Shavkat Mirzayev
Shavkat Mustakimovich Mirzayev (1953-yilda tug‘ilgan) — fizika va texnika sohalaridagi olim, texnika fanlari doktori, professor.
Shavkat Mustakimovich Mirzayev | |
---|---|
Tavalludi |
1953-yil 12-sentyabr Buxoro shahri |
Fuqaroligi | O‘zbekiston SSR, O‘zbekiston Respublikasi |
Kasbi | fizika va texnika sohalaridagi olim, professor-o‘qituvchi |
Sohasi | atom yadrosi, elementar zarralar fizikasi, texnika |
Taʼlimi | Buxoro davlat pedagogika instituti (hozirgi Buxoro davlat universiteti) |
Ilmiy darajasi | texnika fanlari doktori |
Ilmiy unvoni | professor |
Tezis sarlavhasi | „Пути повышения энергоэффективности адсорбционных циклов“ (doktorlik, 2005) |
Ta’limi
tahrirShavkat Mirzayev 1953-yil 12-sentyabrda Buxoro shahrida ziyoli oilasida tug‘ilgan. Otasi Mustaqim Mirzayev O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, filologiya fanlari doktori, professor, o‘zbek tilshunosligiga asos solgan olimlardan. Shavkat Mirzayev 1970-yilda Buxoro shahridagi 10-sonli o‘rta umumta’lim maktabini a’lo baholarga tugatgan. 1971-yili Buxoro davlat pedagogika instituti (hozirgi Buxoro davlat universiteti)ning fizika-matematika fakultetiga fizika-umumtexnika fanlari ixtisosligi bo‘yicha o‘qishga kirgan. O‘qishni tugatgach, 1976—1978-yillarda harbiy xizmatni o‘tagan.
Ilmiy-pedagogik faoliyati
tahrir1979—1980-yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi institutida ilmiy izlanishlar olib bordi. 1981-yilda shu institutning kunduzgi bo‘lim aspiranturasiga o‘qishga qabul qilindi. 1984-yilda aspiranturani muvaffaqiyatli tugatib, o‘sha yili Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi instituti huzuridagi ixtisoslashgan ilmiy kengashda fizika-matematika fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun «Исследование и разработка методов визуализации двумерного распределения потоков ионизирующих излучений» mavzusida atom yadrosi va elementar zarralar fizikasi mutaxassisligi bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi[1]. Ilmiy rahbari — O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, fizika-matematika fanlari doktori, professor Vafo Arabovich Mo‘minov.
1984-yildan Buxoro davlat pedagogika instituti fizika-matematika fakultetida umumiy fizika kafedrasi o‘qituvchisi, 1986-yilda shu kafedra dotsenti lavozimlarida ishladi. 1988—1992-yillarda fizika-matematika fakulteti dekani bo‘lib faoliyat ko‘rsatdi. 1992-yildan boshlab umumiy fizika kafedrasi dotsenti, 2002—2007-yillarda Buxoro davlat universitetida akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bilan ishlash bo‘yicha prorektor bo‘ldi. 2005-yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Energetika va avtomatika ilmiy tadqiqot institutidagi ixtisoslashgan ilmiy kengashda «Пути повышения энергоэффективности адсорбционных циклов» mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Ilmiy maslahatchisi — texnika fanlari doktori, professor Yunus No‘monovich Yoqubov.
2007-yildan 2019-yilgacha Buxoro davlat universiteti fizika-matematika fakulteti dekani lavozimida ishlagan. 2019-yildan Fizika kafedrasi professori lavozimida, 2022-yildan Geliofizika va qayta tiklanuvchi energiya manbalari kafedrasi professori lavozimida ishlab kelmoqda[2].
Ilmiy-uslubiy ishlari
tahrirShavkat Mirzayev 1976—2019-yillar davomida Respublika ilmiy jurnallarida 100 dan ortiq ilmiy maqolalari va 150 dan ortiq tezislari bilan ishtirok etgan. Hammualliflikda yaratilgan 10 ta o‘quv qo‘llanma va 6 ta uslubiy qo’llanmasi nashr etilgan. 2006—2008-yillarda „Suv nasos chuchitkichi gelioqurilmasini yaratish“ mavzusidagi davlat grantiga ilmiy rahbarlik qilgan.
Manbalar
tahrir- ↑ Раҳматов И. Бухоронинг гелиофизик олимлари. Тошкент: Фан, 2009 — 18-bet.
- ↑ „Mirzayev Shavkat Mustakimovich“. 2023-yil 12-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 13-iyul.