Ergashev Toshturgʻun (1937 yil 15-may, Namangan viloyati – 2024 yil 25 oktyabr, Toshkent shahri) – iqtisod fanlari doktori, professor.

Ergashev Toshturgʻun
Tavalludi 15-may,1937
Namangan viloyati, Yangiqoʻrgʻon tumani, Kalishox qishlogʻi
Fuqaroligi O'zbekiston
Sohasi Konchilik muhandisi, iqtisodchi
Taʼlimi Oʻrta Osiyo Politexnika instituti
Akademik rahbarlari professor Surmilo Grigoriy Vasil'evich (Moskva sh.), Veselkov Fridrix Stepanovich (S.-Peterburg sh.)
Dini Islom

Hayoti va mehnat faoliyati

tahrir

Ergashev Toshturgʻun 1937-yil 15-mayda Namangan viloyati, Yangiqoʻrgʻon tumani Kalishox qishlogʻida tugʻilgan. Chortoq tumani Koraskon qishlog'ida oʻrta maktabni bitirgach, 1954-yilda Oʻrta Osiyo Politexnika institutining Konchilik fakultetiga oʻqishga kirgan. Mazkur bilimgohni bitirgan yosh mutaxassis 1959-yilda Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasining Konchilik boʻlimiga ishga yuboriladi. Bu yerda oʻzining sergʻayratliligi, iqtidorliligi, yangi gʻoyalarga qodirligi va ilmga chanqoqligi bilan safdoshlari orasida ajralib turadigan Ergashev 2 yil davomida samarali ilmiy tadqiqotlar olib boradi va ularning natijasi boʻyicha dissertatsiya tayyorlash va himoya qilish maqsadida 1961-yili Moskva Konchilik institutining “Konchilik sanoati iqtisodiyoti” mutaxassisligi boʻyicha aspiranturasiga oʻqishga kiradi. Uni muvaffaqiyatli tugatib, shu institut ixtisoslashgan ilmiy kengashida himoya qilgan ishi uchun iqtisod fanlari nomzodi ilmiy darajasiga sazovor  boʻladi.

1964-yildan 1982-yilga qadar Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Iqtisodiyot institutida katta ilmiy xodim, sektor va boʻlim mudiri lavozimlarida ishlaydi. Ayni shu davrda u yetuk tadqiqotchi va izlanuvchi olim sifatida taniladi, sanoatni boshqarish, korxonalarda xoʻjalik xisobi, ishlab chiqarishni iqtisodiy ragʻbatlantirish muammolari boʻyicha oʻzining ilmiy maktabini yaratadi. Bir qancha risolalar yozadi, oʻnlab fan nomzodlarini tayyorlashga muvaffaq boʻladi.

Ixtisoslashtirilgan kengashning ilmiy kotibi va a’zosi sifatida ham Oʻrta Osiyo respublikalari uchun iqtisodchi olimlar tayyorlashga oʻzining munosib hissasini qoʻshadi.

1981-yilda Oʻzbekiston sanoatida ishlab chiqarishni iqtisodiy ragʻbatlantirishning mintaqaviy muammolari mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qiladi.

1982-yilda u professorlik ilmiy unvoniga sazovor boʻladi.

1982-1984-yillarda Toshkent xalq xoʻjaligi instituti (xozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti) da siyosiy iqtisod kafedrasini boshqaradi. Soʻngra u Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Prezidiumining ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish kengashi raisining oʻrinbosari lavozimida faoliyat koʻrsatadi.

1985-yilda Toshkent Politexnika institutining Namangan filialiga rahbarlik qilish uchun yuboriladi. Bu yerda uning rahbarlik va tashkilotchilik qobiliyati toʻla namoyon boʻladi. Filialning oʻquv-laboratoriya korpuslari, talabalar turar joyi va oshxonasi kabi ob’ektlar qurilib, ishga tushiriladi. Filialning nafaqat oʻquv-laboratoriya va moddiy-texnika bazasi mustahkamlanadi, shuningdek boshqa mintaqalardan ilmiy-pedagogik kadrlar taklif etiladi, talabalar va professorlar uchun dam olish maskanlari quriladi.

Professor Ergashevning sa’y-xarakatlari natijasi oʻlaroq 1991-yilda filial asosida Namangan sanoat-texnologiya institutini tashkil etish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qarori qabul qilinadi va professor T.Ergashev shu institutning rektori etib tayinlanadi.

1998-yil fevral oyida Oʻzbekiston Respublikasi xukumatining Qaroriga binoan Namangan sanoat-texnologiya instituti Namangan muhandislik-pedagogika institutiga aylantiriladi va respublika oʻrta maxsus, kasb-xunar ta’lim tizimi uchun muhandis-pedagoglar tayyorlovchi tayanch oliy ta’lim muassasasi etib belgilanadi. Bu xol institut rektori professor Ergashev zimmasiga mutlaqo yangi va mas’uliyatli vazifalarni yuklaydi. U oʻziga xos tashabbuskorlik, gʻayrat va shijoat bilan bu vazifalarni bajarishga institutning professor-oʻqituvchilar jamoasini safarbar qiladi.

