Hoji Salim Qoʻshchiboshizoda Samibey (Salim Posho) — (?—1927) — turkiyalik yirik sarkarda. Jamoat va siyosat arbobi. Buxoro va Turkistonda Salim Posho nomi bilan mashhur boʻlgan[1].

Salim Posho
Hoji Salim Qoʻshchiboshizoda Samibey
Turkiston va Buxoro istiqlolchilarining Oliy bosh qoʻmondoni
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi Sharqiy Buxoro
Vafoti 1927-yil

Qoʻrboshilik faoliyati

tahrir

Salim Posho Anatoliyada tavallud topgan. Tarixchi olim Qahramon Rajabov ayrim adabiyotlarga asoslanib, uni Kavkazda tugʻilganligini yozgan. Kelib chiqishi esa cherkeslarga borib taqaladi. U faoliyati davomida „Ittihod va taraqqiy“ partiyasining vakillaridan biri. 1910—1914-yil Bolqonda boʻlib oʻtgan siyosiy jarayonlarda faol qatnashgan. Turk armiyasi polkovniki sifatida ham ishlagan. Islomchilik va turkchilik gʻoyalarining izchil davomchilardan biri boʻlgan. 1916-yilda Salim Posho Qoshgʻar orqali Turkiston general-gubernatorligidagi Yettisuv viloyatiga kelib, qozoq va qirgʻizlarning Rossiya imperiyasiga qarshi koʻtarilgan qoʻzgʻolonni tashkil qilishda muhim rol oʻynagan. Qoʻzgʻolon tugagach, u 1920-yilgacha Shanxayda boʻladi. 1922-yil Samibey harbiy sarkarda Anvar Poshoning yaqin yordamchisi sifatida Rossiya, Germaniya va Buxorodagi safarlarida birga boʻlgan. 1922-yil Kobulda boʻlib oʻtgan turkistonlik muhojirlarning katta qurultoyida halok boʻlgan Anvar Poshoning oʻrniga Salim Posho Turkiston va Buxoro istiqlolchilarining Oliy bosh qoʻmondoni qilib tayinlangan va unga general (posho) unvoni berilgan. 1922-yil 25-avgustda Abdulhamid Oripov va Salim Posho Afgʻonistondan Sharqiy Buxoroga joʻnab ketadi. Salim Posho Oʻrta Buxoro va Sharqiy Buxoroda istiqlolchilar qoʻshini oʻrtasida temir harbiy intizom oʻrnatishga harakat qildi. 1922-yil noyabr oyi oxirlarida Salim Posho buyrugʻi bilan Tavildarada Darvoz begi Eshon Sulton va uning ukasi Eshon Sulaymon sovet hokimiyatiga yon bosganlik uchun oʻldiriladi. 1923-yil oʻrtalarigacha Salim Posho qizil armiyaga qarshi kurash olib boradi. 1923-yil 15-yulda Salim Posho Panj daryosidagi Xirmonjoy kechuvidan Afgʻoniston tomonga oʻtib ketgan. Salim Posho izmir yaqinidagi Boʻztogʻda Turkiya chegarasini kesib oʻtayotgan patda 1927-yil 27-avgustda otishma natijasida vafot etadi[2].

Manbalar

tahrir
  1. Rajabov Q. Turkiston qoʻrboshilari “Oʻzbekiston tarixi” jurnali. — 2022.
  2. Rajabov Q. Turkiston qoʻrboshilari. Toshkent: „Fan“, 2022 — 400-bet.