Sakdallar qoʻzgʻoloni
Sakdallar qoʻzgʻoloni — Filippinning Luzon orolidagi dehqonlar qoʻzgʻoloni. 1935-yil 2-maydan 3-maygacha, 1 kun davom etgan isyon. Oʻsha paytda Filippin AQShning mustamlakasi hisoblanar edi. Keng qamrov va ahamiyatga ega boʻlsa-da, bir kunda bostirilgan.
Sakdallar harakati (tagalog tilidan tarjima qilinganda „ayblovchilar“) 1930-yil fevralida paydo boʻldi va yersiz dehqonlarning eng kambagʻal qatlamlariga tayandi; sobiq oʻqituvchi va kichik amaldor boʻlgan Benigno Ramos (1893-1946)[1] harakat yetakchisi edi. Harakat Buyuk Depressiyadan keyin keskin oshgan soliqlar va yer ijara haqini kamaytirish, shuningdek, yirik er uchastkalarini yoʻq qilishni nazarda tutgan yer islohotini oʻtkazishni maqsad qilgandi. Shuningdek, Harakatning Filippinga AQShdan siyosiy mustaqillik berilishiga doir shiori tez orada uning talabiga aylandi.
1933-yili harakat siyosiy partiyaga aylandi, 1934-yili boʻlib oʻtgan saylovlarda ancha muvaffaqiyatli ishtirok etdi: parlament Vakillar palatasida uchta oʻrinni qoʻlga kiritdi. Harakat aʼzolaridan biri Marinduk provinsiyasi gubernatori ham boʻldi; partiya dasturidagi bandlardan biri har qanday holatda ham 1935-yil oxirigacha Filippinning davlat mustaqilligiga erishish vaʼdasi edi. Sakdallar harakatning dastlabki yillarida, asosan, Mahatma Gandining zoʻravonliksiz qarshilik koʻrsatish gʻoyalariga ergashgan (shuning uchun, xususan, ular dastlab siyosatda qatnashishdan bosh tortdi), ammo 1930-yillarning oʻrtalariga kelib ular qurolli qoʻzgʻolon kotarishga moyil boʻla boshladi.
Sakdallar qoʻzgʻoloni 1935-yil 2-mayga oʻtar kechasi boshlangan. Qurollangan guruhlar Luzonning 14 ta aholi punktida shahar maʼmuriy binolarini egallab olishdi. Biroq, qoʻzgʻolon juda yomon tashkil etilib, boshqarilgani Amerika qoʻshinlariga qoʻl keldi va qoʻzgʻolonni kechqurunga borib bostirishga hamda isyonchilarni magʻlub etishga imkon berdi. Gʻalayonlar paytida kamida 100 kishi halok boʻldi, Benigno Ramos Tokioga qochib ketdi, Sakdallar partiyasi qoʻzgʻolon magʻlub boʻlganidan keyin taʼqiqlandi. Filippin dehqonlarining ahvoli esa, oʻzgarishsiz qoldi. Natijada 1930-yillarning ikkinchi yarmida mamlakatda roʻy bergan koʻplab boshqa qoʻzgʻolonlarga sabab boʻldi. Biroq, ularning hech biri Sakdallar qoʻzgʻoloni darajasiga yetib bormadi.
Adabiyotlar
tahrir- Sakdal // Rona — Samoylovich. — M. : Sovetskaya ensiklopediya, 1955. — S. 602-603. — (Bolshaya sovetskaya ensiklopediya : [v 51 t.] / gl. red. B. A. Vvedenskiy ; 1949—1958, t. 37).
- Terami-Wada, Motoe (1988). „The Sakdal Movement“. Philippine Studies 36 (2).