Profesor Ergashev rahbarligida institut jamoasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasi oʻlaroq Namangan muhandislik-pedagogika instituti bugungi kunda respublikaning nufuzli va yetakchi oliy oʻquv yurtlaridan biriga aylandi.

Ergashev institut rektori sifatida dunyoning 30 dan ortiq mamlakatlarida xizmat safarlarida boʻlib, Turkiya, Germaniya, Shvetsiya, Rossiya, Janubiy Koreya, Gollandiya, AQSh, Isroil, Xindiston kabi davlatlarning nufuzli oliy oʻquv yurtlari bilan akademik hamkorlik a’loqalari oʻrnatgan va institutning dunyoga tanilishiga oʻzining munosib hissasini qoʻshgan.

1998-2006-yillar davomida professor Ergashev Fargʻona vodiysi oliy oʻquv yurtlari rektorlarining Mintaqaviy kengashi raisi sifatida oliy va oʻrta maxsus ta’limni isloh qilish va rivojlantirish, mintaqaviy ilmiy-texnik muammolarini hal etish, vodiy va viloyatdagi universitetlar va institutlarning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirish saholarida alohida janbozlik koʻrsatgan.

2006-yildan umrining ohirigacha Namangan muhandislik-qurilish institutning “Menejment” kafedrasi professori sifatida faoliyat koʻrsatdi.

Ergashev tashabbuskor, kamtar, qat’iyatli, fidoiy va tajribali rahbar sifatida respublika oliy ta'lim tizimida katta obroʻ-e’tibor qozongan. U oʻzida odilona rahbarlik va samarali ilmiy pedagogik faoliyatni uygʻunlashtira olgan olimdir.

U respublika iqtisodiyot fani va oliy ta’limni rivojlantirish hamda malakali ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashga qoʻshgan xizmatlari uchun qator davlat mukofotlari bilan taqdirlangan.

Toshturgʻun Ergashevning nomi Buyuk Britaniya Xalqaro Biografiya Markazi tomonidan chop etilgan “XX asrning 2000 nafar atoqli intellektuallari” kitobiga kiritilgan.[1] 1992-yilda O'zbekiston Respublikasi Muhandislik akademiyasining akademigi etib saylangan.

Ilmiy-pedagogik ishlari

tahrir

Ergashevning ilmiy, oʻquv-uslubiy ishlari va pedagogik faoliyatining natijalari 5 ta monografiya,  3 ta darslik, 2 ta oʻquv qoʻllanma va 100 dan ortiq ilmiy maqolalarda oʻz ifodasini topdi. Uning bevosita ilmiy rahbarligida 20 dan ortiq fan nomzodi va doktorlari tayyorlangan.

Asosiy ilmiy ishlari:

  1. Эргашев Т. и др. Экономическая реформа в промышленности Узбекистана. Ташкент. «Фан», 1969
  2. Эргашев Т. и др. Фонды экономичеккого стумилирования в промышленности Узбекистана. Ташкент. «Фан», 1971
  3. Эргашев Т.  Проблемы экономического стумилирования промышленного производства. Ташкент. «Узбекистан», 1974
  4. Эргашев Т. и др. Повышение эффективности общественного производства В Узбекистане. Ташкент. «Фан», 1979
  5. Эргашев Т. и др. Экономические проблемы повышения качества промышленной продукции в Узбекистане. Ташкент. «Фан», 1980
  6. Эргашев Т. Экономические рычаги повышения эффективности производства. Ташкент. «Узбекистан», 1983.
  7. Ergashev T., Ismatov R. Iqtisodiy savodxonlik asoslari. Oʻquv qoʻllanma. Toshkent: “Sharq”, 2001.
  8. Ergashev T. Iqtisodiy atamalarning oʻzbekcha-ruscha-inglizcha lugʻati. Toshkent: “Sharq”, 2001.
  9. Ergashev T. Bozor iqtisodiyoti (kasb-xunar kollejlari uchun darslik). Toshkent: “Oʻqituvchi”, 2002. (2005 va 2012-yillarda qayta ishlangan ba to'ldirilgan)


Ilmiy taxriri ostida chop etilgan oʻquv qoʻllanmalar:

  1. Axmedov R. Avtotransportda menejment. N.: “Faxrizoda” 2000.
  2. Sirojiddinov  I., Yuldashev A. Aksiyadorlik jamiyatlarini tashkil etish va boshqarish. N.: “Faxrizoda” 2000.
  3. Abdullaev O., Ismoilov R. Kichik va oʻrta biznesni boshqarish. N.: “Faxrizoda” 2000.
  4. Yuldashev A., Sirojiddinov I. Moliyaviy menejment. N.: “Faxrizoda” 2000.
  5. Nozimov S., Eshonxujaev D. Qishloq xoʻjaligida menejment. N.: “Faxrizoda” 2000.

Manbalar

tahrir
  1. arxiv nusxasi, 2016-05-20da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2016-05-14