Tashqi limfa tugunlari sili — koʻkrak qafasi ichi limfa tugunlaridan boshqa limfa tugunlarining sil infeksiyasi bilan zararlanishi hisoblanadi. Oʻpkadan boshqa aʼzolar silida tashqi limfa tugunlari sili yetakchi oʻrinlardan birini tashkil qilib, 30-50 % ini tashkil qiladi[1].

Etiopatogenezi

tahrir

Kasallik toʻrt bosqichdan iborat:

  • I bosqich — boshlangʻich, infiltrativ;
  • II bosqich — kazeoz;
  • III — bosqich — abssesslangan;
  • IV bosqich — oqma yarali (tipik yarali).

Tashqi limfa tugunlari silida koʻpincha boʻyin va jagʻ osti limfa tugunlari zararlanadi, qoʻltiq, chov sohalari va boshqa joylarda kasallik kamroq uchraydi. Kasallik koʻpincha surunkali kechadi. Asosan bir nechta limfa tugunlari zararlanadi. Boshlanishida kattalashgan limfa tugunlarining qattiq zanjiri aniqlansa, keyinchalik bir-biriga qoʻshilib ketib, toʻda-toʻda boʻlib joylashadi. Limfa tugunlari markazida kazeoz hosila yumshab, erib, abssessga aylanadi, yiring yorilib, oqma yara paydo boʻladi. Oqma yara limfa tugunlari silining har xil bosqichlarida kuzatilishi mumkin.

Klinikasi

tahrir

Tashqi limfa tugunlari silining klinik kechishi oʻziga xos simptomlarning yoʻqligi bilan farqlanadi. Koʻpchilik hollarda bemorlarning umumiy ahvoli qoniqarli boʻladi. Bemorlarda subfebril harorat, holsizlik, koʻp terlash, ishtaha pasayishi kuzatiladi. Tashqi limfa tugunlari sili diagnostikasida anamnez muhim ahamiyatga ega. Bemorni koʻrish, limfa tugunlarini paypaslab, silga xos xususiyatlarni aniqlash, intoksikatsiya simptomlari sildan zararlanishni tasdiqlashi mumkin.

Diagnostikasi

tahrir

Laboratoriya

tahrir

Gemogrammada anemiya, limfotsitoz, leykotsitoz, eritrotsitlar choʻkish tezligining oshishi kuzatilishi mumkin. Tashqi limfa tugunlari silida tuberkulin sinamalari 90 % gacha musbat boʻladi.

Instrumental tekshiruv

tahrir

Ultratovush tekshiruvlari limfa tugunlarining hajmini, qayerda joylashganini, sonini, tuzilishini hamda boʻyin kistasi, xavfli oʻsmalardan farqini koʻrsatadi. Gʻoyat murakkab hollarda kompyuter tomografiya tekshiruvidan foydalaniladi. Yakuniy tashxis tugunning punksiyadan yoki jarrohlik usuli bilan olib tashlangandan keyin — gistologik tekshiruv natijasida asoslanadi. Tashqi limfa tugunlari sili har xil limfadenopatiyalar ichida 25,8 — 65,9 % ni tashkil qiladi. Kasallikni limfoma, limfosarkoma, limfogranulomatoz, sarkoidoz, felinoz, nospesifik limfadenitlar bilan qiyosiy diagnostika qilish lozim.

Davolash

tahrir

Tashqi limfa tugunlari silining davolash tamoyillari, sil kimyoterapiyasining umumiy tamoyillaridan farq qilmaydi. Patogenetik va simptomatik davolash tadbirlari — immunoterapiya, vitaminlar qoʻllashdan iborat. Davolash tadbirlari oʻtkazilishi davomida, limfa bezidagi jarayon abssessga aylangan hollarda jarrohlik muolajasi — noduloektomiya operatsiyasi bajariladi[2].

Manbalar

tahrir
  1. A. M. Ubaydullayev. Sil kasalliklari, 2008, Toshkent. 
  2. A. M. Ubaydullayev. Sil kasalliklari, 2008, Toshkent.