Sayid Muhammadxon (1823—1864) — Xiva xoni (1856—1864). Qoʻngʻirotlar sulolasidan. Muhammad Rahimxon Ining oʻgli, Muhammad Rahimxon IIning otasi. Uning davrida Xivadagi ichki nizolarga barham berilgan, xonlikda tinchlik-osoyishtalik barqaror topgan. Sayid Muhammadxon 1858-yil Xivaga kelgan N. P. Ignatyev missiyasini qabul qilgan. Shu yili 28-avgustda Xivada rus elchixonasi ochilgan. 1863-yil venger sayyoxi G. Vamberi ham Sayid Muhammadxon qabulida boʻlgan. Sayid Muhammadxon davrida Xivadagi Koʻhna ark saroyidagi koʻrinishxona qayta tiklangan va uning shipi, ayvon ustuni xorazmcha naqshlar bilan bezatilgan. 1859-yilda Xivaning Dishan qalʼa qismida, Nurullaboy bogʻida yangi koʻrinishxona qurib bitkazilgan. Ogahiy „Gulshani davlat“ tarixiy asarida Sayid Muhammadxonning xonlik davrini taʼriflagan. Sayid Muhammadxon xonlikni boshqarishda boshqa davlatlar, ayniqsa, Rossiya bilan munosabatlarida oʻzini mustaqil va teng huquqli davlat hukmdori sifatida tutgan. Sayid Muhammadxonning jasadi Xivadagi Sayd Mohi roʻyi jahon (Sayd Mahroʻyjon) maqbarasiga qoʻyilgan.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Adabiyot

tahrir
  • Bobojonov P., Atayev A., Xiva tarixiga bir nazar, Urganch, 1977;
  • Abdurasulov A., Xiva, T., 1997;
  • Xudoyberganov K., Xiva xonlari shajarasi, Xiva, 1996.