Bosh menuni ochish
Oʻzbek adabiyoti

Milodiy VII asrgacha
VIII-XIII asrlar (Qadimgi)

XIV-XV asrlar (Temuriylar davri)
XVI-XIX asrlar (Mumtoz)

XIX-XX asrlar (Milliy uygʻonish)
1905-30 yillar (Jadid davri)
1930-80 yillar (Sovet davri)
1990 yillaridan keyin (Mustaqillik)

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi

Sakkokiy (15-asr) — shoir. Ismi, tugʻilgan va vafot etgan yillari nomaʼlum. 15-asr sheʼriyatining isteʼdodli vakillaridan biri. Mumtoz adabiyot taraqqiyotida gʻazalgoʻy va qasidanavis shoir sifatida mashhur. Movarounnahrda tugʻilgan, hayotining asosiy qismini Samarqandda Shohruh Mirzo va Ulugʻbek saroyida oʻtkazgan. Alisher Navoiy Sakkokiy ijodiga yuksak baho bergan: „Turkiy alfozining bulagʻosindin Mavlono Sakkokiy ham Lutfiylarkim, birining shirin abyotining ishtihori Turkistonda bagʻoyat va birining latif gʻazaliyotining intishori Iroq va Xurosonda benihoyatdudur“ („Xutbai davovin“). Sakkokiy xalqining boy ogʻzaki ijodini, salaflari asarlarini puxta oʻrgangan va ijodiy oziqlangan. Turkiy tilda asarlar yaratish, uning boy ichki imkoniyatlaridan foydalanish borasida koʻp ish qilgan. Asarlarida inson muhabbati, orzu-tilaklarini, dard-alamlarini, tabiat goʻzalliklarini tasvirlagan. Gʻazallarida maʼno va shakl birligini saqlab, soʻz oʻyinlari va qochirimlardan unumli foydalangan. Uning lirikasida jaholat va nodonlikka qarshi adolatparvarlik gʻoyalari ilgari surilgan. Bunday gʻoyalar Sakkokiyning qasidalarida ochiqroq namoyon boʻlgan.

Sakkokiy oʻzbek adabiyotida qasida janriga asos solgan shoirlardan. Sakkokiy 11 qasida (5 tasi Ulugʻbekka, Xalil Sulton, Xoja Muhammad Porso, Arslon Xoja Tarxonlar va boshqalar) yozgan va zamonasining ulugʻ shaxslarini madh etgan. Qasidalaridan birida Ulugʻbekni xalqning mehribon hukmdori, maʼrifatparvar va buyuk olim sifatida ulugʻlaydi. Shunday maʼrifatparvar podshoh bilan zamondosh boʻlganidan faxrlanadi va: Falak yillar kerak sayr etsayu keltirsa ilkiga, Meningdek shoiri turku seningdek shohi dononi, degan misralarini yozgan.

Sakkokiyning adabiy faoliyati zamondoshlari Lutfiy, Gadoiy, Atoiy kabi Navoiy ijodiga ham katta taʼsir koʻrsatgan; oʻzbek dunyoviy lirikasini ham mazmun, ham shakl jihatdan boyitgan. Sakkokiy gʻazallarining oʻziga xosligi samimiy va ohangdorligida. Shoir gʻazallarining asosiy qahramoni oshiq, magʻshuqa va raqib timsollari. Shoir gʻazallari va qasidalari devon qilib toʻplangan boʻlsada, toʻliq nusxasi bizgacha yetib kelmagan. Sakkokiy devoni Londonda, Britaniya muzeyida va Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida (inv. № 7685) saqlanadi.

Nashr qilingan asarlariTahrirlash

  • Sakkokiy. Gʻazallar. — T.: 1966;
  • Sakkokiy. Gʻazallar, qasida. Kitobda: Hayot vasfi. — T.: 1988

AdabiyotTahrirlash

  • Oʻzbek adabiyoti tarixi. Besh tomlik. T.1. — T.: Fan, 1978.
  • Rustamov E., Uzbekskaya poeziya v pervoy polovine XV veka, M., 1963;
  • Mallayev N., Oʻzbek adabiyoti tarixi, 1kitob, 2nashr, T., 1976;
  • Maʼnaviyat yulduzlari, T., 2001.