Yurak — odam va hayvonlarning qon aylanish sistemasidagi markaziy aʼzo. U doimo bir xilda qisqarib turishi tufayli, qonning qon tomirlar boʻylab uzluksiz harakatini taʼminlaydi.

Inson yuragi: 1. Oʻng boʻlmacha 2. Chap boʻlmacha 3. Yuqori kovak vena 4. Aorta 5. Oʻpka arteriyasi 6. O‘pka venalari 7. Ikki tavaqali klapan 8. Chap yarimoysimon klapan 9. Chap qorincha 10. Oʻng qorincha 11. Pastki kovak vena 12. Uch tavaqali klapan 13. O‘ng yarimoysimon klapan

Hayvonlar yuragi

tahrir

Yurak qon tomirlari sistemasi toʻla rivojlangan hayvonlarda boʻladi. Tuban darajali hayvonlardan yomgʻir chuvalchangida yurak vazifasini halqasimon tomirlar, daryo qisqichbaqasida yurak va yurak atrofidagi boʻshliq sinuslari bajaradi. Koʻpchilik mollyuskalar yuragi yaxshi rivojlangan, 2 boʻlmacha va qorinchadan iborat, u faol qisqarish xususiyatiga ega. Ularda Yurak tomon yoʻnalgan venoz qon yurak sinuslariga, soʻngra uning jabrasiga yoʻnaladi. U yerdan kislorodga boyib yurak oldi sinusiga tushadi va yurakka oʻtadi. Yurak qorinchasi qisqarishi natijasida qon hayvon tanasi boʻylab tarqaladi. Xordalilardan lansetniklarda yurak vazifasini qorin aortasi bajaradi.

Suvda va quruqlikda yashovchilarda Yurak 3 kamerali — 2 boʻlmacha va qorinchadan; sudralib yuruvchilar, qushlar va sut emizuvchilarning yuragi 4 kamerali — 2 boʻlmacha va 2 qorinchadan iborat.

Odam yuragi anatomiyasi

tahrir
 
Yurakning magnit rezonans tasviri.

Odam yuragi 4 kamerali: 2 ta boʻlmacha va 2 ta qorinchadan iborat boʻlib, konus shaklida, asosi orqaga, yuqoriga va oʻng tomonga, uchi (choʻqqisi) pastga, oldinga va chap tomonga qaragan. Yurak oldingi pastki koʻks oraligʻi sohasida joylashib, ikki yon tomondan oʻpka va plevra xaltalari oldingi toʻsh suyagi va qovurgʻa togʻayiga tegib turadi. Yurak yuqoridan va orqadan qon tomirlar bilan, pastdan diafragma bilan mustahkamlanib turadi. Yurakning holati hamma odamlarda bir xil boʻlmay, u kishining yoshi, jinsi, gavdasining holati va tuzilishiga ham bogʻliqdir. Jumladan, yangi tugʻilgan bolalarda yurak yumaloq shaklda boʻlib, diafragma gumbazi balandroq, koʻndalang va yuqoriroq joylashgan, ayrisimon bez uni toʻsh suyagidan ancha orqa tomonga surib turadi.

 
Yurak siklining animatsion tasviri.

Keyinchalik, 1-3 yoshda yurak koʻndalang vaziyatini oʻzgartiradi va katta odamlarda boʻlganidek, qiyshiq holatda joylashadi. Yurakning oʻrtacha ogʻirligi erkaklarda 300 g, ayollarda biroz kamroq (220-250 gr). Yurakning uzunligi oʻrta yoshdagi odamlarda 13-15 sm, eng keng qismi (koʻndalangiga) 9-11 sm, oldingi sathi bilan orqa sathining uzunligi 6-7 sm. Yurak tashqi yuzasining oʻtkir (oʻng) va oʻtmas (chap) chekkalari uni orqa, old tomondagi yuzalarga ajratib turadi. Har bir odam yuragining kattaligi oʻzining oʻng mushtidek keladi. Oʻrta yoshdagi odamning yuragi bir minutda oʻrta hisobda 70-75 marta, bir sutkada 100000 marta qisqara oladi. Bu esa 20 t yukni 1 m balandlikka koʻtarish kuchiga teng.

 
Enrike Simone tomonidan chizilgan rasm. „Uning yuragi bor edi“ (1890)

Yurakning ustki chegarasi III qovurgʻa togʻayining toʻsh suyagiga yopishayotgan joyidan oʻtkazilgan gorizontal chiziqqa toʻgʻri keladi.

Yurakning oʻng chegarasi toʻsh suyagining oʻng chekkasidan (oʻng III va V qovurgʻalar roʻparasida) 2-3 sm chetroqda boʻladi. Bir yoshgacha boʻlgan bolalarda Yurakning oʻng tomondagi chegarasi toʻsh suyagining oʻng chekkasidan 1,0-1,5 sm chiqib turishi mumkin. Yurakning pastki chap chegarasi V qovurgʻaning oʻrta oʻmrov chizigʻidan 1,5 sm ichkariga yurak uchiga toʻgʻri keladi.

Yurak chegarasi holati odam koʻkragining shakliga ham bogʻliq, koʻkragi keng odamlarda yurak pastroqda joylashadi. Shuning uchun bunday tana tuzilishiga ega boʻlgan odamlarda Yurak gorizontal holatda turadi. Uzunligi oʻrtacha boʻlgan koʻkrak qafasida Yurak qiyshiq turadi. Ayollar yuragi biroz kichik boʻlib, gorizontal joylashadi. Jismoniy mehnat va sport bilan shugʻullanadigan odamlarda Yurakning hajmi birmuncha katta boʻladi.

Yurak boʻlmachalari — venalar qonini qabul qiluvchi boʻshliqlar. Oʻng boʻlmacha katta qon aylanish doirasidan venoz qon olib keluvchi yuqorigi va pastki kovak venalar; chap boʻlmachaga 4 ta oʻpka venalari quyiladi. Ikkala boʻlmacha qorinchalar bilan boʻlmacha-qorincha teshiklari orqali tutashadi. Qorinchalar qisqarganda teshiklar tavaqali (qopqoqlar) klapanlar bilan berkiladi. Qorinchalarning ichki yuzasida, bir-biri bilan kesishgan muskul tolalari va qorincha boʻshligʻiga chiqib turadigan soʻrgʻichsimon muskullar bor. Bu muskullar uchidan chiqqan payli tolalar boʻlmacha-qorincha klapanlari tavaqalarining qirralariga yopishgan. Ular klapanlar tavaqalarini boʻlmachaga qarab koʻtarilishiga toʻsqinlik qiladi.

Aorta va oʻpka arteriyasi asosida yarimoysimon klapanlar joylashgan. Klapanlar shu tomirlarning yoʻnalish tomoniga ochiladigan 3 tavaqadan iborat. Yurak qisqarganda qon oʻng qorinchadan oʻpka arteriyasiga, chap qorinchadan aortaga quyiladi.

Yurakning oʻng qorinchasidan kichik qon aylanish doirasi, chap qorinchasidan katta qon aylanish doirasi boshlanadi. Yurak oʻz xaltasi — perikardga oʻralgan, devori 3 qavat: ichki endokard, oʻrta miokard va tashqi epikarddan iborat. Epikard va perikard oʻrtasidagi tor boʻshliqda boʻladigan suyuqlik yurak ishlayotganda yurak devorlarining ishqalanishini kamaytiradi. Yurakning muskul qavati — miokard, boʻlmachalarida 2, qorinchalarida 3 qavat boʻlib, ixtiyorimizga boʻysunmay qisqaruvchi maxsus koʻndalang targʻil muskultolalaridan tarkib topgan, bu xususiyat uni skelet muskullaridan ajratib turadi. Yurakning boʻlmacha va qorincha muskul tolalari 2 ta (oʻng boʻlmacha va qorincha, chap boʻlmacha va qorincha orasidagi teshikni oʻrovchi) fibroz tola halqasidan boshlanadi. Lekin, boʻlmacha muskullari qorincha muskullari bilan tutashmagan va alohida qisqaradi. Boʻlmacha muskullari ichdan boʻylama, sirtdan koʻndalang, qorinchalarda esa ichkaridan va tashqaridan boʻylama, oʻrtadan koʻndalang joylashgan. Ichki va tashqi boʻylama muskullar yurak choʻqqisida tutashadi, oʻrta koʻndalang muskullar tutashmaydi. Qorinchalararo toʻsiq, asosan, muskul toʻqimasi va uni qoplab turgan endokard qavatidan tuzilgan.

Odam yuragi fiziologiyasi

tahrir

Yurak faoliyati miokardning ritmik qisqarishiga asoslangan. Yurak qisqarishi sistola, boʻshashishi diastola deyiladi. Yurak avtomatik tarzda qisqaradi. Miokardning qisqarishini taʼminlaydigan impulslar yurakning oʻtkazuvchi sistemasida hosil boʻladi. Sinus tugunida normada minutiga 60-80 marta hosil boʻladigan bu impulslar avval boʻlmacha miokardiga tarqalib, undan boʻlmacha-qorincha tuguni hamda Gis tutami va Purkine tolalari orqali qorinchalar miokardiga oʻtadi va ular qisqarishiga sabab boʻladi. Qorinchalarga oʻtish vaqtida impulslarning tezligi pasayadi. Shu sababli qorinchalarnikiga nisbatan boʻlmachalar qisqarishi tezroq tugallanadi. Yurakning qisqarish va boʻshashish davri yurak siklini tashkil etadi. Bu sikl boʻlmachalar sistolasi (0,1 sek), qorinchalar sistolasi (0,33-0,35 sek), diastola (qorinchalar va boʻlmachalar birgalikda boʻshashish fazasi) hamda pauza (0,4 sek) dan iborat.

Boʻlmachalar qisqarganda ulardagi qon bosimi (oʻng boʻlmachada simob ustuni hisobida 1-2 mm dan 6-9 mm gacha, chap boʻlmachada 8-9 mm gacha) koʻtariladi. Natijada qon klapanlar orqali qorinchaga oʻtadi.

Boʻlmachalar qisqarganda qorinchalarga qonning faqat 30% i chiqib, 70% i umum pauza vaqtida bemalol oqib keladi. Qorinchalar sistolasi ham fazalarga boʻlinadi. Qorinchalar bosimi oshganda boʻlmacha-qorincha klapanlari yopiladi, lekin yarimoysimon klapanlari ochilmaydi. Bunda (izometrik qisqarish fazasi) qorinchalarning barcha muskul tolalari qisqarib, tarangligi tobora kuchayadi. Natijada, qorinchalar bosimi aorta va oʻpka poyasidagi bosimdan ham oshgach, yarimoysimon klapanlar ochiladi; qon qorinchalardan tomirlarga otilib chiqadi; qonni haydash fazasi shu tariqa boshlanadi.

Odamda qonni tomir sistemasiga haydash Yurak chap boʻlmasi simob ustuni hisobida 65-75 mm, oʻng boʻlmasiniki 5-12 mm ga yetganda sodir boʻladi. 0,10-0,12 sek ichida yurak qorinchalari bosimi keskin [chap qorinchada simob ustuni hisobida 110-130 mm, oʻng qorinchada 25-35 mm ga (qonni tez haydash fazasi) ortishi kuzatiladi. Qorinchalar qisqarishi (0,10-0,15 sek) qonni sekin haydash fazasi bilan tugallanadi. Keyin qorinchalar boʻshasha boshlaydi, ularning bosimi tez pasayadi, yirik tomirlar bosimi koʻtarilib, yarimoysimon klapanlar yopiladi. Qorinchalardagi bosim 0 darajaga tushganda tavaqali klapanlar ochilib, qon boʻlmachalardan qorinchalarga tusha boshlaydi. Bu faza tez (0,08 sek) va sekin (0,07 sek) toʻlish fazasiga boʻlinadi. Qorinchalar diastolasi ularga qon toʻlishi bosqichi bilan tugaydi. Yurak faoliyati sikli fazalarining davomiyligi oʻzgaruvchan, yurak ritmi chastotasiga bogʻliq. Shuning uchun, yurak faoliyati sikli fazalarini tekshirish yurak muskullari faoliyati holatini aniqlashning muhim usuli hisoblanadi. Yurakdan bir minut davomida haydalgan qon miqdori yurakning minutlik hajmi (MH) hisoblanadi. Ikkala qorinchadan chiqqan qon miqdori baravardir. Odamning tinch holatida yurakning minutlik hajmi oʻrta hisobda 4,5-5 l, Yurakning bir qisqarishida haydalgan qon miqdori — sistolik hajmi oʻrta hisobda 65-70 ml ga teng.

Yurakning qisqarish kuchi va chastotasi organizm toʻqima va aʼzolarining kislorod va oziq moddalarga boʻlgan ehtiyojiga mos holda oʻzgarib turadi. Yurak qisqarishini taʼminlaydigan impulslar yurakning oʻzida hosil boʻlsa ham, uning faoliyatini nerv sistemasi tomonidan boshqariladi. Adashgan nervlar yurak qisqarish kuchini susaytirib, maromini sekinlashtiradi, simpatik nervlar, aksincha kuchaytiradi. Yurak muskullari oʻzini oʻzi boshqarish xususiyatiga ham ega: masalan, yurakka qancha qon koʻp kelsa, u shuncha ortiq kuch bilan qisqaradi. Yurak muskullarining qancha kuch bilan qisqarishi uning choʻzilishi, yaʼni muskul tolalarining dastlabki (qisqarishidan avvalgi) uzunligiga bogʻliq. Muskul tolasi qancha tez choʻzilsa, shuncha kuchli qisqaradi. Bu yurak qonuni deb ataladi.

Yurak kasalliklari

tahrir

Manbalar

tahrir
  • Hamidov J. H., Oqilov A. T., Saidov T. M., Umumiy biologiyadan amaliy mashgʻulotlar, 1970;
  • Ahmedov N. K., Atlas. Odam anatomiyasi [2j.li], 2j. 2005.

Havolalar

tahrir