Oyshabibi maqbarasi - Qozogʻiston (hozirgi Taroz shahri)dagi meʼmoriy yodgorlik (11 —12-asrlar). Afsonaga koʻra, maqbara qoraxoniylar sulolasi hukmdorlaridan birining bevaqt vafot etgan sevgilisi Oyshabibi sharafiga qurilgan. Oyshabibi maqbarasi pishiq gʻishtdan murabba tarhli (7,23x7,23m). Burchaklariga ixcham va serbezakli ustunlar ishlangan. Bosh tarzi oʻyma sopol boʻlaklaridan handasiy va islimiy naqshlar va arabiy yozuvlar bilan qoplangan. Poydevori (eni 80 sm) ganch qorishmasidagi qurilish chik,indilari bilan toʻldirilgan (devor qalinligi 162 sm). Maqbaraning 2 ravogʻi turli koʻrinishda. Oyshabibi maqbarasi bizgacha ancha vayrona holda yetib kelgan. Uning tuzilishi Ismoil Somoniy va Mirsaid Bahrom maqbaralariga xosdir. Maqbara asosini badiiy bezaklar tashkil qiladi. Yulduzsimon, xochsimon va boshqa shakllardagi naqsh boʻlaklari uygʻunlashib gilam shaklida namoyon boʻlgan. Bu Oyshabibi maqbarasida nafislik, ixchamlik, jozibadorlik va milliylikni namoyon etgan. Maqbara Oʻrta Osiyo meʼmorligining noyob yodgorliklaridan biri hisoblanadi.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil