Pur Siddiq ziyoratgohi (Puri Siddiq, Fur Siddiq) — Fargʻona viloyati Margʻilon shahridagi ziyoratgoh. Margʻilon shahar, Yoʻrmadoʻz MFY, Navoiy koʻchasida joylashgan[1]. XVII asr oʻrtalarida qurilgan. Buxoro xoni Subxonqulixon (1680—1702) hukmronligi davrida Pur Siddiq mozoriga vaqf yerlari ajratgan edi[2].

Pur Siddiq majmuasi

Pur Siddiq maqbarasining tashqi ko‘rinishi
Joylashuv Marg‘ilon, O‘zbekiston
Binokor Usta-Kichik
Turi Majmua
Qurila boshlagan 1864-yil
Qurilish tamomlangan 1956-yil
Xarita
Koordinatalari 40.48257506272339°0′0″N 71.74271123873068°0′0″E / 40.48258°N 71.74271°E / 40.48258; 71.74271 G OKoordinatalari: 40.48257506272339°0′0″N 71.74271123873068°0′0″E / 40.48258°N 71.74271°E / 40.48258; 71.74271 G O
Pur Siddiq majmuasi

Pur Siddiq ziyoratgohi va shu nomdagi masjid va madrasa uchun Pur Siddiq, Toʻqsoba mahallasidagi doʻkonlar, Toshloq, Oq ariq, Varzak, Zarkent, Qaqir, Boyiston qishloqlaridagi yerlar vaqf mulkiga olingan boʻlib, ulardan yer soligʻi olinmagan. Bu haqda Qoʻqon xonlari Madalixon, Xudoyorxon tomonidan Puri Siddiq ziyoratgohi mutavalliylargaga maxsus yorliqlar berilgan[3].

Vaqt oʻtishi bilan uning atrofida minora maqbarali hovli, masjid, darvozaxona va kaptarxonadan iborat boʻlgan arxitektura kompleksi barpo etilgan. Shuning uchun ham xalq orasida „Kaptarxona“, „Kaptarli mozor“ degan nomlari ham bor. Mozordagi kaptarlar muqaddas hisoblanganligi uchun ularni ushlash yoki oʻldirish gunoh sanalgan. Aytishlaricha, Pur Siddiq dushmanlaridan qochib gʻorga yashiringanida kaptarlar qanotlari bilan gʻor ogʻzini berkitib toʻsib turgan. Shundan soʻng Pur Siddiq kaptarlar bilan inoqlashib qolgan. Kaptarlar ham Pur Siddiq vafotidan soʻng u bilan birga qolish uchun mozorda yashab qolgan. Mozor shu sababdan keyinchalik Kaptarlik mozor nomini olgan.

Pir Siddiq (Kaptarxona) majmuasi maqbara, masjid, kaptarxona, minora va darvozaxonadan iborat boʻlgan. Majmuadagi kaptarxona binosi masjid binosi bilan deyarli bir vaqtda, yaʼni XIX asrning ikkinchi yarmida qurilgan.

„Pur“ soʻzi „oʻgʻil“ va „toʻla“, „koʻp“ maʼnosini bildiradi[4]. Shuning uchun mozorga dafn etilgan zot haqida turli qarashlar bor. Unga koʻra mozorga xalifa Abu Bakr Siddiq ning (572-634) nabirasi dafn etilgan va shu sababdan mozor Pur Siddiq deb atalgan.

Bundan tashqari mozorning nomini kelib chiqishi yuzasida quyidagi taxminlar ham mavjud:

  • Pur Siddiq, yaʼni Abu Bakr Siddiqning koʻp avlodlari dafn etilgan maʼnosida.
  • Pir Siddiq, yaʼni Siddiqiylardan boʻlgan ulugʻ pir, yaʼni avliyo dafn etilgan maʼnosida.

Yana bir rivoyatlarga koʻra bu ziyoratgohga halifa Abu Bakr Siddiqning avlodlaridan boʻlgan Pur Siddiq ismli avliyo va uning singlisi Poshshoxon dafn etilgan. Ikkala qabrning uzunligi 6 metr boʻlib, qabr atrofida turli echki shohlari qadab qoʻyilgan. 2006-yilning 27-28-may kunlari ziyoratgohning paydo boʻlgan davrini aniqlash maqsadida shimoliy-gʻarbiy burchagidagi yer maydonida 1,5x1,5 hajmdagi arxeologik shurf solib oʻrganilganda shurf yer sathidan 1,5 m chuqurlikka yetganda X-XII asrlardagi qoraxoniylar, hamda XV-XVI asrlaridagi temuriylar davriga mansub madaniy qatlamlar aniqlanib oʻsha davrga oid sopol parchalari namunalari topildi. Bu sopol parchalari ichida qoraxoniylar davriga mansub murgʻoba parchalari hamda temuriylar davriga mansub zangorisimon sirli sopol parchasi ham mavjud. Shuning uchun ham majmua Qoraxoniylar davrida qurilgan deb tilga olinadi. Majmuada Burhoniddin al-Margʻinoniyning chillaxonasi ham joylashgan. Buning sababi Burhoniddin Margʻinoniy Abu Bakr Siddiq avlodlaridan boʻlgan. Puri Siddiq mozoriga, yaʼni ajdodlari dafn etilgan mozorga ziyoratga kelib turgan. Uning aynan Puri Siddiq mozoriga boʻlgan ixlosi shu yerda keyinchalik chilla tutganligiga sabab boʻlgan.

Pur Siddiq mozoriga kelgan ziyoratchi ayollar mozor boʻsagʻasini yaxshi niyatda supurganlar. Supurish bu — talab, istagini bildirishning bir shakli hisoblangan. Jumladan, Pur Siddiq mozoriga kelgan ziyoratchi ayollar mozor atrofini supurib tozalashgandan soʻng namoz oʻqishga ijozat berilgan.

Yana qarang tahrir

Manbalar tahrir

  1. „Farg'ona viloyati“. Uzbekistantravel. Qaraldi: 1-iyun 2023-yil. [sayt ishlamaydi]
  2. Валидов А.З. „Некоторые данные по истории Ферганы XVIII столетия“. Academiaedu. Qaraldi: 1-iyun 2023-yil.
  3. Nodirbek Abdulahatov, O'ktamjon Eshonboboyev „Ko'hna Marg'ilon ziyoratgohlari“. ziyouz.com. Qaraldi: 1-iyun 2023-yil.
  4. Муминов А. К. „Kokandskaia versiia islamizatsii Turkestana“. academia.edu. Qaraldi: 1-iyun 2023-yil.