Rentgenologiya (rentgen va … logiya) – tibbiyot sohasi; aʼzolar va sistemalar tuzilishi hamda funksiyalarini tekshirishda, kasalliklar rentgenodiagnostikasida rentgen nurlaridan foydalanish masalalarini oʻrganadi. Rentgen nurlari kashf etilishi bilan yuzaga kelgan. Rentgenologiya odam morfologiyasi, fiziologiyasi va patologiyasiga oid bir qancha masalalarni ishlab chiqishda, shuningdek, sogʻliqni sakdashni amaliy rivojlantirishda muhim rol oʻynadi. Rentgenologik metod kasalliklarni aniqlashda yetakchi usullardan hisoblanadi (qarang Rentgenodiagnostika). Rentgenologiyaning 20-asrning ikkinchi yarmidagi fan rivoji va texnika taraqqiyoti bilan chambarchas bogʻliq. Hozirgi rentgenologiya oldida tibbiyot sohasidagi rentgen texnikasini va kasalliklarni tekshirish metodikasini takomillashtirish, kasalliklarni rentgen nurlari bilan aniqlash nazariyasini rivojlantirish, turli organlarning rentgenogrammasi va flyuorogrammasini hosil qiladigan avtomatik qurilmalarni yaratish, angiografiya va limfografiyani rivojlantirish, elektrorentgenografiyani amalda tatbiq etish, bemorlarni rentgenologik tekshirishdan oʻtkazishda ularni rentgen nurlaridan muhofazalashni kuchaytirish kabi muqim masalalar turibdi.

Rentgenologiya bilan radiologiya tarixan oʻzaro jips bogʻlangan boʻlib, bu bogʻligʻlik, institutlar, ilmiy jamiyatlar, jurnal va boshqa (rentgenoradiologiya tarzida) nomlanishida oʻz aksini topgan. Koʻpgina mamlakatlarda rentgenologiya maʼnosini „radiologiya“ termini ishlatiladi. Rentgenologiya fani tibbiyot institularining rentgenologiya va radiologiya kafedralarida oʻqitiladi.

Oʻzbekistonda ilk bor 1921-yil Oʻrta Osiyo universiteti tibbiyot fakultetida rentgen kabineta, 1923 yildan bu kabinet negizida alohida Rentgenologiya boʻlimi tashkil etildi. Keyinchalik birinchi oʻzbek rentgenologiyalaridan Z. Egamberdiyev, S. Nosirov va boshqa shu sohada faoliyat koʻrsata boshladilar. 1958-yil Toshkentda Oʻzbekiston Rentgenologiya, radiologiya va onkologiya ilmiy tadqiqot instituta tashkil etilishi, Toshkent tibbiyot akademiyasi, SamTI, Pediatriya tibbiyot instituti, Andijon tibbiyot instituti, Respublika vrachlar malakasini oshirish institutida Rentgenologiya kafedrasi ochilishi munosabati bilan rentgenologiya fani rivojlandi. Bunda J. M. Abdurasulov, J. N. Maxsumov, Sh. Mirgʻaniyev, A. R. Mansurov, K. Otabekova kabi olimlarning xizmati katta.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil