40 mingdan ortiq ozarbayjon millatiga mansub aholi istiqomat qilmoqda. Mustaqillik yillarida mamlakatimizdagi ozarbayjon millatiga mansub aholining oʻqituvchilar, quruvchi, harbiy xizmatchi, madaniyat va sanʼat ustalaridan iborat 27 nafar vakili davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi.

Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik aloqalari Oʻzbekiston va Ozarbayjon vakillarining ikki mamlakatda oʻtkazilayotgan turli madaniy festivallar, sanʼat anjumanlari va koʻrgazmalardagi faol ishtiroki bilan yanada boyimoqda. Xususan, ozarbayjonlik sanʼatkorlar Samarqandda oʻtkaziladigan „Sharq taronalari“ xalqaro musiqa festivali, „Asrlar sadosi“ va „Art Week Style.uz“ loyihalari, opera, teatr va kino sanʼati anjumanlarining doimiy va faol ishtirokchilari boʻlib, mazkur tadbirlarda ular bir necha marotaba sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritganlar.

Ilmiy-texnikaviy loyihalarni birgalikda ishlab chiqish, ikki mamlakat Fanlar akademiyalari va oliy oʻquv yurtlari oʻrtasidagi bevosita aloqalarni rivojlantirish gumanitar sohadagi ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlaridan hisoblanadi. Bu yoʻnalishdagi Oʻzbekiston — Ozarbayjon munosabatlari taʼlim sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitim asosida rivojlanib kelmoqda. 2002 yilning mart oyida imzolangan ikki mamlakat „Yoshlar tashkilotlari oʻrtasidagi kelishuv“ asosida Oʻzbekiston „Kamolot“ yoshlar ijtimoiy harakatining Markaziy Kengashi hamda Ozarbayjon Yoshlar va sport vazirligi oʻrtasida aniq maqsadga qaratilgan hamkorlik amalga oshirilmoqda, ikki mamlakat yoshlar delegatsiyalarining muntazam ravishdagi almashuvlari mavjuddir.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, komil ishonch bilan taʼkidlash mumkinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Ozarbayjon Respublikasiga rasmiy tashrifi ikki mamlakat xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlikning eng yaxshi anʼanalari ruhida konstruktiv hamda oʻzaro ishonchga asoslangan muloqotning mustahkamlanishi va kengayishi yoʻlidagi yana bir muhim qadam boʻladi.

ManbalarTahrirlash