Qon aylanishi
Qon aylanishi — yurak qisqarishi tufayli qonning qon oʻtkazish sistemasida harakatlanishi. Qon aylanishi organizm toʻqimalari bilan tashqi muhit orasidagi moddalar almashinuvi va gomeostaz turgʻunligini taʼminlaydi. Qon toʻqimaga kislorod, suv, oqsil, uglevodlar, yogʻ, mineral moddalar, vitaminlar va boshqa olib keladi va toʻqimadan karbonat angidrid hamda moddalar almashinuvida paydo boʻlgan boshqa chiqindi moddalarni olib ketadi. Termoregulyatsiya va gumoral regulyatsiyaii amalga oshiradi. Immunitetning muhim omilidir. Qon aylanishini 1628-yil ingliz shifokori U.Garvey kashf qilgan.
Koʻpchilik umurtqasiz hayvonlarda ochiq qon aylanishi doirasi mavjud (gemolimfa gavda muskullari yoki tomirlar qisqarishi tufayli harakatlanadi). Odam va ayrim yuqori darajada rivojlangan umurtqasizlarda qon aylanishi doirasi yopiq boʻladi. Suvda va quruqlikda yashovchilar, sudralib yuruvchilar, sut emizuvchilar va qushlarda qon aylanishi doirasi 2 ta. Odam shu jumladan, sut emizuvchilar va qushlarda qon aylanish sxemasi bir xil. Yurak chap qorinchasidan chiqib, toʻqimalar orqali oʻng boʻlmachaga kelgan tomirlar sistemasi katta, oʻng qorinchadan chiqib, oʻpka orqali chap boʻlmachaga kelgani kichik qon aylanish doirasini tashkil etadi. Chap boʻlmachadan qon chap qorinchaga oʻtadi va qon aylanishi davom etadi. Yurak muskullarining qisqarib boʻshashishi tufayli qon tomirlarda harakatlanadi. Yurakning bir minutda haydaydigan qon miqdori minutli hajm deyiladi. Odam tinch turganidagi minutli hajm 4-5 l ga teng, emotsional taʼsir holatida esa u 3-4 marta ortadi. Yurak qonni arteriyaga bosim bilan haydaydi. Qon quyilishi bilan arteriyalar devori kengayadi. Diastola yigʻilgan energiya arteriyalarda qon bosimini maʼlum darajada saqlab, kapillyarlarda uzluksiz qon oqimini taʼminlaydi. Organizmdagi qonning faqat 5% i kapillyarlarda boʻladi, biroq qon aylanishining asosiy funksiyasi qon bilan toʻqima orasidagi moddalar almashinuvi shu kapillyarlarda amalga oshadi. Qonning kapillyarlardagi gidrostatik bosimi sababli suyuqlik, kapillyardan toʻqimaga filtrlanadi (qon plazmasining onkotik bosimi bu jarayonga toʻsqinlik qiladi). Qon kapillyarlarda qarshilikka uchraydi, buni yengishda u energiya yoʻqotadi va qon bosimi pasayadi. Qon aylanish doirasi suvda hamda quruqlikda yashovchilardan boshlab ikki doira boʻylab aylanadi yaʼni katta va kichik qon aylanish doiralari. Kichik qon aylanish doirasiga yurakning oʻng qorinchasidan chiquvchi arteriya va oʻpkadan chiquvchi oʻpka venalari kiradi. Mazmunan kichik qon aylanish sistemasi qondagi gazlar almashinuvida ishtirok etadi. Katta qon aylanish doirasi (sistemasi) yurakning chap qorinchasidan chiquvchi aorta , arteriya, arterial kapilyar, toqimalardan boshlanuvchi venal kapilyar vena kovak venalar ularning choʻntakchasimon klapnlari kiradi. Katta qon aylanish sistemasi toʻqima va organlarga oziq moddalar va kislorodni yetkazib berish va u yerdan moddalar almashinuvidan hosil boʻlgan zararli moddalarni ayiruv organlariga yetkazib berish hamda gumaral boshqarishda ishtirok etadi.
Yana qarang
tahrir
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |