Poliomiyelit
Poliomiyelit (yun. polios — kulrang va myelos — orqa miya) — polioviruslar chaqiradigan oʻtkir yuqumli kasallik. Bunda markaziy nerv sistemasi zararlanadi. Falaj bilan yoki falajsiz kechadi, baʼzi hollarda oʻlimga olib keladi. Poliomiyelit qadimdan maʼlum. Asosan 3-8 yoshdagi bolalar oʻrtasida keng tarqalgan, baʼzan katta yoshdagilar orasida uchraydi.
Poliomiyelit | |
---|---|
Poliomielit asorati qolgan odam. | |
Klassifikatsiyasi va tashqi linklar | |
Ixtisos | Nevrologiya, Infeksion kasalliklar |
KXK-10 | A80, B91, P35.8 |
KXK-9 | 045, 138 |
DiseasesDB | 10209 |
MedlinePlus | 001402 |
eMedicine | ped/1843 pmr/6 |
MeSH | C02.182.600.700 |
Epidemiologiyasi
tahrirVirusni sunʼiy koʻpaytirish usulining kashf etilishi, poliomiyelitga qarshi vaksina yaratilishi va bolalarni yoppasiga emlash amalga oshirilishi tufayli kasallik tez kamaydi. Kasallikni qoʻzgʻatuvchi viruslar suvda uzoq, vaqt saqlanadi, qaynatilganda, kaliy permanganat va vodorod peroksid taʼsirida halok boʻladi. Kasallik bemor bilan yoki kasallik qoʻzgʻatuvchisini tashib yuruvchilar bilan muloqotda boʻlganda yuqadi. Virus havo-tomchi yoʻllari orqali (aksirganda, yoʻtalganda), shuningdek, ifloslangan sabzavot, meva, qaynatilmagan suv, sutni isteʼmol qilganda organizmga oʻtadi. Yoz va kuz oylarida poliomiyelit koʻproq uchraydi. Inkubation davri 7-14 kun.
Etiologiyasi
tahrirQoʻzgatuvchisi: kattaligi 30 Nanometer boʻlgan[1], kapsulasiz, RNK tutuvchi poliovirusdir. Bu virus Picornoviridae oilasiga mansub boʻlgan Enterovirusdir. Polioviruslarning uchta serotipi mavjud:
- Brunhilde
- Lansing
- Leon
Bu uchta tip oʻzidan soʻng alohida immunitet qoldiradi.
Patogenezi
tahrirVirus ogʻiz orqali ichaklarga boradi. U yerda koʻpayib lokal limfa tugunlarini zararlaydi. Limfa tugunlarida ham koʻpayib, qonga oʻtadi (viremiya). Qon aylanish yoʻli bilan orqa miyaga boradi, orqa miya kulrang moddasini zararlaydi. Orqa miya motoneyronlarini shikastlab, koʻndalang — targʻil muskullar faoliyatini chegaralaydi. Orqa miyaga esa immun himoya reaksiyasi natijasida leykositlar toʻplanib yalligʻlanishni hosil qiladi. Bu yalligʻlanish natijasida orqa miya nerv hujayralari faoliyati buziladi. Natijada falajlik yuzaga keladi.[2]
Simptomlari
tahrirXastalikning yashirin davri va ilk belgilari ham boʻlib, yashirin davri virus yuqtirilgan kundan boshlab 21 kungacha choʻzilishi mumkin[3]. Kasallik oʻtkir boshlanadi: bemorning temperaturasi 38—39° gacha koʻtariladi, yoʻtal, aksirish, tomoq ogʻrishi, qorinda ogʻriq paydo boʻlishi va ich ketishi kuzatiladi. Bu belgilar 4—5 kundan keyin oʻtib ketadi, bir haftadan soʻng temperatura yana koʻtariladi va turli muskullar, ayniqsa, oyoq va qoʻllar falaji avj oladi.
Falajsiz poliomiyelit yuqori nafas yoʻllarining oʻtkir katari sifatida (qarang Oʻtkir respirator kasalliklar) yoki meʼda-ichak faoliyatining buzilishi koʻrinishida kechadi.
Klinikasi
tahrirBemor kasalxonada davolanadi. Falaj bilan kechadigan poliomiyelitda zararlangan qoʻl va oyoqning harakatlanishi buziladi, kasal qoʻl yoki oyoq sogʻlom oyoq-qoʻlga qaraganda oʻsishdan orqada qoladi. Shu sababli kompleks davolashda massaj, davo fizkulturasi, oyoq va qoʻllar uchun maxsus ortopedik apparatlar, tana va boʻyinga korset taqish tavsiya etiladi. Keyinchalik sanatoriy-kurortda davolanish kerak. Falaj bilan kechadigan poliomiyelit uzoq va toʻgʻri davolanganda oyoq va qoʻllarning izdan chiqqan funksiyalari tiklanishi mumkin.
Profilaktikasi
tahrirPoliomiyelitning oldini olish uchun suyuq holdagi va konfet (antipoliodraje) shaklidagi tirik poliomiyelit vaksinasi bilan emlanadi.[4]
Adabiyotlar
tahrir- Чумаков М. П., Присман И. М., Зацепив Т. О., Полиомиелит — детский спинномозговой паралич, М., 1953;
- Эпидемический полиомиелит, М., 1957;
- Полиомиелит, пер. с англ., М., 1957;
- Дроздов С. Г., Полиомиелит и его профилактика в различных странах мира, М., 1967.
Manbalar
tahrir- ↑ Mastny, Lisa „Eradicating Polio: A Model for International Cooperation“ (deadlink). Worldwatch Institute (25-yanvar 1999-yil). 2006-yil 3-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2008-yil 23-avgust. (Wayback Machine saytida 2006-12-03 sanasida arxivlangan)
- ↑ Ray, Kalyan. „India wins battle against dreaded polio“. Qaraldi: 26-fevral 2012-yil.
- ↑ „Соғлиқни сақлаш вазирлиги полиомиелит касаллиги тўғрисида маълумот берди“. Bugun.uz. 2021-yil 10-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 26-mart. (Wayback Machine saytida 2021-08-10 sanasida arxivlangan)
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Havolalar
tahrirVikiomborda Poliomiyelit haqida turkum mavjud |
- О полиомиелите на infectology.ru (Wayback Machine saytida 2013-03-23 sanasida arxivlangan)
- Ротари Интернешнл
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |