Tiroidit – qalqonsimon bezning yalligʻlanishi. Qalqonsimon bez boʻyinning old sohasida qalqonsimon togʻay ostida joylashgan boʻlib, metabolizmni boshqaradigan gormonlar ishlab chiqaradi.

Tiroidit
Mutaxassislik Endokrinologiya
Turlari Hashimoto tiroiditi, tugʻruqdan keyingi tiroidit, oʻtkirosti tiroidit, „tinch“ tiroidit (eutireoz), dori-darmonli tiroidit, radiatsiyadan kelib chiqqan tiroidit, oʻtkir tiroidit va Riedel tiroiditi
Sabablari autoimmun holat, ba'zi infeksiyalar va dorilar
Tashxis usullari qalqonsimon bez palpatsiyasi, UTT, laborator tekshiruvlar

Klinik manzarasi

tahrir

Tiroiditning koʻpgina belgilari qalqonsimon bezning boshqa kasalliklarining belgilariga oʻxshaydi, shuning uchun baʼzan tiroiditni tashxislash qiyin boʻlishi mumkin. Qalqonsimon bez hujayralarining shikastlanishi sekin va surunkali boʻlganda umumiy gipotireoz belgilari namoyon boʻladi, bular: charchoq, vazn ortishi, depressiya, terining quruqligi va ich qotishi kabilarni oʻz ichiga oladi. Boshqa, kam uchraydigan alomatlarga oyoqlarning shishishi, tanada noaniq ogʻriqlar, diqqatning pasayishi va boshqalar kiradi. Bemor ahvoli yanada ogʻirlashganda, tiroiditning turiga qarab, koʻz atrofida shish paydo boʻlishi, yurak urishining sekinlashishi, tana haroratining pasayishi yoki yurak yetishmovchiligi belgilari paydo boʻlishi mumkin. Boshqa tomondan, agar qalqonsimon bez hujayralarining shikastlanishi oʻtkir boʻlsa, bez ichidagi gormon qon oqimiga chiqadi va bu gipertiroidizmga oʻxshash tireotoksikoz belgilarini keltirib chiqaradi. Bu belgilar vazn yoʻqotish, asabiylashish, uyqusizlik, taxikardiya va charchoqni oʻz ichiga oladi. Tiroiditda tireotoksikoz kuzatilsa ham, bu holatda gipertiroidizmda farqli ravishda qalqonsimon bez haddan tashqari faol boʻlmaydi[1].

Sabablari

tahrir

Tiroidit odatda qalqonsimon bezda autoimmun jarayon yuzaga kelishi natijasida kelib chiqadi va bu holat yalligʻlanish hamda qalqonsimon bez hujayralarining shikastlanishiga olib keladi. Ushbu kasallikka koʻpincha immunitet tizimining notoʻgʻri ishlashi sifatida qaraladi va autoimmun pankreatit, retroperitoneal fibroz hamda yuqumli boʻlmagan aortit belgilarini ham oʻz ichiga oluvchi IgG4 bilan birga kelishi mumkin deb hisoblanadi. Riedel tiroiditida ham shunday boʻladi, bu yalligʻlanishda qalqonsimon bez toʻqimalari qoʻshni aʼzolarga tarqalishi mumkin boʻlgan tolali toʻqimalar bilan almashinadi. Qalqonsimon bezga hujum qiladigan antitanalar tiroiditning koʻp turlarini keltirib chiqaradi. Tiroiditlarga bezlarda yalligʻlanishni keltirib chiqaradigan antitanalar bilan bir xil xususiyatga ega virus yoki bakteriyalar ham sabab boʻlishi mumkin, masalan, oʻtkirosti granulomatoz tiroidit infeksion jarayon hisoblanadi (de Quervain)[2]. Baʼzi odamlarda qalqonsimon bezga qarshi antitanalar ishlab chiqariladi va bunday holda tiroiditni autoimmun kasallik deb hisoblash mumkin, chunki bunda organizm qalqonsimon bezni begona toʻqima sifatida qabul qiladi[3]. Interferon, litiy, amiodaron va saraton immunoterapiyasi kabi baʼzi dorilar ham tiroiditga olib kelishi mumkin[4].

