Saddi Iskandariy
Saddi Iskandariy („Iskandar devori“) — „Xamsa“ Navoiyning yakunlovchi dostoni (1485). Asar 89 bob, 7215 bayt (1 bayt 2 qatorga teng)dan iborat boʻlib, Navoiy ijodidagi hajman eng yirik epik asardir. Doston aruzning mutaqorib bahrida turkiyda yozilgan. Hamsanavislikning buyuk namoyandalari: Nizomiy Ganjaviy, Hisrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiylar Iskandar toʻgʻrisida doston yozib, oʻz „Hamsa“lariga kiritganlar. Dastlab musulmon dunyosida Qurʼoni Karimning Kahf surasida nomi zikr etilgan hukmdor Zulqarnayn (Ikki shoxli, 18 sura, 83–98 oyatlar) hamda yunon sarkardasi va davlat arbobi Aleksandrni bitta shaxs deb bilishgan va u sharqda Iskandar Zulqarnayn nomi bilan mashhur boʻlgan. Mazkur Iskandarnomalarga Iskandar timsolidagi Aleksandr faoliyati mavzu qilib olingan. Ammo asarlarda Iskandar timsoli tarixiylikdan tobora uzoqlashib, badiiy toʻqima obrazga aylana borgan. Har bir hamsanavis Iskandar timsolida oʻz ideallarini talqin etishga harakat qilgan.
Navoiy oʻz asari avvalida, safdoshlaridan farqli oʻlaroq, tarixiylikka, koʻproq tarix kitoblariga tayanib ish koʻrganini yozadi. Navoiy bu oʻrinda oʻz asarida Iskandar haqidagi boblar izchilligining Qurʼondagi Zulqarnayn haqidagi oyatlarga hamda tarixiy shaxs Aleksandr faoliyatiga muvofiq kelishini nazarda tutgan. Dostonning „Saddi Iskandariy“ deb nomlanishida ham Qurʼoni Karimning Navoiy uchun birlamchi manba boʻlganligi seziladi.
Navoiy talqinida Iskandar odil shoh, u dunyoni kufrdan, jaholatdan tozalab, butun dunyoda adolatni joriy etish, bashariy tartib qoidalarni katta olamdagi tartib qoidalarga muvofiqlashtirish maqsadida xalqlar ustiga yurishlar qilgan. Bu esa soʻfiyona talqin boʻlib, dostondagi muqaddima boblar, Iskandar voqealari hikoya qilingan boblar hamda unga ilova boblarda ham shoirning tasavvufiy qarashlari ustuvorligini koʻrish mumkin. Masalan, Iskandar shisha sandiq yasab, dengiz tubiga tushadi, turfa ajoyibotlarni koʻrib, vataniga qaytadi. U vafot etar ekan, bir qoʻlini tobutdan chiqarib qoʻyishlarini soʻraydi. Asarda Navoiy insonni bu foniy dunyoning hoy-u havaslariga ortiqcha ruju qoʻymaslikka chaqirib, garchi Iskandar jahonni egallagan jahongir boʻlsada, u narigi dunyoga hech narsasiz ketayotganligiga ishora qiladi.
Doston turkiy adabiyotda koʻplab naziralar yozilishiga turtki boʻlgan (Abay, „Iskandar“, XIX asr; Shayxzoda, „Iskandar Zulqarnayn", XX asr va boshqalar). Iskandar obrazi sheʼriyatda anʼanaviy obrazga aylangan[1].
Manbalar
tahrir
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |