Subhonqulixon jomeʼ masjidiBuxorodagi meʼmoriy yodgorlik. XVIII asr boshida ashtarxoniy hukmdor Subhonqulixon tomonidan Ark ichkarisida bunyod etilgan. Hozirda masjid ichida Ark viloyat oʻlkashunoslik muzeyining „Yozma yodgorliklar“ ekspozitsiyasi joylashgan. Mazkur masjid Oʻzbekiston moddiy va madaniy meʼrosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan.

Subhonqulixon jomeʼ masjidi
Muqobil nomlari Subhonqulixon jomeʼ masjidi

Umumiy maʼlumot
Maqomi Tarixiy obida
Turi masjid
Shahar Buxoro
Mamlakat Oʻzbekiston
Qurilishi boshlangan XVIII asr boshlari
Texnik holati
Material pishgan gʻisht, yogʻoch, ganch
Subhonqulixon jomeʼ masjidi

Tarixi

tahrir

Ashtarxoniy hukmdor Subhonqulixon davrida ushbu jomeʼ masjidi qurilgan[1]. Yodgorlik Buxoro hukmdorlari qishki saroyining masjid binosi hisoblangan. Mazkur masjidda Buxoro amiri Amir Olimxon davrida (1910—1920) taʼmirlash ishlari amalga oshirilgan. Taʼmirlash ishlarini mashhur meʼmor, ganch oʻymakor usta Shirin Murodov va usta Gʻaffor tomonidan boshqarilgan, duradgorlik ishlarini usto Abdusalom amalga oshirgan.


Meʼmorchiligi

tahrir

Masjidning qishki zali toʻgʻri toʻrtburchak shaklida boʻlib, janubiy-sharqiy va shimoliy tomondan ustunli ayvonlar bilan oʻrab olingan. Ayvon esa uncha baland boʻlmagan sufadan joy egallagan. Masjidning janubiy tomoni yoʻlga qaratilgan boʻlib, salomxona hovlisiga shu yoʻldan chiqiladi. Ayvonning ustki qismi bolorlar bilan yopilgan, shifti tabiiy va geometrik bezaklar, yozuvlar bilan qoplangan. Janubiy ayvon ustunlarining toqi pastga qarab tushadigan yogʻoch muqarnaslar bilan bezatilgan. Masjid 4 ta mehrobdan iborat. Masjidning qishki zali 8 ta eshikdan iborat: ayvonning shimoliy va janubiy qismlarida 3 tadan, sharqiy qismida esa 2 ta eshik joylashgan. Kirish eshiklari ayvonning janubiy qismida joylashgan boʻlib, uning supasiga maxsus zina orqali chiqilgan. Shifti 8 kv.ga boʻlingan boʻlib, markazida osma shift ajralib turibdi. Shift yogʻoch oʻymakorlik naqshlari bilan bezatilgan. Shift oʻrtasida kichkina gumbazcha boʻlib, yirik muqarnaslar bilan toʻldirilgan, gumbaz markazi muqarnas va oynalar bilan qoplangan alohida toʻrtburchak xonachalardan iborat. Chetlari esa 2 ta bezatilgan yoʻlakchalar bilan qoplangan: yuqoridagisi „girix“ bezagi bilan bezatilgan, quyi qismi takrorlanuvchi islom ramzlaridan biri „Tayyiba“ kalimasi keltirilgan. Masjidning yuqori qismi „muqarnas“ murakkab karnizi bilan qurshab olingan. Gʻarb tomondagi yuqorida joylashgan birinchi katibaga epigrafik yozuv joylashgan boʻlib, unda hijriy 1338-yil (milodiy 1919-yil) sanasi keltirilgan, yaʼni bu yozuv masjidning taʼmirlash davrini bildiradi[2].


Manbalar

tahrir
  1. Саййид Муҳаммад Носир ибн Музаффар. Таҳқиқоти Бухоро. (Бухоро арки ҳақида тадқиқот) (Форс тилидан таржима Ғулом Каримовники). Тошкент: Tafakkur, 2009 — 106-bet. 
  2. Равшанов Ў. “Бухоронинг ёзма ёдгорликлари” экспозицияси йўлкўрсатгичи, Бухоро, 2019 — 36-bet.