Tashxislash

tahrir

Tiroiditni tashxislashning eng keng tarqalgan va foydali usuli birinchi navbatda shifokorning qalqonsimon bezni paypaslashidir. Laborator tekshiruvlar bemorda eritrotsitlar choʻkish tezligining oshganligi, tiroglobulin darajasining koʻtarilishi va radioaktiv yodning soʻrilishi kamayganligini aniqlashga imkon beradi. Qon testlari tiroiditning turi, gipofiz bezi ishlab chiqarayotgan tireotrop gormon miqdori va organizmda qanday antitanalar mavjudligini aniqlashga yordam beradi. Baʼzi hollarda qalqonsimon bezga nima hujum qilayotganligini aniqlash uchun biopsiya talab qilinishi mumkin. 

Tasnifi

tahrir
 
Qalqonsimon bez toʻqimalarining yalligʻlanishini koʻrsatadigan mikroskopik rasm

Tiroidit – bu qalqonsimon bezning yalligʻlanishiga olib keladigan kasalliklar guruhidir. Kasallikning bir nechta turi farqlanadi: Hashimoto tiroiditi, tugʻruqdan keyingi tiroidit, oʻtkirosti tiroidit, „tinch“ tiroidit (eutireoz), dori-darmonli tiroidit, radiatsiyadan kelib chiqqan tiroidit, oʻtkir tiroidit va Riedel tiroiditi[5].

Davolash

tahrir

Ushbu kasallikni davolash usullari tashxis qoʻyilgan tiroidit turiga bogʻliq. Hashimoto tiroiditi deb nomlanuvchi eng keng tarqalgan turi uchun davolash darhol gormonterapiyani boshlashdan iborat. Bu gipotiroidizmni oldini oladi yoki davolayadi, shuningdek, bezning kattalashishini (boʻqoqni) ham oldini oladi. Biroq, Hashimoto tiroiditi dastlab qalqonsimon bezdan ortiqcha tiroid gormonlar ishlab chiqarilishi (gipertiroid holat) bilan namoyon boʻlishi mumkin. Bunday holatda bemorga faqat dam olish buyuriladi va steroid boʻlmagan yalligʻlanishga qarshi dorilar qoʻllanishi mumkin. Ammo, baʼzi bemorlar yalligʻlanishni kamaytirish va yurak urish ritmini nazorat qilish uchun steroidlarga muhtoj. Bundan tashqari, shifokorlar yurak urish tezligini pasaytirish va dastlabki gipertiroid davr yoʻqolguncha titroqlarni kamaytirish uchun beta blokatorlarni buyurishi mumkin[6].

Tarqalishi

tahrir

Tiroiditning aksariyat turlari ayollarda erkaklarga qaraganda 3-5 baravar koʻproq uchraydi. Kasallik odatda 30-50 yosh oraligʻida boshlanadi. Ushbu kasallik geografik va mavsumiy boʻlib, yoz va kuzda koʻproq uchraydi[1].

Yana qarang

tahrir

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 „Thyroiditis“. Familydoctor.org. American Academy of Family Physicians. Qaraldi: 2018-yil 8-oktyabr.
  2. „Hashimoto's Thryoiditis“. TDM. Thyroid Disease Manager. Qaraldi: 2008-yil 3-mart.
  3. Ferry. „Hashimoto's Thyroiditis Symptoms, Diet, and Treatments“. MedicineNet (2007-yil 8-sentyabr). Qaraldi: 2008-yil 9-mart.
  4. Pollack, Rena; Stokar, Joshua; Lishinsky, Natan; Gurt, Irina; Kaisar-Iluz, Naomi; Shaul, Merav E.; Fridlender, Zvi G.; Dresner-Pollak, Rivka (January 2023). "RNA Sequencing Reveals Unique Transcriptomic Signatures of the Thyroid in a Murine Lung Cancer Model Treated with PD-1 and PD-L1 Antibodies" (en). International Journal of Molecular Sciences 24 (13): 10526. doi:10.3390/ijms241310526. ISSN 1422-0067. PMID 37445704. PMC 10341615. //www.pubmedcentral.nih.gov/articlerender.fcgi?tool=pmcentrez&artid=10341615. 
  5. „Thyroiditis“ (en). www.thyroid.org. American Thyroid Association (2018). Qaraldi: 2018-yil 8-oktyabr.
  6. Ross. „Beta blockers in the treatment of hyperthyroidism“. UpToDate. Wolters Kluwer. Qaraldi: 2017-yil 27-iyul.