Tovush yozib olish (texnikada) — tovush (nutq, musiqa, qoʻshiq va boshqalar)ni tovush eltgich (magnit lenta, grammofon plastinkasi, disk va boshqalar)ga yozib olish jarayoni. Akustik va elektroakustik usullar bilan amalga oshiriladi.

Akustik usulda tovush tebranishlari yozuv (tovush) eltuvchi moddaga taʼsir qiluvchi asbobni bevosita boshqaradi. Elektroakustik usulda tovush tebranishlari mikrofon vositasida elektr tebranishlariga aylantiriladi va kuchaytirilgandan keyingina tovush eltgichga tushiriladi.

Tovush yozib olishning mexanik, fotografik va magnit tizimlari mavjud. Mexanik tizimda nina harakatlanayotgan tovush eltgichni bosib, uning sirtida tovush tebranishlari shakliga moye keluvchi ariqchalar chizadi. Tovushni tiklash (qayta eshitish)da grammofon ninasi shu ariqchalar boʻylab harakatlanib, oʻsha tebranishlarni takrorlaydi va uni membranaga uzatadi. Mexanik usulda yozib olishni 1877-yil amerikalik ixtirochi T. A. Edison birinchi boʻlib qoʻllagan. Mexanik tizimi grammofon plastinkalar ishlab chiqarishda keng qoʻllanadi.

Fotografik tizimda harakatlanayotgan kinoplyonkaga kuchi yoki shakli tovush tebranishlariga moye holda oʻzgarayotgan yorutlik nuri tushadi. Natijada tovush "suratga olingan"dek boʻladi. Tizimni 1901-yil nemis olimi E.Rumer qoʻllagan. Fotografik tizim, asosan, ovozli kinoda qoʻllanadi.

Magnit tizimda tovush tebranishlariga moye holda magnit maydonida harakatlanayotgan lentaning ayrim qismlari magnitlanib boradi. Magnit maydon esa magnit kallagi oʻramidan mikrofonning kuchli elektr toki oʻtganda hosil boʻladi. Tovushni qayta tiklashda magnit fonogrammasi harakatlanib, magnit kallagi oʻramida elektr signallari hosil qiladi (yana qarang Magnitofon). Magnit tizimni 1898-yil daniyalik muhandis V. Paulsen taklif qilgan. XX asrning 80-yillaridan tovush yozib olishning raqamli usuli ham qoʻllana boshladi. Tovush yozib olish radioeshittirish, televideniye, taʼlim-tarbiya ishlari va boshqa sohalarda muhim ahamiyatga ega.