Opistorxoz
Opistorxoz — gijja kasalliklari guruhiga mansub tabiiy oʻchoqli biogelmintoz. Surunkali kechadi va, asosan, jigar, meʼda osti bezi hamda oʻt pufagi zararlanadi. Trematodalar guruhiga mansub 2 xil opistorxlar qoʻzgʻatadi. Odam va hayvonlarda uchraydi. Mushuk, it, choʻchqa va odam parazitlarni tashuvchi manba boʻlishi mumkin. Gijja tuxumlari najas bilan tashqariga chiqib, suvga va u orqali chigʻanoqlar organizmiga tushadi. Oradan 2—10 oy oʻtgach lichinkalar paydo boʻlib, ikkinchi oraliq xoʻjayin — baliqlarga, ulardan odam yoki hayvonlar organizmiga oʻtadi va 2 yilgacha yashaydi. Parazitlar xom yoki chala tuzlangan, dudlangan baliqni isteʼmol qilganda odamga yuqadi. O.ning tabiiy oʻchoqlari Yevropa va Jan.-Sharqiy Osiyoda koʻp uchraydi. Yosh bolalarda ham, kattalarda ham kuzatiladi. Dengizchilar, baliqchilar, qishloq xoʻjaligi xodimlari koʻproq kasallanadi. Kasallikning yashirin davri 2—4 hafta. Aso-siy klinik alomatlari: bir oz isitmalash, xorgʻinlik, ich buzilishi, terida toshmalar paydo boʻlishi, kamqonlik, V12 vitamini yetishmasligi. Kasallik oxirida oʻt pufagi va oʻt yoʻllari, oʻn ikki barmoq ichak va meʼda osti bezlarining yalligʻlanish alomatlari yuzaga keladi. Diagnoz oʻn ikki barmoq ichak shirasi va najas tarkibida opistorxlarni laboratoriya usulida tekshirib topishga asoslanib qoʻyiladi.
Prazikvantel, xloksil, bitinol kabi preparatlar bilan davolanadi. Bemorlar 6 oygacha dispanser nazoratida boʻladi.[1]
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |