Tarixi olamoroyi Abbosiy (Abbosning olamni bezovchi tarixi) — nomli tarixiy asar, muallifi XVI asr eron tarixchisi Iskandarbek munshiydir.

Tarixi

tahrir

Iskandarbek munshiy XVI asrda yashagan Eron tarixchilaridan biri hisoblanadi. Tarixi olamoroyi Abbosiy (Abbosning olamni bezovchi tarixi) asarni yozib qoldirgan. Asarda Eronning 1588—1634-yillar orasidagi tarixi xronologik tartibda bayon qilingan. „Tarixi olamoroyi Abbosiy“ asari saroyda yuritilgan kundalik daftar, rasmiy hujjatlar, bayon etilgan voqealar ishtirokchilarining ogʻzaki axboroti hamda muallifning shaxsiy kuzatuvlari bilan toʻplangan maʼlumotlar asosida yozilgan[1]. „Tarixi olamoroyi Abbosiy“ muqaddima, xotima va uch jilddan iborat. Asarning I-II jildlari 1616, uchinchi jildi esa 1628-yili yozib tamomlangan. Asarning birinchi jildida Xondamirning „Habib us-siyar“, Mir Yahyo Qazviniyning „Lubb at-tavorix“ („Tarixlar magʻzi“) va boshqa asarlarga tayanib yozilgan. Unda asosan Safaviy hukmdorlar Ismoil I , Tahmasp I, Ismoil II va Sulton Muhammad Xudobanda kabi hukmdorlar tarixi umumiy tarzda yozilgan. Asarning II-III jildlari asl nusxa va mustaqil ahamiyatga ega. Ularda Eroning 1588—1628-yillar orasidagi ijtimoiy-siyosiy tarixi keng yoritib berilgan. Uchinchi jildi oxirida shoh Abbos I bilan zamondosh boʻlgan shayxlar, shoirlar, olimlar va xattotlar haqida qimmatli maʼlumotlar keltiriladi. Asar Oʻzbekiston tarixini oʻrganishda ham muhim ahamiyatga ega. Unda Oʻzbekistonning XVI asr oxiri XVII asrning birinchi choragidagi siyosiy ahvoli toʻgʻrisida noyob maʼlumotlar mavjud. Bundan tashqari, XVI asrning oxiri va XVII asrning birinchi choragida Eron bilan Buxoro xonligi munosabatlarini oʻrganishda muhim manbalardan biri hisoblanadi. Asardan ayrim parchalar B.Dorn (matni) va V. V. Velyaminov-Zernov tomonidan nashr etilgan. Asar ikki marotaba Tehronda 1896-yil toshbosma va 1956-yil chop etilgan[2].


Manbalar

tahrir
  1. Ahmedov B. Oʻzbekiston tarixi manbalari (qadimgi zamon va oʻrta asrlar). Toshkent: Oʻqituvchi, 2001 — 352-bet. 
  2. Masʼul muharrir Habibullayev N.N. Oʻzbekiston tarixi (xrestomatiya) 3-jild. Toshkent: Fan va texnologiya, 2014 — 380-bet.