Stomatologiya (yun. „stomatos“ — ogʻiz va „logos“ — fan, taʼlimot) — klinik tibbiyotning bir sohasi; ogʻiz boʻshligʻi aʼzolari: til, lab, lunj, ogʻiz shilliq pardalari hamda yuz-jagʻ tizimi va unga yondosh soha kasalliklarini, ularni keltirib chiqaradigan sabablarni va mazkur kasalliklarning oldini olish usullarini oʻrganadi.

Bu sohada Hakimov Nodirbek (dr. Nuralievich) birinchilardan boʻlib ilmiy hamda amaliy ishlarni amalga oshirgan.

Ogʻiz boʻshligʻi aʼzolari kasalliklari Gippokrat, Ibn Sino, Galen, Sels va boshqa olimlar tomonidan tavsiflangan. Ibn Sino asarlarida ilk bor tishlar qamashishi va ogʻriqlarining tabiati bayon etilib, shunday hollarda nimalardan foydalanish koʻrsatilgan. 14-asrda fransuz vrachi Gide Sholiak tish sugʻuradigan asbob ixtiro qildi. 15-asr oxirida italyan vrachi J. D. Arkale tishni oltin, qoʻrgʻoshin va qalay folgasi bilan plombalash mumkinligini koʻrsatadi. 17—18-asrlarga kelib stomatologiya klinik tibbiyotning mustaqil sohasiga aylandi. 19-asrda tishni plombalash va yasama tishlar tayyorlash texnikasi puxta ishlab chiqildi. 19-asr oxiri —20-asrning birinchi yarmida fiziologiya, anatomiya, patologiya, biokimyo va boshqa fanlarning taraqqiyoti stomatologik kasalliklar etiologiyasi, patogenezi, davolash choralari va profilaktika tadbirlarini ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Oʻzbekistonda stomatologiya fani 1954-yildan shakllandi, shu yili ToshTI (hozirgi Toshkent Davlat Stomatologiya Instituti)da stomatologiya fakulteti ochildi. 1956-yilda maxsus stomatologik kafedralar tashkil etildi. Keyinchalik bunday kafedralar Samarqand, Andijon tibbiyot institutlarida, Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida ham ochildi, 1994-yilda Buxoro Davlat Tibbiyot instituti tashkil etilib, uning tarkibida stomatologiya fakultetining ochilishi stomatologiya fanining yanada ravnaq topishiga zamin yaratdi.

Oʻzbekistonda stomatologiya fani rivojiga A. G. Gʻulomov, M. V. Paradoksov, A. T. Busigin, M. V. Busigina, shuningdek, V. A. Yepishev, S. A. Zufarov, M. M. Miryoqubov, E. U. Mahkamov, T. X. Safarov, M. V. Begmetov, M. I. Azimov, R. K. Yakubov, R. A. Amanullaev, A. A. Akbarov va boshqalar katta hissa qoʻshganlar.

Hozirgi zamon stomatologiya fani terapevtik, jarrohlik, ortopedik, bolalar stomatologiyasi, ortodontiya va yuz-jagʻ jarrohligi kabi boʻlimlarni oʻz ichiga oladi. Terapevtik stomatologiya tish (kariyes, pulpit, periodontit, nokariyes xastaliklar) hamda ogʻiz shilliq qavati, lab, til kasalliklari diagnostikasi, davosi va profilaktikasi bilan shugʻullanadi. Jarrohlik stomatologiyasi tish olishdan tashqari yuz-jagʻ va unga qoʻshni sohalardagi yalligʻlanishlar, oʻsmalar, shikastlanishlar, tugʻma va orttirilgan nuqsonlarni oʻrganadi, ogʻiz boʻshligʻi va yuz-jagʻ operatsiyalari, plastik operatsiyalarni amalga oshiradi. Ortopedik stomatologiya ortopedik va ortodontik usullar bilan birlamchi va ikkilamchi tishlar qatori hamda tugʻma va orttirilgan tishlar nuqsonlarini davolaydi, yasama tishlar bilan tish qatori nuqsonlarini tiklaydi. Bolalar stomatologiyasi bola rivojlanishining turli davrlarida oʻziga xos xususiyatlarni hisobga olgan holda terapevtik, jarrohlik, ortopedik stomatologik yordam koʻrsatadi. Shu bilan birga stomatologik kasalliklarning kompleks profilaktikasi chora-tadbirlarini ishlab chiqadi.

Stomatologik kasalliklarni davolashda turli dori-darmonlar, lazer va infraqizil nur, ultratovush, fizioterapiya usullari va h.k. dan foydalaniladi.
Ozoda Yuldoshxonova
Shamshodbek Musaev