Still Waiting“ (tarjimasi „Haliyam kutyapman“) — Kanadada tuzilgan „Sum 41“ rok musiqa guruhi ijro etgan qoʻshiq. 2002-yilning noyabr oyida guruhning „Does This Look Infected?“ nomli albomining asosiy singli oʻlaroq eʼlon qilingan. Qo'shiq oʻsha paytdagi AQSh prezidenti George Bush hamda Iroq urushiga qarshi yozilgan.

„Still Waiting“
Sum 41 qoʻshigʻi
„Does This Look Infected?“ albomidan
Chiqarilgan sanasi 18-noyabr 2002-yil
Yozib olingan 2002
Janr
Davomiyligi 2:38
Leybl Island
Matn muallif(lar)i Deryck Whibley
Prodyuser(lar) Greig Nori
Sum 41 singllari xronologiyasi
„It's What We're All About“
(2002)
Still Waiting
(2002)
„The Hell Song“
(2003)
Klipi
„Still Waiting“ YouTubeda

„Still Waiting“ ashulasi guruh repertuaridagi eng taniqli taronalarning biridir. Qoʻshiq Buyuk Britaniyaning UK Rock & Metal xit-paradida birinchi pogʻonagacha koʻtarilgan[1]. Qoʻshiqning 2009-yilda YouTubega yuklangan klipi 2022-yilgacha 83 million martadan oshiq koʻrilgan.

„Still Waiting“ qoʻshigʻi uchun rejissor Marc Klasfeld klip suratga olgan. Klip boshida guruh aʼzolari musiqa leybli shirkati menejeri (Will Sasso) oldiga kirishadi. Menejer guruh aʼzolariga musiqiy guruhlar nomlarida sonlarni ishlatish modadan qolganini aytadi hamda „Sum 41“ nomini „The Sums“ deb oʻzgartirishni taklif qiladi. Shuningdek, guruh aʼzolari ismlarini ham oʻzgartirishni taklif qiladi: Deryck ismini „Sven“, Cone ismini „Thurston“, Dave ismini „Holmes“, Stevo ismini „Sergio“ deb oʻzgartirishni tavsiya qiladi.

Buning ortidan jamoa „The Hives“, „The Strokes“ va „The Vines“ kabi guruhlarga hazilomuz taqlid qilgan holda sahnada „Still Waiting“ qoʻshigʻini ijro etadi. Klip davomida arkada janridagi komputer oʻyinlaridan tasvirlar namoyish qilinadi. Klip yakunida Deryck musiqiy asboblarini uloqtirib, sindira boshlaydi. Dave, Cone va Stevo esa unga qoʻshiladilar. Klip yakunida guruh aʼzolari sahna ortidagi „The Sums“ yozuvini yiqitadi.

Klipning kirishdan boshqa qismlari soniyasiga 30 kadr tezlikda yozib olingan. Bu esa klipga jonli ijroga oʻxshash tus bergan. 1:37 da yashirin kadr bor: juda qisqa muddatga davomida dor oʻyini kadrlari koʻrsatilgan. Kadrlarda „SU_ _1“ / „SU_ 41“ harflari hamda maʼnosi nomaʼlum boʻlgan „LAO GHQ KE9“ harflari namoyish qilingan.

Tanqidi

tahrir

Tarona „Sum 41“ ijro etgan eng taniqli ashulalarning biri boʻlishiga hamda global miqyosda tanilgan boʻlishiga qaramay, eʼlon qilinishi ortidan aytim taqrizchilar unga salbiy baho bergan. Xususan, qarorgohi Buyuk Britaniyada joylashgan „Drowned in Sound“ sayti xodimi Gareth Dobson „Yomon tomoni, guruh oʻzining notoʻgʻri yoʻnaltirilgan gʻazabini sub-Offspring shaklidagi zerikarli qoʻshiq orqali izhor qilishga qaror qilganidir. Qizlar va shunga oʻxshagan narsalar haqida kuylashganida ularni yoqtirganman, deyishni xohlagan boʻlardim, ammo oʻshanda ham yoqmagan bular“, deb yozgan[2].

Manbalar

tahrir
  1. „Official Singles Chart Top 100“. Official Charts. Qaraldi: 31-iyul 2022-yil.
  2. Dobson, Gareth „Single Review: Sum 41 - Still Waiting“. Drowned in Sound (2002-yil 20-noyabr). 2021-yil 7-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 31-iyul.

Havolalar

tahrir