Traktor

Og'ir yuklarini tashish uchun loyihalangan maxsus transport vositasi

Traktor (inglizcha: tractor, lot. traho — tortaman, tashiyman) — dvigatel yordamida harakatlanuvchi gʻildirakli yoki gusenitsali (zanjirli) oʻziyurar mashina. Traktor qurilish, qishloq xoʻjaligi ishlari va boshqa ishlarni bajarish, tirkama, oʻrnatma va yarim oʻrnatma jihozlarni tortish va harakatlantirish, muqim (statsionar) mashinalarni ishga tushirish uchun moʻljallangan.

Ukraina traktori HTZ-243K
Qadimgi bug 'traktori

Bugʻ mashinasi oʻrnatilgan birinchi gildirakli traktor 1830-yilda Angliya va Fransiyada paydo boʻlgan, transport va harbiy ishda ishlatilgan. 1890-yilda AQSHda qishloq xoʻjaligi ishlarida qoʻllangan. Gusenitsali traktorni Rossiyada D. A. Zagryajskiy (1837) va A. P. KostikovAlmazovlar (1889) ixtiro qilishgan. 1988-yilda rus mexanigi F. A. Blinov bugʻ mashinasi oʻrnatilgan gusenitsali traktor yasab sinovdan oʻtkazgan. 1895-yilda rus ixtirochisi Ya. V. Mamin ichki yonuv dvigateli oʻrnatilgan oʻziyurar gildirakli arava ixtiro qilgan. AQShdagi "XartParr" (HartParr) firmasi 1901-yildan boshlab ichki yonuv dvigateli oʻrnatilgan gʻildirakli traktor ishlab chiqara boshladi. 1912-yildan AQShda, keyinchalik Germaniya va boshqa mamlakatlarda gusenitsapi traktor ishlab chiqarila boshlandi. Oʻzbekistonda 1967-yil Toshkent traktor zavodida paxtaga modifikatsiya qilingan gʻildirakli traktorlar ishlab chiqarila boshladi.

Yurish qismining tipiga qarab qishloq xoʻjaligi va sanoatda ishlatiladigan traktorlar farqlanadi. Traktorlarni yaratish va ishlab chiqarish tipaj (namuna) tizimi boʻyicha amalga oshiriladi. Standartga muvofiq, tipaj tizimi quyidagi tortish sinflari (modellari)ga bo'lingan: 0,2; 0,6; 0,9; 1,4; 2; 3; 4; 5; 6; 8; 10; 15; 25; 35; 50. Bundan 0,2—8 gacha tortish sinfdagi traktorlar, asosan, qishloq xoʻjaligida, qolganlari sanoatda ishlatiladi. Ular orasida aniq farq qilinmaydi, chunki sanoat traktorlarining ayrimlari qishloq xoʻjaligi traktorlari asosida ishlab chiqariladi. Qishloq xoʻjaligi traktorlarining oʻziga xos xususiyati shundaki, ular qishloq xoʻjaligi.dagi texnologik jarayonlarning agrotexnik talablariga mos boʻladi; sanoat traktorlarining oʻziga xos xususiyati ekinlarni sugʻorish va botqoqliklarni quritish hamda yoʻllar qurish va boshqa ishlarida ishlatiladigan maxsus jihozlar (buldozer, trelyov oʻrnatiladigan va boshqalar)ning mavjudligi hisoblanadi.

Gusenitsali traktorning yurish qismi oʻrmalovchi gusenitsa (zanjir) bilan jihozlangan. Gusenitsalarning tayanch sirti katta, tuproqqa solishtirma bosimi kam, tuproq bilan yaxshi tishlashadi. Shu tufayli tortish kuchi katta, kam shataksiraydi, oʻtish qiyin joylarda yura oladi. Biroq gʻildirakli traktorga nisbatan manyovrchanligi hamda turgʻunligi past boʻladi. Gʻildirakli traktor manyovrchan, universal, yengil, ishlatish oson. Uning yoʻl tirqishi katta boʻlgani uchun ekinlarga zarar yetkazmay yura oladi. Ekin qator oralariga qarab bir oʻqdagi gʻildiraklar orasini oʻzgartirish mumkin. Toʻrt gʻildirakli traktorlarda 2 ta yoki 4 ta gʻildirak yetakchi, uch gʻildiraklarda 2 ta gʻildirak yetakchi boʻlishi mumkin.

Qishloq xoʻjaligi traktorlari umumiy ishlarga moʻljallangan (tuproqqa yoppasiga ishlov berish, ekish va boshqa uchun), universal chopiq (egatlar orasiga ishlov berish uchun); maxsus (bogʻpoliz, tokzor va boshqa uchun) xillarga boʻlinadi. Umumiy ishlarga moʻljallangan traktor yer haydash, ekin ekish, yoppasiga kultivatsiya qilish, yigʻim-terim va boshqa ogʻir ishlarda qoʻllanadi. Dvigateli kuchli, tortish kuchi katta, yoʻl tirqishi kichik boʻladi. Universal chopiq traktorlari, asosan, chopiq qilish va hosilni yigʻishda ishlatiladi. Tortish kuchi umumiy ishlarga moʻljallangan traktorlarnikidan kichik, yoʻl tirqishi ancha katta boʻladi. Uzatmalar soni koʻp, gʻildiraklar orasini qator oralarining kengligiga moslab oʻzgartirish mumkin. Maxsus traktorlar universal chopiq yoki haydov traktorlari asosida yaratiladi va, asosan, yurish qismining tuzilishi bilan farqlanadi. Masalan, paxtachilikka moslashtirilgan TTZ60.11 yoki TTZ80.11 tipidagi traktorlarda bitta oddingi va ikkita yetakchi ketingi gʻildiraklar boʻladi, keyingi koʻprik esa teleskopik qilib yasaladi.

