Suvqalampir (Bodyanoy peres — Polygonum hydropiper L.) — toron turkumiga kiruvchi oʻsimlik boʻlib, uni Polygonum hydropiper nomi bilan atashgan. Ayni vaqtda ham koʻplab botanikaga oid adabiyotlar mana shu eski nomi bilan uchrab turadi. „Oʻzbekiston florasi“ asarida ushbu oʻsimlikni yana „suvzomchi“ nomi bilan ham atalgan.

Biologik morfologiyasi

tahrir

Suvqalampir torondoshlar oilasiga mansub bir yillik oʻtsimon oʻsimlik boʻlib, boʻyi 30-60 sm gacha yetadi. Poyasi tik oʻsuvchi silindirsimon, boʻgʻinli, qizgʻish rangli, asos qismidan boshlab shoxlangan. Suvqalampirning gullari oqish-yashil yki qizil rangda va mayda boʻladi. Gullari siyrak boshoqsimon toʻpgulni tashkil qiladi, mevasi uch qirrali yongʻoqcha. Mevasi 2,2-3,5 mm keladigan yongʻoqcha. Iyun-sentabr oylarida gullaydi. Mevasi avgust-oktabr oylarida yetiladi. Urugʻidan juda oson koʻpayadi.

Tarqalishi

tahrir

Suvqalampir keng tarqalgan oʻsimliklardan biri boʻlib, Yevropa, Osiyo, Shimoliy Afrika va Shimoliy Amerikaning koʻpgina davlatlarida daryo va suv yoqalarida oʻsadi. U respublikamizning Toshkent, Sirdaryo, Samarqand, Qashqadaryo, Buxoro viloyatlarining namli yerlarida, koʻpincha, ariq, jilgʻa, koʻl, zovur, xovuz boʻylarida tabiiy holda uchraydi. Suvqalampir unumdor va moʻl suvli tuproqlarda oʻsadi.

Farmasevtik xususiyati

tahrir

Suvqalampir oʻti tarkibida flavonoid, ramnazin, izoramnetin, rutin, kversitrin, giperozid, kversetin, kemfrevol, vitaminlardan C, K, karotin, qandlar, organik kislotalar, oshlovchi moddalar, oʻtkir taʼmli moddalar bor. Oʻsimlik ildizlarida esa antraglyukozidlar mavjud.

Xalq tabobatida qoʻllanishi

tahrir

Xalq tabobatida suvqalampir damlamasi bavosil, qon ketishi bilan bogʻliq ichak kasaliklari, bachadondan bemavrid qon ketganda hamda ogʻriqni qoldiruvchi sifatida davolashda ishlatiladi. Uning qaynatmasi teri kasalliklarini davolashda ishlatiladi. Jumladan, chipqon, Qorason (gangrena) kasalliklarida suvqalampir dorisidan foydalaniladi. Buning uchun 50 gr suvqalampir oʻti bilan 400gr suvdan qaynatma tayyorlanib teri atroflari yuviladi.

Oʻsimlikdan damlanma tayyorlash uchun ogʻzi yopiladigan idishga bir stakan qaynab turgan suv quyib, uning ustiga suvqalampirning maydalangan yer usti qismidan bir osh qoshiq solinadi va 1 soat davomida damlab qoʻyiladi. Soʻngra dokada suziladi. Damlamadan kuniga 3 mahal ovqatdan oldin bir qoshiqdan ichiladi.

Havolalar

tahrir

Adabiyotlar

tahrir