Davlatga qarshi jinoyatlar, Oʻzbekiston Respublikasiga qarshi jinoyatlar — Oʻzbekiston Respublikasi suvereniteti, hududiy daxlsizligi, xavfsizligi, mudofaa salohiyati, Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga, iqtisodiyotiga, ijtimoiy-siyosiy barqarorligiga tajovuz qiluvchi oʻta ogʻir jinoyatlardan hisoblanadi. Bu jinoyatlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi JK maxsus qismida javobgarlik belgilangan boʻlib, ular dushman tomoniga oʻtish, josuslik, davlat sirlarini chet el davlatiga yetkazish, Oʻzbekiston Respublikasiga qarshi dushmanlik faoliyati olib borishda chet el davlatiga yordam koʻrsatish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hayoti va sogʻligʻiga, Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz etish, yaʼni Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi davlat tuzumini. Konstitutsiyaga xilof ravishda oʻzgartirishga, hokimiyatni bosib olishga, qonuniy ravishda saylab qoʻyilgan yoki tayinlangan hokimiyat vakillarini hokimiyatdan chetlatishga, Oʻzbekiston Respublikasi hududiy yaxlitligini Konstitutsiyaga xilof tarzda buzishga ochikdan-ochiq daʼvat qilish yoki bunday mazmundagi materiallarni tarqatish, qoʻporuvchilik, davlat sirlarini oshkor etish va davlat siri yoki harbiy sir hisoblangan hujjatlarni yoʻqotishga qaratilgan harakatlarda ifodalanadi.

Jinoyat qilish paytida 16 yoshga toʻlgan aqli raso shaxslar Oʻzbekiston Respublikasiga qarshi jinoyatlarning subʼyektlari boʻla oladi. Ammo davlatga xoinlik qilishning subʼyekti faqat Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi, josuslik jinoyatining subʼyekti faqat chet el fuqarosi va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, davlat sirlarini oshkor qilish va davlat siri yoki harbiy sir hisoblangan hujjatlarni yoʻqotish jinoyatlarining subʼyekti davlat siri yoki harbiy sir hisoblangan hujjatlar ishonib topshirilib qoʻyilgan shaxslar boʻladi. Qolganlarining subʼyektlari esa har qanday shaxs boʻlishi mumkin.

Adabiyot

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil