Oʻzbekistonning togʻ hayvonlari

Togʻ hayvonlari. Togʻda hayot sharoiti choʻldagiga nisbatan xilma-xil boʻlgani sababli hayvon turlari ham koʻp. Togʻ balandligiga qarab hayvonot dunyosi ham oʻzgarib boradi.

Dengiz sathidan 200–600 m balandlikda adirlardagi suv havzalari yaqinda turli xil umurtqasizlar: yalangʻoch shilliqlar, kapalak, ninachi, qitir pashshalar, uzunoyoq chivinlarni, tuproqda yomgʻir chuvalchanglarining bir necha turi, toʻgarak chuvalchanglarni, suv havzalarida buloqchilar, kunliklar lichinkalari, zuluklarning bir necha turi, baliqlar, qisqichbaqasimonlarni uchratish mumkin. Togʻ adirlari endemik va noyob turlarga ham boy. Bu yerda noyob kapalakdan maxaon, apollon, podalariy yoki katta sadafdor ahyon-ahyonda uchrab turadi. Togʻ yon bagʻirlaridagi chala choʻllarda kulrang beshiktervatar tarqalgan. Togʻ chala choʻllari mintaqasida gil tuproqli choʻlda choʻl toshbaqasi, qurbaqabosh taqir kaltakesak, yilqichi, yoʻrgʻa tuvaloq, toʻrgʻaylar, sariq yumronqoziq, qushoyoqlar, qumsichqonlar, sariq ilon, rang-barang chipor ilon, kulrang gekkon, turkiston gekkoni kabi hayvonlar, shuningdek, koʻk qargʻa, kurkinak, sariq chumchuq, toshsirchumchuq kabi qushlar uchraydi. Bu hayvonlarning koʻpchilligi barvaqt uchriydi. Bu hayvonlarning koʻpchiligi barvaqt uchriydi: yoz va qishda uyquga kiradi. Ammo qushlarning bir necha turi (koʻkqargʻa, kurkinak va sariq chumchuq) faqat iyunda joʻja ochadi. Chigirtkasimonlar ham ana shu davrda uchragani sababli qushlar bolalar uchun oziq yetarli boʻladi.

Dengiz sathidan 600–1100 m balanda joylashgan togʻ dashtlari mintaqasida sudralib yuruvchilardan turkiston agamasi, olay kaltakesagi, uzun oyoqli stsink, sariq ilon, tojikiston kaltakesagi, koʻzoynakli ilon; qushlardan-bedana, chil, kaklik, kuyka, soch; sut emizuvchilardan-boʻrsiq, sariq, sasssiqkoʻzan, koʻrsichqon, qoʻngʻir olaxurjun, oddiy dala sichqoni va boshqalar yashaydi. Togʻ dashtlarida hasharotlar dunyosi ham juda xilma-xil. Boshoqli oʻsimliklarda har xil chigirtkalar, temirchak, qandala, jizildoqlar; shiralar, oʻsimliklar gulida chanxoʻr qoʻngʻiz, qandala, pardaqanotlilar, toʻrtqanotlilar uchraydi.Togʻ dashtlarining yuqori qismida qanotsiz chigirtkalar:tuya chigirtka va konafimalar tarqalgan.

Dengiz sathidan 1200–2500 m balanda joylashgan togʻ oʻrmonlari mintaqasida sudralib yuruvchilardan turkiston agamasi, himolay agamasi, choʻl kaltakesagi, qoʻlborilon, qalqontumshuq ilon va boshqalarni uchratish mumkin. Qushlardan-vyuroklar, sariq chumchuq, dumparast, chittak, potmachumchuq, qizilishton, moyqutlar, penochka, zargʻaldoq koʻproq uchraydi. Jarqanotlar, pishchuxalar, tezoqar soylar yonida esa suvchumchuqlar uchrab qoladi, choʻqqilar va daralar tepasida yirtqich qushlardan tasqara bilan boltayutlar parvoz qilib yuradi. Bu mintaqada yashovchi qushlarning qanotlari kalta boʻlib, uzun dumi havoda uchayotganda boshqarish vazifasini oʻtaydi. Tumshugʻining shakli egilgan bigizga, boltatumshuqning tumshugʻi esa qand ushatadigan qisqichga oʻxshaydi, ikki barmogʻi oldinga, ikki barmogʻi orqaga qaragan. Shu sababli qizilishton, pishchuxa, fotmachumchuq tik daraxtlarda chaqqon oʻrmalab yuradi. Ularning dumi qattiq va egiluvchan boʻlganidan, daraxt tanasiga tayanib tura oladi. Sut emizuvchilardan toʻngʻiz koʻp, ilvirs va qoplonlar ham uchrab qoladi. Koʻhitang togʻining archazorlarida morxoʻr, Bobotogʻ pistazorlari orasida yovvoyi qoʻy — muflon, Chatqol tizmasining yon bagʻirlarida markaziy osiyo togʻ echkisini koʻrish mumkin. Keng bargli oʻrmonlarda turkiston kalamushi, oʻrmon sichqonlari; daraxtsiz togʻ yon bagʻirlarida dala sichqonlari; qoyalar nurab tushgan joylarda latcha va oq suvsarlar; yon bagʻirlarda relikt yumronqoziq, jirgʻanoq; maymunjon chakalakzorlarida suvsar; daraxtlarda esa tiyinlar; togʻ oʻrmonlarida yovvoyi quyon, tulki, boʻrsiq hayot kechiradi. Qoyalarning yoriqlariga quloqdor burmalab koʻrshapalak, ognev koʻrshapalagi, shimol koʻrshapalagi, gʻorlarda esa taqaburun koʻrshapalak uchraydi.

Togʻlarning dengiz sathidan 2700–2800 m balandlikdagi alp mintaqasi Chatqol, Koʻksuv, Piskon, Ohangaron, Sangzor daryolari hamda Qashqadaryo hamda Surxondaryoning bosh tomonlaridagi tizmalarning yuqori qismlarida kichik maydonni egallaydi. Alp mintaqasida suvda hamda quruqlikda yashovchilardan yashil qurbaqa ahyonda, sudralib yuruvchilardan — olay kaltakesagi koʻptoq, himolay agamasi va qalqontumshuq ilon kamroq uchraydi. Togʻdagi sudralib yuruvchilar tirik tugʻib koʻpayishi bilan sovuq sharoitda yashashga moslashgan. Qalqontumshuq Ilon va olay kaltakesagi tuxum qoʻyib tirik tugʻadi (yaʼni tuxum qoʻyganidan bir necha minut oʻtishi bilan bolalari chiqadi), himolay agomasi esa tuxum qoʻyadi, biroq uning ichidagi embrioni maʼlum bir shaklga kirib ulgurgan boʻladi. Qushlardan — togʻ dupeli, boltayutar, togʻ qargʻa, alp zapchasi, alp zavirushkasi, brandt vyurogi, shoxdor toʻrgʻay; sut emizuvchilardan — ayiq, yovvoyi qoʻy, markaziy osiyo echkisi va ilvirs uchraydi. Togʻlarning pastroq joylarida sugʻur, dala sichqoni va pishchuxalar koʻp. Goho oq suvsar va latcha koʻzga tashlanadi.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Oʻn ikkinchi jild. Toshkent, 2000-yil