Suyak sinishi – shikastlanish oqibatida suyak butunligining hattoki shaklining ham buzilishi. Suyak sinishi travmatik va patologik turlarga boʻlinadi. Travmatik suyak sinishi sogʻlom suyakka toʻsatdan kuchli mexanik kuch taʼsir etishi natijasida roʻy beradi. Patologik suyak sinishi esa biror kasallik (masalan, suyak sili, suyak oʻsmasi, osteomiyelit, osteoporoz va hokazo) oqibatida moʻrt boʻlib qolgan suyakka kuchli tashqi taʼsir tufayli yuzaga keladi. Suyak sinishi yopiq yoki ochiq boʻladi. Yopiq sinishda singan joy sohasidagi teri zararlanmaydi, lekin soʻglom suyakdan deyarli farq qilmaydi. Faqat qattiq ogʻriq berishi tufayli farqlanishi mumkin. Ochiq sinishda esa teri yirtilib, suyak boʻlaklari teridan tashqariga chiqib qoladi. Ochiq suyak sinishi yopigʻiga nisbatan xavfliroq hisoblanadi, chunki teridagi yirtilgan yara orqali singan sohaga infeksiya kirib qolishi va yiringlashga sabab boʻladi. Bunda birinchi yordam uni harakatlantirmasdan dezinfeksiya qilib olish kerak. Ochiq suyak sinishi, asosan, harbiy qurollar taʼsiri va yoʻl-transport halokati tufayli yuzaga keladi.

Suyak sinishi va uning turlari: yuqorida yopiq, pastda ochiq suyak sinishi
Suyak sinishi va uning turlari: yuqorida yopiq, pastda ochiq suyak sinishi

Singan suyaklar soniga koʻra suyak sinishlari monotravma (bitta suyak sinishi) va politravma (bir nechta suyak sinishi)larga boʻlinadi. Shikastlanish nechta boʻlakka boʻlinishiga qarab oddiy (suyak ikki boʻlakka boʻlinsa) va murakkab (suyak bir necha boʻlakka boʻlinsa) turlarga boʻlinadi. Suyak boʻlaklarining shakliga koʻra suyak sinishilari koʻndalang, uzunasiga, qiya, vintsimon, T-simon, V-simon, maydalangan boʻladi. Singan suyak boʻlaklari joyidan siljimasligi yoki muskullar qisqarishi natijasida siljib ketishi mumkin boʻladi. Suyak sinishining faqat bolalarga xos boʻlgan „novdasimon sinish“ va epifizeoliz turlari ham mavjud.

Suyak boʻlaklari atrofdagi qon tomirlari va nerv tolalarini jarohatlashi mumkin. Bir nechta mayda suyaklar yoki bitta yirik suyak (masalan, son suyagi, chanoq suyagi) singanda ichki va tashqi qon ketishi tufayli travmatik shok vujudga olib keladi. Suyak sinishining tashqi koʻrinishdan absolyut (suyak kaltalashuvi, qiyshayishi, sinish sohasida kirtillash) va nisbiy (shish, ogʻriq, funksiyaning buzilishi) belgilari koʻzga tashlanadi.

Suyak sinishini davolashning konservativ (operatsiyasiz) va operativ usullari ham mavjud. Konservativ davo usullari (qoʻlda tortib yoki tana tortimi yordamida suyak boʻlaklarini toʻgʻrilash, gips bogʻlam qoʻyish), asosan, oddiy suyak sinishilarida qoʻllanadi. Murakkab suyak sinishilarida esa aksariyat hollarda operatsiya qilinadi. Operativ davo usullaridan suyak boʻlaklarini metall plastinka, shtiftlar, burama mix va tashqi fiksatsiya apparatlari (masalan, Ilizarov apparati) va hokazolar bilan mahkamlash keng tarqalgan.

Suyak boʻlaklarining bitishi singan sohada suyak qadogʻi hosil boʻlishiga asoslangan murakkab biologik jarayondir. Bitish muddati qaysi suyak singanligi, suyak boʻlaklarining va atrof yumshoq toʻqimalarining holati hamda organizmning umumiy ahvoliga bogʻliq. Mayda va koʻmik suyaklar yirik va uzun suyaklarga nisbatan, bolalar suyagi esa kattalar suyagiga nisbatan tezroq bitadi. Qariyalarda suyak bitishi sekinroq kechishi mumkin.

Suyagi singan joyni tezda mavjud narsalar (karton, faner, taxtacha va boshqalar) yoki shina qoʻyib, ustidan doka, roʻmol yoki bint bilan siqib bogʻlash va bemorni zudlik bilan tegishli kasalxonaga olib borish zarur.