Toshkent arxitektura va qurilish universiteti
Toshkent arxitektura va qurilish universiteti – Toshkent shahridagi arxitektura va qurilish yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasasi (Oʻzbekiston).
Asos solingan sanasi | 1991-yil |
---|---|
Rektori | Dr. Baxrom Tulaganov |
Manzili |
Oʻzbekiston, Toshkent, Yangi shahar koʻchasi 9A |
Veb-sayti | taqu.uz |
Tarixi
tahrirUniversitet 1991-yil 6-mayda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. A. Karimovning farmoni bilan Beruniy nomidagi Toshkent politexnika institutining arxitektura fakulteti, sanoat-qurilish fakulteti va qurilish fakulteti negizida tashkil etilgan[1][2][3].
Universitet Respublikaning arxitektura-qurilish taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha yetakchi taʼlim muassasasi boʻlib, kadrlar tayyorlash milliy dasturi boʻyicha oliy taʼlim oldiga qoʻyilgan vazifalarni bajarishga mas’uldir. Institutda „Arxitektura“, „Bino va inshootlar qurilishi“, „Muhandislik va qurilish infratuzilmasi“, „Qurilish menejmenti“ fakultetlari, shuningdek, akademik litsey, qurilish va xalqaro aloqalar boʻlimi, rahbar kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash markazi faoliyat koʻrsatgan.
Toshkent arxitektura-qurilish universiteti 350 nafar professor-oʻqituvchilar, jumladan, 28 nafar fan doktori va professorlar, 121 nafar fan nomzodi va dotsentlar faoliyat koʻrsatgan. Institut professor-oʻqituvchilarining 38,5 foizi ilmiy daraja va unvonlarga ega. Institutda 13 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va 20 ta magistratura mutaxassisligi boʻyicha ikki mingdan ortiq talaba tahsil olgan. Oʻquv jarayonida talabalar chuqur nazariy bilim va ilmiy-amaliy maslahatlar olish imkoniyatiga ega. Universitetda arxitektura va qurilish yoʻnalishi boʻyicha doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilish boʻyicha ixtisoslashtirilgan kengashlar tashkil etilgan. Fan va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash boʻlimi orqali 7 ta yoʻnalish boʻyicha ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlanadi. Institut ilmiy-tadqiqot ishlari Oʻzbekiston Respublikasining asosiy yoʻnalishlarini ishlab chiqish Davlat ilmiy-nazariy dasturiga kiritilgan.
Universitet mutaxassislari tomonidan qurilish, jamoat va turar-joy binolarini loyihalash, bino va binolarning zilzilalarga chidamliligini aniqlash, texnogen chiqindilar asosida yuqori sifatli qurilish materiallari ishlab chiqarish uchun buyurtmalar qabul qilinadi. Institutning nashriyot-tahririyat boʻlimi tomonidan darsliklar, oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar, monografiyalar va ilmiy ishlar toʻplamlari nashr etilgan.
Umumiy texnologiya va maxsus fanlarni oʻrganish, eng yangi pedagogik texnologiyalarni qoʻllash uchun fan va texnika yutuqlaridan foydalangan holda Oʻzbekiston Respublikasi qurilish sohasida rahbar kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash markazi tashkil etilgan.
Arxitektura-qurilish instituti qoshidagi akademik litsey 1996-yildan buyon faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Unda 542 nafar oʻquvchi tahsil oladi. Litseyda 3 nafar professor, 12 nafar fan nomzodi va dotsentlar dars beradi.
TAQU MDH, Osiyo va Yevropaning 20 dan ortiq yetakchi institut va universitetlari bilan shartnomalar tuzgan.
Universitetda professor-oʻqituvchilar va talabalar uchun maydoni 1075,2 m2 boʻlgan axborot-resurs markazi internet tarmogʻiga ulangan zamonaviy kompyuterlar hamda 247 958 dona elektron kitob fondi mavjud. Universitetda sport bilan shugʻullanish uchun „Paxtakor“ sport majmuasi, hududlardan kelgan talabalar uchun yotoqxona, universitetning asosiy binosida oshxona hamda fakultetlarda bufetlar mavjud.