Traktor qismlari: ostov (koʻtaruvchi qism), dvigatel, transmissiya, yurish qismi, boshqarish mexanizmi, ish va yordamchi jihozlar. Dizelli ichki yonuv dvigateli oʻrnatilgan traktorlar koʻp tarqalgan. Bunda dizel yonilgʻisining issiqlik energiyasi tirsakli valni, undan butun mashinatraktor agregatini harakatga keltiradi. Transmissiya dvigatelining mexanik energiyasi (aylantiruvchi moment, aylanish chastotasi)ni harakatlantirgichlar (yengil gʻildiraklar yoki yulduzchalar)ga uzatadi. Transmissiyaning asosiy elementlari: tishlashish muftasi, uzatmalar qutisi, asosiy va oxirgi uzatmalar, burish mexanizmi. Tishlashish muftasi yordamida dvigatel transmissiyadan ajratiladi va unga oxista ulanadi. Uzatmalar qutisi harakat tezligi va tortish kuchining kattaligi hamda yoʻnalishini oʻzgartiradi. Asosiy uzatma boʻylama vallardan harakatni koʻndalang vallarga uzatadi hamda umumiy uzatish sonini oshiradi. Oxirgi uzatma (silindrik reduktorlar) aylanish chastotasini oxirigacha pasaytiradi va yetakchi gʻildiraklar yoki yulduzchalarga uzatilayotgan aylantiruvchi momentni oshiradi, kerakli yoʻl tirqishini hosil qilishga yordam beradi. Traktorning burish mexanizmi (gʻildirakli traktorda — differensial, gusenitsali traktorda — friksion muftalar yoki planetar mexanizmlar) yurish qismining yetakchi elementlariga turli tezliklarda aylanish imkonini beradi; bu esa T.ga egribugri yoʻllarda harakatlanishga imkon beradi. Yurish qismi aylanma harakatni ilgarilanma harakatga aylantiradi, shuningdek, T.dan tushgan yukni tuproqqa uzatadi va bu bilan T.ning manyovrchanligini oshiradi. U yoʻnaltiruvchi gʻildiraklar yoki zanjirni harakatlantirgichlar va yurish qismlarini traktorning ostoviga biriktiruvchi elementlardan iborat. Boshqarish mexanizmi (rul boshqarmasi, tormozlar) alohida agregatlarni ham, butun traktorni ham boshqarishni taʼminlaydi. Zamonaviy traktor haydovchining mehnatini yengillashtirish uchun gidravlik, pnevmatik va mexanik kuchaytirgichlar bilan jihozlangan; shuningdek, ish oʻrnida kerakli sanitariyagigiyena sharoitlari yaratilgan. Ish jihozlariga tirkash qurilmalari, oʻrnatma tizimlar, quvvat olish vali, harakatlantirish shkivi, harakat tezliklarini kamaytirish uchun sekinlashtirgich, differensialni blokirovkalash tizimi, yoritish tizimi va signalizatsiya, yetakchi gʻildiraklarni vazminlashtirgich, tekshirishoʻlchash apparatlari va boshqa kiradi. Traktorning konstruksiyalari materiallar hajmini kamaytirish, dvigatelning quvvati va ish tezligini oshirish, traktorning tortish sifatini, shuningdek, mexanizatorlarning sanitariyagigiyena sharoitlarini yaxshilash boʻyicha takomillashtirilmoqda.

Toshkent traktor zavodida qismlar komplekti Xitoydan keltirib yitiladigan quvvati 30 ot kuchiga teng boʻlgan dvigatel oʻrnatilgan BY30402 va BY300 rusumli, quvvati 80 ot kuchiga teng boʻlgan dvigatel (Belorussiyadan keltiriladigan) oʻrnatiladigan TTZ8010 va TTZ8011 rusumli, quvvati 60 ot kuchiga teng boʻlgan dvigatel (Vladimir shahridan keltiriladigan) oʻrnatiladigan TTZ6010 va TTZ6011 rusumli, quvvati 100 ot kuchiga teng boʻlgan dvigatel ("Kamens" firmasidan keltiriladigan) oʻrnatiladigan TTZYUOK10 va TTZYUOK11 rusumli traktorlar ishlab chiqarilmoqda. BY300 va BY3042 rusumli traktor dehqon va fermer xoʻjaliklari uchun moʻljallangan boʻlib, ular "Oʻzqishloqxoʻjalikmashxolding" kompaniyasida ishlab chiqariladigan PN230 plugi, MO’S0,18 mineral oʻgʻit sochgichi, PPO2 sabzavot urugʻlarini sepgich, FYC02 frontalyuklagich, NO2,1 meliorativ qurollar, R 0.1 V rotatsion motiga, BZTX.OOOSB tishli boronalar agregatlanishi mumkin. TTZ100K11, TTZ8011, TTZ6011 rusumli traktorlar paxtachilik traktorlari boʻlib, qator oralari keng maydonlarda gʻoʻzaga ishlov berish va paxtani terib olish ishlarini kompleks mexanizatsiyalashtirishda oʻrnatma, yarim oʻrnatma, tirkama mashinalar va ish qurollari bilan agregatlash uchun moʻljallangan. TTZ100K10, TTZ8010, TTZ6010 rusumli traktorlar universal chopiq traktorlari boʻlib, turli xil qishloq xoʻjaligi ishlarini bajarishga moʻljallangan; ularga oʻrnatma uskunalar, tirkama mexanizmlar va boshqa ish qurollari tirkalishi mumkin.