Samoviy sarguzashtlar
Samoviy sarguzashtlar (ingl. Space Cases) Nickelodeon kanali uchun tasvirga olingan Kanada ilmiy fantastik teleserialidir. U kelajakda tasodifan Christa (Krista) nomli kelgindi kemaga chiqib qolib, uzoq fazoviy sayohat boshidan kechirayotgan bir guruh talabalar va ularning oʻqituvchilari haqida hikoya qiladi.
Samoviy sarguzashtlar Space Cases | |
---|---|
Turi | Ilmiy fantastik teleserial |
Muallif(lar) |
Peter David Bill Mumy |
Rollarda |
Walter Emanuel Jones Jewel Staite Rebecca Herbst Kristian Ayre Rahi Azizi Paige Christina Anik Matern Cary Lawrence Paul Boretski |
Mamlakat | Kanada |
Mavsumlar soni | 2 |
Qismlar soni | 27 (Qismlar roʻyxati) |
Qism davomiyligi | 22 daqiqa |
Efirga uzatilishi | |
Telekanal |
Nickelodeon Yoshlar |
Translyatsiya davri | 2-mart, 1996 — 27-yanvar, 1997 |
Tashqi havolalar | |
Rasmiy sayti |
Serial Peter David va Bill Mumy tomonidan yaratilib, 1996-yil 2-martidan namoyish etila boshlandi va deyarli bir yil ekranlarda boʻldi. Oʻzbekistonda serial Yoshlar (oʻzbekcha) va Sport (ruscha) telekanallarida efirga uzatildi.
Qahramonlar
tahrir- Theresa James 'T.J.' Davenport (Tereza Jeyms Deyvenport) — oʻqituvchi ayol. Xavf tugʻilganda darrov hushidan ketadigan odati bor, biroq baʼzi paytlarda jasurlashadi.
- Komandir Seth Goddard (Set Goddard) — sobiq harbiy zobit („Yulduz Iti“), serialda esa bolalar murabbiyi va kema dargʻasi.
- Harlan Band (Harlan Bend) — Yer sayyorasidan kelgan talaba. Andromedaliklar bilan urushda halok boʻlgan otasi kabi Yulduz Iti boʻlishni orzu qiladi. Avvalboshda andromedalik Radu bilan jiddiy kelishmovchiligi boʻlgan. Harlan sport bilan muntazam shugʻullanuvchi, jismonan baquvvat talabadir. Oʻjarligi va oʻziga qattiq ishonganligi tufayli baʼzan ekipajni xatarga tutadi.
- Catalina (Katalina) Saturnning tabiiy yoʻldoshi Titandan kelgan talabadir. Sochlari kamalak ranglariga boʻyalgan bu qizning tovushi juda kuchli boʻlib, qichqirigʻi bilan dushman texnikasini (va baʼzan „Christa“ni ham) ishdan chiqara oladi. Koʻrinmas doʻsti Suzee yordamida muhandislik bilan shugʻullanadi.
- Radu — Andromeda sayyorasidan kelgan talaba (shuni aytish joizki, Andromeda nomi bilan aslida sayyora emas, balki galaktika nomlanadi). Inkubatorda oʻstirilgani uchun oilasi yoʻq. Raduning eshitish qobiliyati juda kuchli, shuningdek u oʻta baquvvat hamdir.
- Bova — uranlik talaba. Peshonasida uranliklar uchun xos boʻlmish elektr zaryadi chiqaruvchi Y shaklidagi shoxi bor. Bovaning metabolizmi odamlarnikidan ancha tez ishlagani uchun uning ishtahasi doimo karnay. Pessimist xarakterga ega.
- Rosie Ianni (Rozi Yanni) — merkuriylik talaba qiz. Oʻta yuqori haroratli issiqlik chiqara oladi (sochlari shu sababdan yoʻq, deb taxmin qilinadi). Kemada tabib vazifasini oʻtaydi.
- Thelma (Techno Human EmuLating MAchine; Telma, „Texno Odamsimon Mashina“) — „Christa“ kemasidagi odamsimon robot. Buyurilgan vazifalarni haddan tashqari tom maʼnoda tushunishi kulguli vaziyatlarga olib keladi. Tez-tez buzilib turadi.
- Suzee (Syuzi) — parallel olamdan kelgan qiz, Catalinaning yaqin doʻsti. Ikkinchi mavsumdan Catalinaning oʻrniga serialda qatnashadi. Boʻyni ostidagi jabralari unga har qanday atmosferada nafas olish imkonini beradi. Shuningdek, Suzee telepatik qobiliyatga ham sohibdir.
Bosh rollarda
tahrir- Walter Emanuel Jones — Harlan Band
- Kristian Ayre — Radu
- Anik Matern — THELMA
- Jewel Staite — Catalina
- Rahi Azizi — Bova
- Paige Christina — Rosie Ianni
- Cary Lawrence — T.J. Davenport
- Paul Boretski — Seth Goddard
- Rebecca Herbst — Suzee
Qismlar
tahrirAsosiy maqola: Samoviy sarguzashtlar qismlari roʻyxati