Shuayb
Shuayb — Qurʼonda tilga olingan paygʻambarlardan biri. Arabistonlik 4 paygʻambardan (Hud, Solih, Muhammad bilan birga) biri. Shuayb oʻz qavmini fasohatli usullar bilan imonga daʼvat etganligidan „paygʻambarlar xatibi“ deb nom olgan. Shuayb va uning qavmi Arabiston yarim orolining Qizil dengiz qirgʻogʻidagi Madyon degan joyda yashab oʻtgan. Bu qavm, asosan, savdo-sotiq bilan shugʻullangan. Ular Allohga ibodat qilish oʻrniga turli ilohlarga sigʻinadigan, moddiy boylik orttirishga hirs qoʻygan, bu yoʻlda har qanday razolat, nohaqliklardan qaytmaydigan kishilar edi. Savdo qilganlarida tosh-tarozidan urib qolishga odatlanishgandi. Shuayb oʻz qavmini savdoda halollikka, kishilar haqiga xiyonat qilmaslikka daʼvat eta boshladi. Shuaybning nasihatlariga koʻnmagan qavmning barchasi zilzila yuz berishi natijasida halokatga uchradi. Qurʼonda paygʻambarlarga boʻysunmagan qavmlarni Alloh qattiq azobga duchor qilishi eslatiladi. Shuayb alayhis-salom va uning oʻz qavmini daʼvat qilgani va gumroh qavmning boshiga tushgan azob-uqubatlar haqida Qurʼonda Aʻrof surasi, 85-87-oyatlar, Hud surasi, 87-90-oyatlarda bayon qilingan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |