Surunkali kolit – yoʻgʻon ichakning shilliq qavatidagi yalligʻlanish va distrofik oʻzgarishlar bilan kechadigan kasallik[1].

Surunkali kolit

Yo'g'on ichakning ko'rinishi

Etiologiyasi va patogenezi

tahrir

Surunkali kolitning sabablari turlicha boʻlib, baʼzi hollarda oʻtkir infeksiya (bakteriyalar, dizenteriyalar, salmonellyoz va boshqalar), parazitlar (amyobiaz, balantidioz, lyambliyoz va boshqalar), ichak tomirlarining aterosklerotik zararlanishi (ishemik kolit), nurlanish (radiatsion kolit), ovqat mahsulotlariga allergiya va dori vositalarini uzoq vaqt davomida qabul qilishda yuzaga keladi.

Patogenezi etiologiyasi bilan bogʻliq boʻlgan holda, shunga mos ravishda bir-biridan farq qilsa ham, odatda yoʻgʻon ichak shilliq qavatida shish, gemorragiyalar, eroziv yarali zararlanishlar bilan kechadi[2].

Klinik koʻrinishi

tahrir

Odatda bemorlarning eng koʻp qiladigan shikoyatlari:

Yoʻgʻon ichak boʻylab ogʻriqning boʻlishi, defekatsiya va gaz ajralishidan keyin ogʻriqning kamayishi, ich kelishining buzilishi (qabziyat, ich ketishi – kun davomida 10-15 martagacha), meteorizm, qorin quldirashi va boshqalar. Yalligʻlanish jarayoni yoʻgʻon ichakning seroz qavatida yuzaga kelsa, ogʻriq doimiy boʻlib yurganda, harakatlanganda kuchayib, yotgan holatda yengillashadi.

Ishemik kolitda ovqatlanishdan soʻng va jismoniy harakatdan keyin ogʻriq kuchayadi.

Nur taʼsiridagi kolitda qabziyat va diareya tez-tez almashib, najasda qon boʻlishi bilan farqlanadi.

Dori vositalari taʼsiridagi kolitda kasallik belgilari 5-10 kundan, bir oygacha muddatda yuzaga keladi.

Kasallikning turini farqlashda ogʻriqni, defekatsiya bilan bogʻliqligini aniqlash muhim. Surunkali kolitda defekatsiyadan keyin bemorlarda yengillik hissi yuzaga kelmaydi. Qorin palpatsiyasida yoʻgʻon ichakning turli qismlarida ogʻriq va spastik qisqarishlar kuzatiladi[2].

Diagnostikasi

tahrir

Qon tahlilida gipoxrom kamqonlik, kasallikning avj olgan davrida esa leykotsitoz va uning chapga siljishi kuzatiladi.

Mikroskopik tekshiruvda najasda eritrotsitlar, leykotsitlar, gijja tuxumlari va sodda hujayralilarning kistalari aniqlanadi. Ichak surtmasi maxsus ozuqa muhitiga ekilganda koʻpincha disbakterioz kuzatiladi.

Tashxisni tasdiqlash uchun endoskopik tekshirishlar (rektoromanoskopiya va kolonoskopiya) oʻtkaziladi.

Davolash

tahrir

Kompleks davo choralarini oʻz ichiga olgan boʻlib, maxsus parhez va ich ketishini moʻtadillashtiruvchi preparatlarlar tavsiya etiladi. Shifokor koʻrsatmalariga qarab antibakterial, parazitlar va dizbakteriozga qarshi dori vositalari beriladi[3].

Profilaktikasi

tahrir

Oʻtkir ichak infeksiyalarining oldini olish, oʻz vaqtida aniqlash va davolash, ratsional ovqatlanish, shaxsiy sanitariya va gigiyena qoidalariga amal qilish kerak. Bir yilda bir marta shifokor koʻrigidan oʻtish tavsiya etiladi[2].

Manbalar

tahrir
  1. „Kolit va uning turlari“. Qaraldi: 2024-yil 4-may.
  2. 2,0 2,1 2,2 Surunkali kolit — 529-530-bet. Qaraldi: 2024-yil 4-may. 
  3. Ichki kasalliklar propedevtikasi. ziyo.uz.com — 530-bet. Qaraldi: 2024-yil 4-may. 

Havolalar

tahrir

Ichki kasalliklar propedivtikasi. Surunkali kolitlar