Sifatdosh — feʼlning funksional shakllaridan biri. Sifatlar kabi predmetning belgisini koʻrsatishga xoslangan va xuddi shu xususiyatiga koʻra S. deb yuritiladi. S. shakli hozirgi oʻzbek tilida, asosan, gan, vchi affikslari yordamida yasaladi: oʻqigan kitoblarim, kurashga tushuvchi yigitlar. gan affiksi feʼlning zamon kursatkichiga ega boʻlmagan shakliga qoʻshilganda, oʻtgan zamon maʼnosini; feʼlning xoz. zamon koʻrsatkichi boʻlgan shakliga qoʻshilganda, hozirgi zamon maʼnosini; feʼlning hozirgikelasi zamon koʻrsatkichi boʻlgan shakliga qoʻshilganda, hozirgi kelasi zamon maʼnosini bildiradi: kelgan odam, kelayotgan odam, keladigan odam. S.ning zamoni bevosita nutq vaqtiga nisbatan emas, balki feʼlning aniqlik maylidagi shaxsson bilan tuslangan shakli bildirgan vaqtta, gapning kesimidan anglashilgan vaqtga yoki matndagi biror soʻz bildirgan vaqtga nisbatan belgilanadi. Shu sababli S. bildirgan zamon nisbiy zamon hisoblanadi. Koʻchada kelayotgan yigit atrofga bir qarab qoʻydi. Mening sizga aytadigan anchagina gaplarim bor. Bunday koʻrsatkichli S. shakllari feʼlning oʻtgan zamon shakllarini hosil qilishda ham qatnashadi: kelgan edi, ketayotgan edi kabi.

S.ning vchi affiksi bilan yasaluvchi turi predmetga doimiy xos boʻlgan odatdagi harakat belgisini, baʼzan esa kelgusiga oid harakat belgisini bildiradi: Kishini sehrlovchi ohanglar. Bu yerga keluvchi mehmonlarni kutib olamiz. S. gapda anikdovchi vazifasida keladi. Slar otlashganda (qarang Otlashuv), otlarga xos sintaktik vazifalarni bajaradi.

Azim Hojiyev.