Surxondaryo-Qashqadaryo musiqa uslubi

Surxondaryo-qashqadaryo musiqa uslubi – oʻzbek anʼanaviy musiqasining mahalliy uslublaridan biri. Mazkur hududda yashayotgan xalqning etnik tarkibi, kelib chiqishi, tarixan qaror topgan ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlari ushbu uslubning oʻziga xosligini belgiladi. Jumladan, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari oʻzbek aholisining koʻpchilik qismi azaldan yarim koʻchmanchi hayot kechirib, asosan chorvachilik va dehqonchilik bilan shugʻullanayotganligi sababli aynan shu jarayonlarga bogʻliq xalq qoʻshiqlari salmoqli oʻrin tutadi. Masalan, Oʻzbekistonning boshqa hududlarida kam uchraydigan „sogʻim qoʻshiqlari“ („Xoʻsh-xoʻsh“, „Turey-turey“, „Churey-churey“) sogʻilayotgan jonivorlarni tinchlantirish, erkalash va ularni iydirish maqsadlarida keng qoʻllanadi. Dehqonchilik bilan bogʻliq qoʻshiqlar esa yer haydash („Qoʻshchi qoʻshigʻi“, „Shox moylash“, „Qoʻsh haydash“), hosilni oʻrish („Yozi“), xirmonda bugʻdoy yoki arpani yanchish („Mayda“), bahor kelishi („Navroʻz“ va boshqalar) va boshqa paytlarda kuylanadi. Ayniqsa, turli yigʻin va toʻylarda erkaklar tomonidan ijro etilayotgan „qarsak“ („beshqarsak“) davra oʻyin qoʻshiqlari mashhur. Anʼanaviy musiqa cholgʻulari esa asosan choʻponlar ijodiga xos sibizgʻa, gʻajir nay, ayollar tomonidan keng qoʻllanadigan changqoʻbiz, baxshilarga joʻr boʻlgan doʻmbira (yaqin oʻtmishda – qoʻbiz) bilan chegaralangan. Musiqa hayotida boshqa hududlardan farqli oʻlaroq baxshi-shoirlar va doʻmbirakashlar asosiy oʻrin tutadi. Doʻmbirada ijro etilayotgan choʻponlar mehnati bilan bogʻliq cholgʻu kuylar („Choʻponcha“, „Qoʻylarni sudrash“, „Qoʻylarni yigʻish“, „Choʻponni chaqirish“ kabi), doston kuy („Baxshi kuy“)lar keng tarqalgan. Baxshilar ijodidagi „Alpomish“, „Goʻroʻgʻli“ kabi qahramonlik dostonlari hamda turli mavzudagi termalarning ijrosida maxsus „ichki ovoz“ uslubi qoʻllanadi. Surxondaryo-ashqadaryo musiqa uslubida dostonchilikning 2 yirik markazi – Shahrisabz dostonchilik maktabi va Sherobod dostonchilik maktabi shakllangan. Soʻnggi davrlarda boshqa mahalliy musiqa uslublariga xos musiqiy anʼanalar (masalan, maqom ijrochiligi sanʼati) ham yoyila boshlagan. Hozirda Surxondaryo-Qashqadaryo musiqa uslubi koʻpgina folklor-etnografik ansambllar („Shalola“, „Boysun“ va boshqalar), estrada xonandalari (Mahmud Namozov, S. Qoziyeva) ijodiga asos boʻlmoqda, baxshilar tanlovlari, 2002-yildan oʻtkaziladigan „Boysun bahori“ xalqaro folklor festivali orqali jahon sahnasiga chiqmoqda.

Adabiyot

tahrir
  • Karomatov F., O lokalnix stilyax uzbekskoy narodnoy muziki, M., 1964.