Qumsichqonlar - olaxurjunlar oilasiga mansub kemiruvchilar kenja oilasi. Gavdasining uz. 5 sm dan 19 sm gacha, dumi 3 sm dan 24 sm gacha. Koʻrinishi kalamushga oʻxshash, lekin dumining uchida bir tutam uzun junlari boʻlishi bilan undan farq qiladi. 80 ga yaqin turi Osiyoning choʻl va chala choʻllarida, Afrika savannalari va togʻ oldi hududlarida tarqalgan. Oʻzbekiston faunasida katta Q. va kichik Q. urugʻlariga mansub katta Q., yulgʻun Q.i, qizilqum Q.i, tushki Q. tarqalgan. Koʻpchilik turlari kechqurunlari yoki kechasi faol. Uyada yashaydi. Katta Q. Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston choʻllarida keng tarqalgan; yaylovlar, saksovul va choʻldagi butalarga katta ziyon keltiradi. Q. oʻlat, teri leyshmaniozi, kana toshmali terlamasi va boshqa kasalliklar qoʻzgʻatuvchilarini saqlovchi tabiiy manba hisoblanadi.