Poʻrsildoq yara (pemfigus) - terining rangi oʻzgarmagan holda, turli sabablarga koʻra, unga toshma toshishi bilan oʻtadigan kasalliklar guruhi. Surunkali poʻrsildoq yara, chaqaloqlar va zaxm poʻrsildoq yarasi farq qilinadi.

Surunkali poʻrsildoq yara (asl poʻrsildoq yara) teri va shilliq qavatlarga qayta-qayta pufakchalar toshib turishi bilan tavsiflanadi. Toshmalar yorilib, shu sohalar qattiq ogʻriydi. Bemor isitmalaydi, uyqusi, ishtahasi yoʻqoladi, ozib ketadi. Kasallik bir oy, baʼzan bir yil davom etadi. Koʻpincha nerv sistemasi zararlanadi, moddalar almashinuvi buziladi.

Chaqaloqlar poʻrsildoq yarasi — yiringli mikroblar qoʻzgʻatadigan oʻtkir kasallik (chaqaloqlar hayotining dastlabki kunlarida paydo boʻladi). Chaqaloqning tanasi, oyoq va qoʻllari terisida noʻxatdan tortib yongʻoqdek kattalikda pufaklar paydo boʻladi (ular yorilgan joy suv achib, bezillab turadi). Kasallik 6 — 8 kun davom etib, tuzalib ketadi. Lekin nozik chaqaloqlarda juda ogʻir kechadi. Kasal chaqaloqni sogʻlom bolalardan ajratib qoʻyib, doktor buyurgan dori-darmonlar bilan davolash kerak. Chaqaloqning ichki kiyimlari va yoʻrgagi, albatta, dazmollanadi.

Zaxm poʻrsildoq yarasida kaft yuzasi va oyoq tagida, boldir va bilakda, baʼzan badan va yuzda yalligʻlanib, sogʻlom teridan ajralib turadigan hoshiyali pufakchalar paydo boʻladi. Zaxm poʻrsildoq yarasida ichki aʼzolar ham zararlanishi mumkin. Bemor zaxmga qarshi qoʻllaniladigan qoʻtaqlik preparatlar tayinlanadi. Kortikosteroidlarga prednizalon, deksametazon, triamsinalon kiradi[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil