Rahim Pirmuhamedov [1896.20.12 (1897.1.1) – Toshkent – 1972.16.2] -birinchi oʻzbek kinoaktyorlaridan. Oʻzbekiston xalq artisti (1948). Moskva oʻzbek drama studiyasini tugatgan (1930). Ijodiy faoliyatini 1918-yil Karl Marks nomidagi teatr truppasida boshlagan, keyinchalik Samarqand, Namangan teatrlarida ishlagan. 1924-yil Toshkentda oʻtkazilgan „kuldiruvchilar musobaqasi“ning gʻolibi boʻlgan. 1927-yildan kinoaktyor. Pirmuhamedov epizodik rollar ustasi sifatida tanilgan. U ovozsiz kino („Masjid gumbazlari ostida“da Umarning doʻsti; „Soyabon arava“da Joʻraboy; „Ravot qashqirlari“da Akromxon, „Maxov qiz“da Saidmurod va boshqalar) davridanoq yetakchi kinoaktyorlardan boʻlgan. Bu davrda u ovozsiz kinoning eng yaxshi anʼanalarini oʻzlashtirib, oʻzining keyingi faoliyati uchun muhim zamin tayyorlagan. Birinchi oʻzbek ovozli filmi „Qasam“da Rahim militsioner obrazini yaratdi. Pirmuhamedov ijodida xalq teatri anʼanalari, zamonaviy sahna sanʼati yutuqlari va kino estetikasi madaniyatiga xos xususiyatlar uygʻunlasha borgan, u amir aygʻoqchisi („Nasriddin Buxoroda“), Abulmalik („Alisher Navoiy (film, 1947)“), Abdulxayr („Abu Ali ibn Sino“), karvonsaroy soqchisi, koʻsa („Tohir va Zuhra“; „Nasriddinning sarguzashtlari“) singari chuqur milliy, hayotiy obrazlar yaratdi. Turli xil hatti-harakatlar, oʻziga xos mimika va boshqa vositalar bilan obrazlariga satirik va yumoristik boʻyoq berib, ularni turli dramatik kulgili holatlarda namoyish etish Pirmuhamedov ijodiga xos. „Furqat“ filmidagi qotil, „Oʻtgan kunlar“dagi Qushbegi, „Mahallada duv-duv gap“dagi Arslonbek, „Sen yetim emassan“dagi chipta nazoratchisi kabi salbiy obrazlar oʻzining toʻlaqonliligi, rang-barangligi, satirik boʻyoqlarga, milliy koloritga boyligi bilan ajralib turadi. Ibrohim oshpaz („Gullar ochilganda“), Akmal qiziqchi („Natashaxonim“), Vazir („Ikki dil dostoni“) kabi rollari oʻzbek kinosi zarvaraqlaridan oʻrin oldi. „Shiddat“ filmidagi Mullaboy uning ijodidagi soʻnggi obraz boʻldi. "Buyuk xizmatlari uchun" ordeni bilan mukofotlangan (2003).[1]

Rahim Pirmuhamedov
Tavalludi 20-dekabr 1896-yil
Vafoti 16-fevral 1972-yil
Toshkent
Fuqaroligi Rossiya Imperiyasi va SSSR
Mukofotlari

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

LL.Akbarov X., Rahim Pirmuhamedov, M., 1970; Teshaba yev Dj., Raxim Pirmuhamedov, T., 1970.

Havolalar

tahrir