Samarqand badiiy muzey-qoʻriqxonasi

"Samarqand" davlat muzey-qoʻriqxonasiSamarqand shahri va Samarqand viloyatida muzeylarni markaziy boshqarish, tarixiy, madaniy va sanʼat yodgorliklarini saqlash va roʻyxatga olishni nazorat qilish, yodgorliklarni taʼmirlash va konservatsiyalashni boshqaruvchi tashkilot.

1982-yil Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati tarixi muzeyi va uning boʻlimlari, shuningdek Samarqand shahri va Samarqand viloyatidagi meʼmoriy yodgorliklar negizida tashkil qilingan. Muzey-qoʻriqxona tarkibiga 11 ta muzey — Oʻzbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyi (bosh muzey), Viloyat oʻlkashunoslik muzeyi, Samarqand shahar tarixi - Afrosiyob muzeyi, Mirzo Ulugʻbek rasadxonasi muzeyi - majmuasi, Sadriddin Ayniy yodgorlik uy-muzeyi, Kattaqoʻrgʻon sh. tarixi oʻlkashunoslik muzeyi, Ishtixon tuman tarixi muzeyi, Paxtachi tuman tarix muzeyi, Ergash Jumanbulbul oʻgʻli yodgorlik muzeyi, Hoji Abdulaziz Abdurasulov uy - muzeyi, Mahmudxoʻja Behbudiy uy - muzeyi va 3 ta meʼmoriy obidalar — Amir Temur maqbarasi, Bibixonim jomeʼ masjidi, Nodir Devonbegi madrasasi kiradi. Muzey-qoʻriqxona Samarqand viloyati hududida joylashgan muzeylar xazinasidagi noyob osori atiqalar va tarixiy obidalarni avaylab asraydi, ilmiy jihatdan oʻrganadi, ularni yangi topilmalar bilan boyitadi, ular asosida yangi ekspozitsiya va koʻrgazmalar tashkil qiladi; shuningdek, ular haqida kitoblar, katalog, buklet, yoʻl koʻrsatkichlar nashr etadi, tarixiy obidalarda muzeylashtirish ishlarini olib boradi, muzey-qoʻriqxona hududida amalga oshiriladigan qurilish va taʼmirlash ishlarini nazorat qiladi. Tarixiy, madaniy va sanʼat yodgorliklarini saqlash boʻyicha mavzuli (jumladan, Oʻzbekiston sanʼati va boshqa) kinolektoriy va xalq universiteti mashgʻulotlarini oʻtkazadi.

Muzey-qoʻriqxona xazinasida oʻzbek xalqi madaniyati va sanʼati tarixining barcha davrlardagi taraqqiyotini aks ettiradigan asl yodgorliklar — 235 mingdan ziyod eksponatlar saqlanadi (2022). Muzey-qoʻriqxona maʼmuriyati Oʻzbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyi binosi (Samarqand shahar Mirzo Ulugʻbek koʻchasi 148-uy)da joylashgan.[1]

Manbalar tahrir

  1. Rahim Qayumov. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil