Virusli kasalliklar
Virusli kasalliklar, virozlar — viruslar qoʻzgʻatadigan kasalliklar. Virusli kasallikga odam, hayvon va oʻsimliklarda uchraydigan juda koʻp yuqumli kasalliklar kiradi. Odamlarda viruslar qoʻzgʻatadigan gripp, qizamiq, suv chechak va chin chechak, virusli gepatit, poliomiyelit, ensefalit, quturish, gemorragik isitma kabi kasalliklar birmuncha mukammal oʻrganilgan. Kupincha teri kasalliklarini ham viruslar paydo qilishi aniqlangan.
Hayvonlarning V. k.iga kirov (oqsim), oʻlat, ornitoz, psittakoz, parrandalar grippi, Nyukasl kasalligi, Ruft vodiysi isitmasi, qoʻylarning kataral isitmasi va b. kiradi. Ular epizootiyalar shaklida kechib, katta iqtisodiy zarar yetkazadi.
Oʻsimliklarda V. k. gʻoyat xilma-xilligi bilan ajralib turadi. Koʻpgina k,, x. ekinlari (ayniqsa, vegetativ yoʻl bilan koʻpayadiganlari) kasallanadi. Virozlar boshoqli oʻsimliklar, kartoshka, mevali, sabzavot, rezavor mevali va b. oʻsimliklarga eng koʻp zarar keltiradi. Koʻpincha, oʻsimlik hosilining kamayishiga va sifatining pasayishiga sabab boʻladi. Mas., bugʻdoy, arpa va b. oʻsimliklarga gʻumbaklanish virusi erta yuqqanda boshoqlar puch boʻladi; virusli mozaika bilan kasallangan kuzgi bugʻdoy umuman hosil bermaydi. Koʻpchilik V. k. qishloq xoʻjaligida yaqindan beri (20-asr) salbiy ahamiyatga ega boʻlib kelmoqda. V. k. oʻsimlik organizmida chuqur oʻzgarishlarga sabab boʻladi. Eng harakterli oʻzgarishlar assimilyatsiya apparatida yuz beradi. Assimilyatsiya mahsulotlari ildiz, ildizmeva, tuganak (koʻp yillik oʻsimlik turlarida qishlovchi organ boʻlib, odatda, ularda oziq moddalar saqlanadi) va oʻsimlikning boshqa kismlariga yetib bormaydi. Umuman, oʻsimliklar qator anatomik va morfologik oʻzgarishlarga uchraydi. Natijada oʻsimlik rivojlanishi susayadi va umumiy holati yomonlashib, "nasl aynish alomatlari" kuzatiladi. Assimilyatsiya mahsulotlarining barglardan oqishi ushlanib qolishi tufayli bargda kraxmal koʻpayib ketadi. Kasallikning oʻzgarish harakteriga koʻra V. k. ikki guruh: mozaikalar va sariqlarga boʻlinadi. Mozaikalarning asosiy belgisi — barg rangining olachipor boʻlishi (mas., tamaki, kartoshka, pomidor, lavlagi va b. mozaikasi); bunga xlorofilli apparatdagi oʻzgarishlar sabab boʻladi. Sariq kasali uchun umumiy xloroz (bargning rangsizlanishi), oʻsishning buzilishi, koʻpincha pakanalik harakterli; barglarning buralishi, burishishi, ularda uglevodlarning haddan tashqari toʻplanishi natijasida barglar dagʻal va moʻrt boʻlib qoladi (boshoqlilardagi gʻumbaklanish, gʻuza, kartoshka barglari buralishi va b.da).
Koʻpgina V. k.ni hasharotlar (oʻsimlik bitlari, sikadalar, tripelar, oqqanotlar, qandalalar va b.), baʼzilarini (bugʻdoyning taram-taram mozaikasi va b.) kanalar tarqatadi. Infeksiya kasal oʻsimlikdan sogʻlomiga bir-biriga tekkanida, bir-birini yengil jarohatlaganda (mas., shamol taʼsirida) oʻtishi ham mumkin. V. k.ning deyarli hammasi oʻsimlik jinssiz koʻpayganda avlodga osongina oʻtadi. Oʻsimliklarning viruslarga nisbatan oʻta sezgirligi amalda katta ahamiyatga ega. Bunda infeksiya toʻqimaning maʼlum bir qismidagina boʻlib, boshqa yerga tarqalmaydi va oʻsimlikning umumiy kasallanishi roʻy bermaydi. Himoya choralarini qoʻllash uchun V. k. belgilarini aniqlash zarur. Diagnoz qoʻyishda kasallik belgilari, hujayra ichidagi tarkibiy qism shakli, serologik reaksiya, kasallikning yuqumliligi, virus qismlarining morfologiyasi, kasallangan oʻsimlik shirasini bakteriologik filtrdan oʻtishi va b. hisobga olinadi.
Kasallikning oldini olish va kurash choralari: agrotexnik chora-tadbirlar; virus tashuvchi hasharotlarga qarshi kurash; virusga chidamli yoki oʻta sezgir navlarni ekish (qarang Oʻsimliklarni himoya qilish).
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- Virusnie bolezni rasteniy, M., 1967; Virusnie bolezni selskoxozyaystvennix rasteniy, L., 1974.
Sulton Alimuhamedov.
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |