Oligopoliya
Oligopoliya — tarmoqdagi bir necha yirik ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchining narx va ishlab chiqarish hajmini belgilashdagi hukmronlik holatidir.
Oligopoliya (oligo... va yun. poleo — sotaman) — bozorni tashkil etish shakllaridan biri hisoblanadi. Guruh monopoliyasi, ya'ni oz sonli yirik korxona (firma)larning bozorda yoki bironbir xoʻjalik soxasida hukmronligi tushuniladi.
O. uchun bozorda bir necha sotuvchining boʻlishi xos, ammo umumiy bozor sav-dosi hajmida ulardan har birining hissasi juda katta boʻlganidan, har bir sotuvchi oʻzi taklif etadigan mahsulotlar miqdorini oʻzgartirishi bilan narxlarda ham oʻzgarishlar yuz beradi.
Firmalarning uncha koʻp boʻlmasligi yashirincha kelishishlarga qulaylik tugʻdiradi. Bu esa, oʻz navbatida, ularga narxlarni belgilash, bozorni boʻlish yoki taqsimlash va boshqacha yoʻllar bilan oʻzaro raqobatni cheklashda qoʻl keladi. Yashirincha kelishishning bir qator shakllari (kartel bitimi va boshqalar) bor. Monopoliya kabi O. ham nomukammal raqobat koʻrinishi hisoblanadi.[1]
Oligopolist-ishlab chiqaruvchilarga Oʻzbekistonda sement (asosan Bekobod, Quvasoy, Ohangaron, Navoiy shaharlarida joylashgan), koʻmir (Angren shahri, Surxondaryo viloyatining Sariosiyo (Shargʻun) va Boysun (Toʻda) tumanlarida joylashgan) ishlab chiqaruvchilarni misol keltirish mumkin.
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |