Sobir Oʻnar

oʻzbekistonlik yozuvchi

Sobir Hamzayevich Oʻnarov (25-fevral 1964-yil, Quvkalla qishlogʻi, Qo‘shrabot tumani, Samarqand viloyati, Oʻzbekiston SSR — 18-dekabr 2022-yil, Yunusobod tumani, Toshkent shahri, Toshkent viloyati, Oʻzbekiston) — Sobir Oʻnar taxallusi ostida ijod qilgan oʻzbekistonlik yozuvchi, muharrir, tarjimon, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi. Har yili Oʻzbekiston mustaqilligi kuniga bagʻishlab yosh ijodkorlarga beriluvchi „Davlat mukofoti“ (1993-yil) laureati, Doʻstlik ordeni (2022-yil, avgust) sohibi.

Sobir Oʻnar
Asl ismi Oʻnarov Sobir Hamzayevich
Tavalludi 25-fevral 1964-yil
Vafoti 18-dekabr 2022-yil(2022-12-18)
(58 yoshda)
Yunusobod tumani, Toshkent shahri
Ijod qilgan tillari oʻzbekcha
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSROʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Yoʻnalish yozuvchilik
Faoliyat yillari 19842022-yillar
Janr qissa & hikoyalar toʻplami
Ilk asari

ilk kitobi — „Orzuga toʻla qishloq“

ilk hikoyasi — „Kunsuluvning xatlari“
Mukofotlari

Hayoti tahrir

Sobir Oʻnar, toʻliq ismi sharifi — Oʻnarov Sobir Hamzayevich[1], 1964-yilning 25-fevral kuni Samarqand viloyati, Qo‘shrabot tumani, Quvkalla qishlogʻida tugʻilgan. 1981-yilda qishlogʻidagi oʻrta maktabni tamomlab, Toshkent davlat universiteti (hozir OʻzMU)ning jurnalistika fakultetiga oʻqishga kirgan. Universitetni 1986-yilda tamomlagan[2]. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi. Yozuvchi 2022-yilning 18-dekabr kuni 58 yoshida vafot etdi[3].

Faoliyati tahrir

Universitetni bitirgandan keyin 19862015-yillarda „Yoshlik“ jurnalida muharrir, boʻlim boshligʻi, bosh muharrir oʻrinbosari va bosh muharrir kabi vazifalarda faoliyat yuritgan[4]. 2015-yildan vafotiga qadar „Kuch adolatda“ gazetasida masʼul kotib va „Gʻafur Gʻulom“, (20162017) „Yoshlar“ (20172019) nashriyotida, shuningdek, 2020-yildan umrining oxiriga qadar Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining „Nasr“ boʻlimida faoliyat olib borgan[5][6].

Asarlari tahrir

Talabalik davrida Respublikaning turli gazeta-jurnallarida hikoyalari chop etila boshlagan. 1986-yilda „Yoshlik“ jurnalida turkum hikoyalari bosilgan. Ayni shu yildan mazkur jurnal tahririyatida ish faoliyatini boshlagan. 1989-yilda Sobir Oʻnarning ilk kitobi — „Orzuga toʻla qishloq“ hikoyalar toʻplami Choʻlpon nashriyotida chop etilgan[4]. Sobir Oʻnal shu yili Yozuvchilar uyushmasi aʼzoligiga qabul qilingan.

1990-yilda „Ovloq adirlar bagʻrida“, 1991-yilda „Chashma“ kitoblari chop etilgan. Yozuvchi keyingi yillarda „Inqilob kechasi“, „Dunyo shundoq tururmi?“, „Bibisora“ kabi qissalar eʼlon qildi. 2006-yilda „Chambilbelning oydalasi“, 2011-yilda „Bibisora“ qissa va hikoyalar toʻplami, 2016-yilda esa „Farishta“, „Kunsuluvning sirli xalari“ (2021) hikoyalar[7], „Oldinda yongan mayoq“ (2020) maqola va esselar toʻplamlari kitob holida chop etilgan. Sobir Oʻnarga tegishli qissa va hikoyalarda asosan sof insoniy tuygʻular, turli qiyofali, har xil taqdirli insonlarning gʻaroyib ifodalari aks ettirilgan.

„Dunyo shundoq tururmi?“, „Bibisora“ qissalari tez orada adabiy jamoatchilik eʼtiborini qozongan. Qissalar haqida adiblar Odil Yoqubov, Abdulla Oripov, Halima Xudoyberdiyeva, adabiyotshunos olimlar M.Qoʻshjonov, B.Nazarov, T.Mirzayev, Q.Yoʻldoshev, Q.Qahramonov, U.Joʻraqulov, I.Yoqubov, T.Shermurodov, S.Toʻlaganova va boshqalar taqriz va maqolalar yozib berishgan.

Sobir Oʻnarning qissa va hikoyalari koreys, xitoy, qozoq, rus va ingliz tillariga tarjima qilingan.

Adib publitsist sifatida ham faoliyat koʻrsatgan jurnalistlar qatoridadir. Maqola va esselari qariyb oʻttiz yildan buyon markaziy gazeta va jurnallar sahifalarida yoritib kelinadi. Adib ayni paytda „Koʻngildagi buzilish“ (maqolalar toʻplami, hammualliflikda, 1999-yil), „Odamlar orasida“ (maqola, suhbat va hangomalar) toʻplamlari muallifi hamdir[5][8][7].

Tarjimalari tahrir

Sobir Oʻnarning turk, rus, Lotin Amerikasi adiblari ijodidan qilgan bir necha hikoya va qissalardan iborat tarjimalari mavjud. Qoraqalpoq adibi X.Tojimurodovning „Ov hangomalari“ (1990) hamda turk yozuvchisi Bakir Yulduzning „Karbalo fojiasi“ qissasini oʻzbek tiliga tarjima qilgan.

Mukofotlari tahrir

Yozuvchi 1993-yili har yili mustaqillik kunida yosh ijodkorlarga topshiriladigan „Davlat mukofoti“[9] sohibi boʻlgan[6][10]. 2022-yilning avgust oyida „Doʻstlik ordeni“ bilan taqdirlangan[1][11].

Manbalar tahrir

  1. 1,0 1,1 „Ўзбекистон Республикаси мустақиллигининг ўттиз бир йиллиги муносабати билан фан, таълим, соғлиқни сақлаш, спорт, адабиёт, маданият, санъат соҳалари ва оммавий ахборот воситалари ходимларидан бир гуруҳини мукофотлаш тўғрисида“ (o'zbekcha). uza.uz. — „Ўнаров Собир Ҳамзаевич - Ўзбекистон Ёзувчилар уюшмаси аъзоси, ёзувчи“. Qaraldi: 18-dekabr 2022-yil.
  2. Davron, Xurshid „Собир ЎНАР ТЎРТ ҲИКОЯ“. kh-davron.uz. Qaraldi: 18-dekabr 2022-yil.
  3. „Taniqli yozuvchi Sobir O‘nar 58 yoshida vafot etdi“. uzreport.news. Qaraldi: 19-dekabr 2022-yil.
  4. 4,0 4,1 „Sobir O'nar (1964)“. https://baxtiyor.uz/sobir-o-nar-haqida-ma-lumot/. 2020-yil 25-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 19-dekabr 2022-yil.
  5. 5,0 5,1 „Sobir O'nar haqida batafsil ma'lumotlar, Tarjimayi hol“ (o'zbekcha). sirlar.uz. Qaraldi: 19-dekabr 2022-yil.
  6. 6,0 6,1 „Sobir O‘nar/ Tarjimai hol“ (o'zbekcha). arboblar.uz. — „1993 yil Davlat mukofotiga loyiq topilgan“. Qaraldi: 19-dekabr 2022-yil.
  7. 7,0 7,1 „Sobir O'nar tarjimayi holi, Asarlari“ (o'zbekcha). ilmlar.uz. Qaraldi: 19-dekabr 2022-yil.
  8. „Sobir O‘nar (1964)“. www.ziyouz.com. Qaraldi: 19-dekabr 2022-yil.
  9. „YOSH MUALLIFLARNING ENG YAXSHI ASARLARI VA ILMIY ISHLANMALARI UCHUN O‘ZBEKISTON DAVLAT MUKOFOTINI TA’SIS ETISH TO‘G‘RISIDA“ (o'zbekcha). lex.uz. — „Hujjat kuchini yo‘qotgan 13.06.1997“. Qaraldi: 19-dekabr 2022-yil.
  10. „Sobir O‘nar“ (o'zbekcha). akademiklar.uz. — „1993 yil Davlat mukofotiga loyiq topilgan.“. Qaraldi: 19-dekabr 2022-yil.
  11. „O‘zbek adibi Sobir O‘nar 58 yoshida vafot etdi“ (o'zbekcha). daryo.uz. — „Adib 2022-yilning avgustida “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan.“. Qaraldi: 19-dekabr 2022-yil.

Havolalar tahrir