Ramayana“ — sanskrit tilidagi qadimgi hind eposi. Muallifi Valmiki deb taxmin qilinadi. Miloddan avvalgi 4-asrda Sharqiy Hindistonda yaratilgan, xalq ogʻzaki ijodida toʻldirilgan va qisman oʻzgarib, milodning 2-asriga kelib toʻliq shakllangan. Dostonda Quyosh sulolasiga mansub afsonaviy shoh Ramaning qahramonliklari, uning zulm va adolatsizlikka qarshi kurashi bayon etiladi. Odamxoʻr dev (rakshas)lar podshosi Raavan tomonidan Ramaning rafiqasi Sitaning oʻgʻirlab ketilishi va Sitani qutqarish uchun Ramaning Raavan bilan janglari „Ramayana“ning markaziy voqeasini tashkil etadi. Oʻrta asrlarda „Ramayana“ vishnuizmning muqaddas kitoblaridan biri boʻlgan. „Ramayana“ 7 kitobdan iborat, 1–7-kitoblari til va mazmun jihatdan boshqalaridan farq qiladi hamda bu fakt asarga keyinchalik qoʻshimchalar qilinganini tasdiqlaydi. „Ramayana“ Hindistonda „Mahabharata“ dan keyin turadigan mashhur asar. Uning syujetlari mumtoz hind adabiyotida qoʻllangan. 14–17–asrlarda qator yangi xind, dravid tillariga tarjima qilingan. „Ramayana“ning turli variantlari Tibet, Xitoy, ayniqsa, Janubi Sharqiy Osiyo mamlakatlarida asrlar davomida tasviriy sanʼat hamda xalq teatrlari uchun sevimli syujet manbai boʻlib xizmat qilgan. Dostonni Muhammad Ali Ahmedov oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Shuningdek, „Ramayana“ asosida hind kinoustalari yaratgan videofilm oʻzbek tiliga tarjima qilingan.

Adabiyot tahrir

  • Rama haqida qissa [Premchand bayonida], T., 1970; Maxabharata, Ramayana, M., 1974; Serebryakov I.D., Ocherki drevneindiyskoy literaturi, M., 1971; Ramayana. Qadimgi hind eposi, T., 1978.