Tishli kitlar
Tishli kitlar (Odontoceti) – kitlarning kenja turkumi. Tanasining uzunligi 1,2–20 m. Tishli kitlar tishsiz kitlaraan 1—240 tagacha tishi boʻlishi bilan farq qiladi. Burun teshigi bitta. Bosh suyagining yuz qismi asimmetrik boʻlib, pastki jagʻ kalla suyagidan kalta, uning oldingi qismi harakatsiz birikkan. Tishli kitlarning asosiy moʻljal olish (chamalash) usuli – exolokatsiya. Eshitish va tovush organlari yaxshi rivojlangan. Exolokatsiya va eshitish orqali oʻzaro bogʻlanadi, ozigʻini topadi va suv ostida moʻljal oladi. Tishli kitlar murakkab tovush signallaridan ham foydalanadi. 74 turi va 4 oilasi: kashalotlar, oʻtkir tumshuqlilar, daryo delfinlari, delfinlar bor. Koʻpchiligi gala boʻlib yashaydi. Deyarli hamma dengiz va okeanlarda tarqalgan. 2—6 yoshda jinsiy yetiladi. Baliq, bosh oyokli mollyuskalar va qisqichbaqasimonlar bilan oziqlanadi. Baʼzi turlari ovlanadi. Kashalot, kosatka, oq biqinli delfin va boshqalarning yogʻi, spermatseti hamda goʻshtidan foydalaniladi. Koʻpgina turlarining soni keskin kamaygan. Bir qancha turlari Xalqaro Qizil kitobga kiritilgan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |