Qora sirtHisor tizmasining janubi-gʻarbiy tarmoqlaridan biri. Qashqadaryo viloyatida. Shimolida Katta Oʻradaryo, janubida Kichik Oʻradaryo (Gʻuzordaryo irmoqlari) oraligʻida. Shimoli-sharqdan janubi-gʻarbga qariyb 40 km ga choʻzilgan. Oʻrtacha balandligi 1500–2000 m, eng baland joyi 2886 m. Suvayirgʻich qismi va yon bagʻirlarida tekis yuzalar uchraydi. Yon bagʻirlari chuqur, darasimon soy oʻzanlari bilan kesilgan. Gipsli gillar, qumtosh va ohaktoshlardan tashkil topgan joylarida karst jarayonlari va relyef shakllari (karrlar, karst voronkalari va botiqlari, gʻorlari) rivojlangan. Yozi quruq, issiq, yillik yogʻin 500–700 mm, asosan, qish va bahor fasllarida yogʻadi. Toʻq boʻz, jigarrang, qoʻngʻir togʻ-oʻrmon, togʻ oʻtloq tuproklar tarqalgan. Baland boʻyli boshoqli oʻtlar, butalar (bodom, pista, naʼmatak), archalar oʻsadi.