Otlashuv, substantivatsiya — transpozitsiyaning bir turi, boshqa turkumga oid soʻzlarning otga koʻchishi. Sifat, son, ravish, sifatdosh, harakat nomi otlashadi, kelishik, egalik va koʻplik affikslarini qabul qilib, ot bajargan sintaktik vazifani bajaradi. Otlashgan soʻz predmetning belgisini yoki boshqa xususiyatlarini emas, balki uning oʻzini bildiradi va ot javob beradigan soʻroqlarning biriga javob boʻlib keladi.

Sifat va sifatdoshlar koʻproq ot xususiyatiga ega. Sifat quyidagi hollarda otlashadi:

a) predmet aniqlanmish tushib qolganda: Koʻr tutganini qoʻymas, kar eshitganini (kar odam, koʻr odam);

b) kishi yoki hayvonlarning tabiiy holatini (nuqson, kamchiliklarini) bildiruvchi sifatlar aniqlanmishsiz ot tarzida qoʻllanganda: pakana, choʻloq, maymoq, malla, kal, semiz.

Sifatdoshlar otlashganda, otlarga xos sintaktik vazifalarni bajaradi: Bilmaganni soʻrab oʻrgangan olim, orlanib soʻramagan oʻziga zolim (maqol).

Son abstrakt maʼnoda qoʻllansa, u koʻpincha otga yaqin vazifani bajaradi: Oʻnning yarmi besh. Bilagi zoʻr birni yiqar, bilimi zoʻr mingni yiqar (maqol).

Harakat nomi harakatning bajarilishi va u bilan bogʻliq boʻlgan boshqa maʼnolarni bildirmaydi, balki harakat-holatning nomini bildiradi. Shu sababli otlashuvlarga xos grammatik koʻrsatkichlarni qabul qiladi va gapda O.larga xos vazifalarni bajaradi: oʻtirishga, koʻrishim, yeyishi, yotishda, ketuvini.

Otlashgan soʻzlar emotsional — ekspressiv yoki koʻchma maʼno ifodalashi mumkin: zahar (odam), tilla (bola), shakar (qiz) kabi[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil