Shayx Xudoydod Valiy ziyoratgohi

Shayx Xudoydod Valiy ziyoratgohi – Samarqand viloyati Jomboy tumani Gʻazira qishlogʻi hududidagi qadamjo[1].

Shayx Xudoydod Valiy ziyoratgohi
Joylashuv Samarqand
Turi Ziyoratgoh
Material Pishiq gʻisht
Meʼmoriy uslubi Markaziy Osiyo meʼmorchiligi
Qurilish tamomlangan 2011-yil
Xarita
Koordinatalari 39.817420°0′0″N 67.142062°0′0″E / 39.81742°N 67.14206°E / 39.81742; 67.14206

Xudaydod Valiy 1461—1532-yillarda yashagan. Asli ismi Xudoyberdi, toʻliq ismi Hazrat Azizon Shayx Xudaydod Vali ibn Hazrat Azizon Ortiq Shayx boʻlib, musulmon olamida islomiy valiy, shayx, turkiy avliyo, ilohiyot olimi sifatida tilga olinadi. U Oʻrta Osiyo hududlarida islom dinini tarqatuvchi, shoir, tasavvuf namoyondasi sifatida maʼlum. Qadamjo olti asrlik tarixga ega. Ziyoratgohda Yassaviya tariqatiga hissa qoʻshgan yetuk namoyondalardan Hazrati Azizon Shayx Xudoydod Valining qabri joylashgan. Shayx Xudoydod Karmanada tugʻilgan. Maktab taʼlimidan soʻng Samarqandga kelib, Javzoniya madrasasida shariat ilmlaridan taʼlim olgan. Olim shayxning „Lamahot“ kitobida qayd etilishicha, Xudoydod Samarqanddagi talabalik yillarida Mirzo Ulugʻbek madrasasida ilohiyot ilmidan dars bergan[2]. U gʻazallari bilan oʻzbek adabiyotiga oʻz hissasini qoʻshgan. 50 dan ortiq shogirdlarni tarbiyalagan.

Oʻzbekiston mustaqillikka erishgandan soʻng Shayx Xudoydod Valiy ziyoratgohi taʼmirlanib, xonaqohining atroflari obodonlashtirildi. 2011-yilda Shayx Azizon tavalludining 550 yilligi nishonlandi. Shu munosabat bilan ziyoratgohdagi darvoza va binolar qaytadan taʼmirlandi. Bino atrofida maʼnaviyat markazi bunyod etildi. Xonaqoh oʻrnida qabr ustiga gumbazli yirik maqbara qurilgan[3]. Keyingi taʼmirlash ishlarini Samarqand viloyat hokimligi olib borgan. Natijada Xudoydod Valiy qadamjosining darvozaxona atrofi kengaydi. Tashqari tomonida gʻishtli devor qurilgan. Ziyoratgoh hududi esa koʻkalamzorlashtirilib, bogʻ barpo etilgan. Shayx Xudoydod Valiy ziyoratgohi Gʻazira qishlogʻining kunchiqar tomonidagi tepalik ustida barpo etilgan. Ushbu qadamjoni ziyorat qilish maqsadida Saudiya Arabistoni, Pokiston va Yevropa mamlakatlaridan ziyoratchilar tashrif buyuradi. Hazrati Azizon Shayx Xudoydod Valining asarlari Sharqshunoslik institutida, musulmon va arab davlatlari muzeylari va kutubxonalarida saqlanadi.

Manbalar

tahrir
  1. „Samarqand viloyati“. Qaraldi: 29-sentabr 2023-yil.
  2. Amonov M „Shayx Xudoydod Valiy - oshiqlar sardori“ (2022-yil 2-avgust). Qaraldi: 29-sentabr 2023-yil.
  3. Qulmatov Sh, Berdimurodov A. Samarqand yodgorliklari. Samarqand Imom Buxoriy xalqaro markazi 2017 — 150-bet. ISBN 978-9943-4783-8-1.