Fakultetlar
tahrir- Arxitektura
- Texnologiya
- Muhandislik
- Menejment
Ta’lim yo‘nalishlar
tahrir- Arxitektura (turlari boʻyicha)
- Atrof-muhit muhandisligi
- Dizayn: interyer dizayni
- Dizayn: sanoat dizayni
- Geomatika muhandisligi
- Gidrotexnika va geotexnika muhandisligi
- Iqtisodiyot: tarmoqlar va sohalar boʻyicha
- Koʻchmas mulkni boshqarish
- Mehnat muhofazasi va salomatlik muhandisligi
- Menejment (tarmoqlar va sohalar boʻyicha)
- Professional taʼlim: qurilish muhandisligi (bino va inshootlar qurilishi)
- Qurilish muhandisligi (faoliyat turlari boʻyicha)
- Qurilish muhandisligi: qurilish materiallari texnologiyasi va standartlashtirish
- Urbanistika[4]
Moddiy-texnik bazasi
tahrir2017-yilda Oʻzbekiston hukumati Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek tumanida yangi universitet binosi qurilishini boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilgan. Qurilish jarayonida institutda oʻquv jarayoni Alisher Navoiy koʻchasidagi bosh binoda, shuningdek, vaqtinchalik Toshkent moliya instituti binolarida olib borilgan[5].
Xalqaro hamkorlik
tahrirToshkent arxitektura-qurilish universiteti xorijiy davlatlarning jami 95 ta nufuzli OTMlari ta’lim va ilmiy hamkorlik aloqalar o‘rnatgan hamda Germaniya, Fransiya, Italiya, Koreya Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Malayziya, Yaponiya, Rossiya Federatsiyasi, Belorussiya, Ozarbayjon, Turkmaniston, Tojikiston va Qozog‘iston kabi respublikalarning qator nufuzli oliy ta’lim va ilmiy muassasalari bilan hamkorlik qilib kelmoqda.
Universitetning iqtidorli talabalari har semestr davomida talabalar almashinuvi dasturi doirasida jahon reytingida yuqori o‘rinlarni egallagan universitetlarga tahsil olish maqsadida yuboriladi.
Universitetda qator xalqaro grantlar mavjud. Jumladan, Italiyaning Turin politexnika universiteti, Germaniyaning Vaymar-Bauxaus universiteti, Polshaning Belostok texnika universitetlari bilan hamkorlikda Erazmus+ dasturi loyihalari, Germaniyaning Potsdam amaliy fanlar universiteti bilan hamkorlikda DAAD dasturi loyihalari amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda universitetda MDH davlatlari, Turkiya, Afg‘oniston fuqarolari arxitektura, qurilish, menedjment yo‘nalishlarida tahsil olmoqdalar.
Galereyasi
tahrirManbalar
tahrir- ↑ „Система высшего образования Узбекистана: доступность, эффективность, инновации“ (ru). Агентство международной информации Trend (2016-yil 20-avgust). 2018-yil 9-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 8-dekabr.
- ↑ „Указ Президента Узбекской Советской Социалистической Республики от 06.05.1991 г. № УП-203“. Информационно-правовой портал Norma.uz. 2018-yil 9-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 8-dekabr.
- ↑ „Постановление Кабинета Министров при Президенте Узбекской ССР от 13.05.1991 г. № 130 «Об организации Ташкентского государственного технического университета, Ташкентского химико-технологического и Ташкентского архитектурно-строительного институтов»“. Информационно-правовой портал Norma.uz. 2018-yil 9-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 8-dekabr.
- ↑ „TOSHKENT ARXITEKTURA-QURILISH INSTITUTI“. Qaraldi: 2023-yil 28-noyabr.
- ↑ „Архитектурно-строительный институт получит новое здание“. Информационный портал «Новости Узбекистана» (2017-yil 3-fevral). 2018-yil 5-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 4-dekabr.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |