Qizlartepa (Fargʻona viloyati, Margʻilon shahri)

Qizlartepa
Mamlakat: O'zbekiston
Hudud: Margʻilon, Fargʻona
Davr: I—VI asrlar
Maqomi: Arxeologiya yodgorligi
Manzil: „Toshloqtepa“ MFY, Shohimardon koʻchasi
Tadqiqotchi: Farhod Maqsudov
Muhofazaga olindi: 2019-yil 4-oktyabr

Qizlartepa — Oʻzbekistondagi madaniy meʼros obyekti. Arxeologiya yodgorligi. Obyekt davri: I—VI asrlar. Fargʻona viloyatining Margʻilon shahrida joylashgan. Obyekt manzili: „Toshloqtepa“ MFY, Shohimardon koʻchasi. Koʻchmas mulkka boʻlgan huquq: Davlat mulki. Fargʻona viloyati madaniy meros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktyabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan — davlat muhofazasiga olingan[1][2].

Ilk Marg‘ilon shahrining xarobalari joylashgan yerning hamma joyida ilk madaniy qatlam qoldiqlari yoki uning izlari topilgan, yaʼni 20 gektardan ziyodroq maydonda miloddan avvalgi I — milodiy I asriga oid materiallar borligi kuzatilgan. Milodiy II asrdan shahar Marg‘ilonsoy sohili bo‘ylab janubiy-sharq va shimoliy-g‘arb tomonga kengaya boshlaydi. Xuddi shu davrlarda milodiy II asrining oxiri — III asrni boshlarida hozirgi Margʻilon shahrining Toshloqtepa mahallasidagi Qizlartepa yodgorligi o‘rnida shahar ibodatxonasi bunyod etiladi.

Ibodatxona shaharning chekkasida maxsus taxtasupa — „platforma“ ustiga qurilgan. Ibodatxonani qurishdan oldin, unga joy tayyorlanib, so‘ngra u yerga 0,40-0,45 m. qalinlikda toza qum supa qurilgan. Shundan keyin, supa ustiga monumental arxitekturaga ega bo‘lgan ibodatxona qurilgan. Qizlartepadan topilgan ibodatxona asosan ikki qismdan iborat bo‘lib, markazda to‘g‘ri to‘rtburchakli 6x6 metr xona, uni atrofida aylanma koridor bor. Ibodatxona devorining qalinligi 1 metr. Markaziy xonada muqaddas olov yonib turgan maxsus o‘choq joylashgan[3]. Qizlartepa arxeologik yodgorligida qazishma ishlarini arxeolog olim Farhod Maqsudov olib borgan. Qizlartepa oval shaklga ega bo‘lib, maydoni 36x60 m kv va balandligi 3,8 metrdir. Yodgorlikning g‘arbiy qismida to‘rtburchak shaklida 14x22 m kv maydonga va 3-3,5 m balandlikka ega bo‘lgan tepalik mavjud. Sharqiy tomonida esa yumaloq shaklda diametri 20 m va balandligi 2 m ga teng maydon joylashgan. Arxeologik qazishmalar natijasida bu yerda atroflarida aylanma yo‘laklari bo‘lgan va o‘rtada yirik to‘rtburchaksimon xonani tashkil qiladigan bino ochilgan[4].

Qizlartepadagi topilmalarning asosini sopol idish qoldiqlari tashkil qiladi. Hammasi bo‘lib Qizlartepada 1000 dan ortiq sopol siniqlari topilgan.

Manbalar

tahrir
  1. „Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-sonli qarori“. Lex.uz. Qaraldi: 2022-yil 21-iyul.
  2. „Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-sonli qarori“. Backend.madaniymeros.uz. 2023-yil 25-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 7-sentyabr.
  3. N.Abdulahatov, O'.Eshonboyev. Marg'ilon mahallalari tarixidan. Andijon nashriyot matbaa MChJ, 2012 — 64-bet. 
  4. Ф.А. Максудов. Некоторые вопросы семантики процарапанного орнамента на керамике Маргилана (по материалам Кызлартепа). ИМКУ — 20-21-bet.