Oltingugurtli oʻgʻitlar — tarkibida oltingugurti boʻlgan va oʻgʻit sifatida ishlatiladigan birikmalar. Kaliy, magniy, ammoniy sulfatlari, fosfogips va boshqa, shuningdek, qisman oltingugurti boʻlgan jinslar oltingugurtli oʻgʻitlar sifatida qoʻllanadi. Oʻsimliklar uchun qoryomgʻir, goʻng va boshqa organik oʻgʻitlar oltingugurtning yaxshi manbai hisoblanadi. Oltingugurtli oʻgʻitlar tarkibida oltingugurt kam boʻlgan shoʻrxok va boshqa yerlarda qoʻllanadi; qumoq kulrang tuproqli yerlarda koʻproq samara beradi. Tuproqqa yiliga yoʻin bilan birga gektariga 8 kg gacha oltingugurt angidridi (SO3) tushadi. Oltingugurtli oʻgʻitlar koʻpchilik qishloq xoʻjaligi ekinlariga, ayniqsa, tanasida koʻp miqdorda oltingugurt tutadigan va uni aksariyat hollarda kamida fosforga teng miqdorda oʻzlashtiradigan butguldoshlar, dukkakdoshlar, kungaboqar va kartoshka uchun foydali. Oltingugurtli oʻgʻitlar bilvosita oʻgʻit tarzida ham ijobiy taʼsir koʻrsatishi mumkin: tuproqdagi ortiqcha ishqoriylikni kamaytiradi, neytrallaydi, qiyin eruvchi fosfatlarning oʻzlashtirilishini oshiradi, Sa, K, Mg, Fe larning eruvchanligini kuchaytiradi.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil